BOʻLGʻUSI TAShABBUSKOR ZOBIT
Tumanimizdagi Oʻzbekiston mahallasida tugʻilib-oʻsgan Sohibjon Nurullayev yoshligidan Vatan himoyachisi boʻlishni orzu qilardi. U shu orzusi yoʻlida maktab oʻquvchisi ekanligidayoq oʻzini jangovar tartib-qoidalarga oʻrgatdi. Oila aʼzolari ham uning xohish-irodasini toʻgʻri tushunib, unga har tomonlama yordam berishdi. Oila boshligʻi – 44-sonli maktab direktori Amin Eshimbetov kenja oʻgʻlining oʻz orzu-havaslariga yetishuvi uchun jon kuydirdi.
Mana, Sohibjon oʻz orzulari yoʻlidagi dastlabki yutuqlarni qoʻlga kirita boshladi. U 2018-yilda 44-sonli maktabning 9-sinfini tugatgach, Xorazm viloyatidagi “Temurbeklar maktabi”ga qabul qilindi. Aʼlo xulqi va aʼlo oʻqishi bilan mazkur maktab oʻqituvchilarining eʼtiborini qozondi.
Sohibjon “Temurbeklar maktabi”ni imtiyozli ravishda tugatib, orzulari yoʻlidagi navbatdagi qadamini qoʻydi. U 2020-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasiga oʻqishga qabul qilindi. Hozirgi kunda Sohibjon akademiyaning umum-qoʻmondonlik yoʻnalishi 3-bosqich talabasidir.
Sohibjon Nurullayev akademiyada aʼlo oʻqish bilan bir qatorda boʻlgʻusi zobit sifatida vatanparvar yoshlarni tarbiyalashda tashabbuskor boʻlmoqda. U qishki taʼtil paytida tumanimizdagi 34-, 44-, 2-, 85-sonli maktab oʻquvchilari bilan uchrashuvlar oʻtkazib, harbiy oʻquv yurtiga kirish qonun-qoidalari, talablari, harbiylik tartib-intizomi, jismoniy va psixologik chiniqishlar haqida keng koʻlamda tushuntirish, targʻibot ishlarini olib bordi.
Harbiy boʻlish, Vatan himoyachilari safida turish har bir sogʻlom yigitning orzusidir. Shunday ekan, bu tadbirlardan keyin Sohibjonning izdoshlari tumanimizda yana ham koʻpayishi shubhasiz.
Sohibjonning maktab oʻquvchilari bilan boʻlgan uchrashuvlardagi “Harbiylar uchun birinchi navbatda salomatlik, jismoniy tarbiya, psixologik tayyorgarlik zarur”, deya aytgan soʻzlari har bir boʻlajak Vatan himoyachisi uchun dasturilamal boʻlishi aniq.
– Zamonaviy Vatan himoyachisi har tomonlama bilimdon boʻlishi kerak – deydi Sohibjon, – shu maqsadda men kompyuterda dasturlash sirlarini mukammal oʻrganmoqdaman. Harbiy texnikaning barcha turlarini boshqara olaman. Otish qurollarini toʻkis bilaman. Sportning voleybol turi bilan shugʻullanaman.
Tumanimizdagi yosh avlod vakillari Sohibjon kabi yigitlardan ibrat olib, Qurolli kuchlarimiz safi haqiqiy bahodirlar bilan toʻlib boraverishiga shak-shubha yoʻq.
Oʻrozali REYIMOV.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶