ADLIYa BOʻLIMI FUQAROLARGA SAMARALI XIZMATLAR KOʻRSATMOQDA
Bugungi kunda tumandagi Davlat xizmatlari markazida tashkil etilgan xizmatlardan aholi unumli foydalanmoqda. Adliya boʻlimi, Davlat xizmatlari markazi, yuridik xizmat koʻrsatish markazi va fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish boʻlimi bir binoda, bir-biriga yaqin manzilda joylashgani tashrif buyuruvchilarga juda qulay boʻlmoqda.
Tuman Davlat xizmatlari markazida ayni paytda fuqarolar eski namunadagi haydovchilik guvohnomasini yangisiga almashtirish, ID-karta hamda xorijga chiqish biometrik pasportini olish kabi 280 turdan ortiq xizmatlardan foydalanmoqda. Markazda tashrif buyuruvchilarga jami 24 nafar xodim xizmat koʻrsatadi.
Tuman Adliya boʻlimida sohaga doir har qanday murojaat qonuniy koʻrib chiqilmoqda. Yil boshidan buyon Boʻlimga 108 ta murojaat kelib tushdi. Boʻlim tomonidan, nazorat tadbirlari oʻtkazilib, idoralar faoliyati oʻrganildi va oʻrganishlar davomida 86 ta qonun buzilish holatlari aniqlandi. Ushbu holatlar yuzasidan 12 ta taqdimnoma, 1 ta ogohnoma, 5 ta maʼmuriy va 1 ta jinoiy taklif kiritildi. Shuningdek, Boʻlim tomonidan inson huquqlarini ximoya qilish, fuqarolarni buzilgan huquqlarini sud orqali ximoya qilishda ham bir qancha ijobiy ishlar amalga oshirildi. Yil boshidan shu kunga qadar sudlarga 73 ta daʼvo arizalari kiritildi.
Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 20-aprel kuni “Davlat xizmatlari koʻrsatishni soddalashtirish, byurokratik toʻsiqlarni qisqartirish hamda davlat xizmatlari koʻrsatish milliy tizimini rivojlantirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 113-sonli Farmoni qabul qilingan. Ushbu Farmonga koʻra aholi va tadbirkorlik subʼektlari tomonidan 73 turdagi maʼlumotnoma va hujjatlar taqdim etish talabi bekor qilindi. Hozirgi kunda davlat organlari tomonidan ushbu maʼlumotlarni «Elektron hukumat» tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasidan foydalangan holda olish tizimi joriy etildi.
Hozirgi kunda jismoniy va yuridik shaxslar uchun davlat xizmatlari koʻrsatish koʻlamini oshirish, aholining masofadan turib, elektron davlat xizmatlaridan mustaqil foydalanish imkoniyatlarini kengaytirildi. Bu borada barcha uchun teng sharoitlarni yaratish orqali inklyuziv muhitni shakllantirish maqsadida 2022-yil 1-avgustdan davlat xizmatlaridan foydalanish uchun shaxsni identifikatsiyalashning mavjud tizim va vositalariga qoʻshimcha ravishda jismoniy shaxsni identifikatsiyalashning Mobil-ID tizimi yoʻlga qoʻyildi. Mobil-ID tizimi «Elektron hukumat» tizimi foydalanuvchilarini identifikatsiyalash boʻyicha yagona axborot tizimining tarkibiy qismi hisoblanadi va shaxsni uning mobil telefon raqami orqali identifikatsiyalashni nazarda tutadi. Shaxsni Mobil-ID tizimi yordamida identifikatsiyalash fuqaroning xohishiga koʻra davlat xizmatlari markazi, notarial idoralar va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalining mobil ilovasi orqali amalga oshirilmoqda.
Adliya boʻlimi tomonidan huquqiy targʻibot sohasida ham bir qancha ishlar amalga oshirilib kelinmoqda. Oʻtkazilgan huquqiy targʻibot tadbirlari tumandagi ommaviy axborot vositalari orqali efirga berilib borilmoqda. Gazeta va elektron axborot vositalarida huquqiy maqolalar chop etilmoqda. Shuningdek, ovul va mahallalarda, korxona-tashkilotlar va taʼlim muassasalarida ogʻzaki huquqiy targʻibotlar oʻtkazilib, fuqarolarning tushunchalari kengaytirilmoqda.
Bundan tashqari, Boʻlim xodimlari chekka hududlarda ham sayyor qabul va uchrashuvlar oʻtkazib, yangilanayotgan Konstitutsiya loyihasi, umumxalq referendumi toʻgʻrisida batafsil maʼlumotlar berishmoqda, tushuntirish-targʻibot tadbirlarini olib borishmoqda.
Xalq va jamiyat uchun muhim boʻlgan ushbu tashkilotlar aholiga samarali xizmat koʻrsatmoqda. Tezkor va qulay xizmatlardan foydalanayotgan tumanimiz fuqarolari ham bundan juda mamnun.
Bahrom Sobirov, tuman Adliya boʻlimi yetakchi maslahatchisi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶