75-sonli maktabda “Savodxonlik bayrami” oʻtkazildi
Maktabga ilk qadam qoʻygan bolajonlarning hayajonini, quvonchlarini tasvirlash qiyin. Oʻqituvchining har bir sabogʻi ular uchun moʻʼjizalar sirini ochadi. Alifbodagi barcha harflarni oʻqish-yozishni oʻrganib, “Alifbe” kitobi bilan xayrlashuvi – “Savodxonlik bayrami” jajji oʻgʻil-qizlarning xotirasida bir umr saqlanib qoladi.
Joriy oʻquv yilida Amudaryo tumanidagi 75-sonli maktabning 1-sinfiga qadam qoʻygan 30 nafar bolajonlar uchun shu yilning 27-dekabrida oʻtkazilgan “Savodlik bayrami” tadbiri ham unutilmas taassurotlar hadya etdi.
Avvalo tadbirga oldindan tayyorlarlik koʻrilganini taʼkidlash joiz. Tantana oʻtkaziladigan kungacha sinfxona oʻquvchilarning birinchi yozuvlari, chizgan rasmlari, plastilin va qogʻozdan yasalgan qoʻl mehnati namunalari, Yangi yil bayrami bezaklari, sharlar bilan bezatildi. Eng chiroyli yozuvli daftarlar namuna qilib qoʻyildi. Bolajonlar ustozi Ardaq Saymaxanova koʻmagida sinfxonani bezashdan tashqari, tadbir uchun sheʼr, qoʻshiqlar yodlab, raqslar ham oʻrgandilar.
Nihoyat bolajonlar orziqib kutgan damlar keldi. Tadbirda maktab direktori Soliy Avazmurodov, maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari Asqar Matmurodovlar alifbe darsligidagi harflarni oʻzlashtirib, savodxon boʻlgan bolalarni qizgʻin qutladilar. Sahnaga oʻquvchilarning ustozi hamrohligida turli harflar timsoli sifatidagi chiqishlarini barcha oʻqituvchilar, oʻquvchilarning ota-onalari qarsaklar bilan olqishlashdi. Oʻquvchilar ona tilimiz alifbosidagi barcha harflar bilan boshlanadigan, shu harf taʼrifiga bagʻishlangan sheʼrlar ijro etib boʻlganlaridan soʻng, qoʻshiq, raqslar ijro etib, iqtidorlarini namoyish etdilar.
Farzandlarining ilk oʻquv yili yarmida erishgan yutuqlarini, salohiyatini kuzatib oʻtirgan ota-onalar kontsert dasturini ham qarsaklar bilan olqishlab turdilar. Ular shu elning bolalarini oʻz bolasiday ardoqlab mehr bilan taʼlim-tarbiya berayotgan muallima Ardaq Saymaxonovaga, maktabning butun oʻqituvchilar jamoasiga minnatdorchilik bildirdilar.
“Alifbe” kitobini muvaffaqiyatli oʻzlashtirgan oʻquvchilar ham boshlangʻich taʼlimning ilk yarim yilida egallagan bilimlarini intellektual oʻyinlar, qiziqarli savol-javoblar, qoʻshiq, raqslar orqali ota-onalariga, ustozlariga namoyish etib berganlaridan juda xursand boʻlishdi.
Baxtiyor bolajonlarni Qorbobo va Qorqiz ham samimiy qutlab, oʻqishlarida muvaffaqiyatlar tiladi. Sovgʻalar bilan taqdirladilar. Bu jajji bolajonlarning quvonchiga quvonch qoʻshdi. Birgalikda oʻyin-kulgu davom ettirildi.
“Savodxonlik bayram” tadbiri ularga juda manzur boʻldi.
Sevara ISMOILOVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶