UTIZBOY 15-YIL DEGANDA TUGʻILGANLIK HAQIDAGI GUVOHNOMASIGA EGA BOʻLDI
Oila kodeksiga koʻra, tugʻilishni qayd etish majburiy hisoblanadi. Fuqarolar bola dunyoga kelganidan soʻng, u hoh tibbiy muassasada, hoh uy sharoitida tugʻilgan boʻlishidan qatʼiy nazar, 1 oy ichida FHDYo organlariga murojaat qilishlari lozim. Belgilangan muddatning oʻtib ketganligi tugʻilganlikning qayd etilishiga toʻsqinlik qila olmaydi. Qayd etilgan harakatlar boʻyicha tegishli guvohnomalarni fuqarolarga taqdim etish uchun qonunchilikka binoan, FHDYo organi masʼul hisoblanadi.
2007-yil 9-oktyabr kuni Amudaryo tumanida tugʻilgan Utizov Utizboy 15 yoshga toʻlguncha shaxsini tasdiqlovchi hujjatsiz yashab kelgan. Utizboyning otasi Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi Xandurdiyev Altinbek Utizovich va onasi fuqaroligi boʻlmagan shaxs Meloʻyeva Leyla Durdiyevnalar 2005-yildan buyon birgalikda turmush oʻrtogʻining shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari boʻlmaganligi sababli qonuniy nikohdan oʻta olmasdan, sharʼiy nikoh asosida yashab kelishmoqda. Meloʻyeva Leyla shu nikohdan 2007-yil 9-oktyabr kuni Utizboyni uy sharoitida dunyoga keltirgan. Ular qonun hujjatlarini bilmasligi hamda eʼtiborsizliklari sabab, tegishli hujjatlarni rasmiylashtirishga harakat qilishmagan.
Yillar oʻtib, Utizboy taʼlim olayotgan tumandagi 25-sonli maktab maʼmuriyati va pedagoglarining tushuntirishlari natijasida ota-ona tuman FHDYo boʻlimiga murojaat qilgan.
Mazkur murojaat FHDYo boʻlimi xodimlari tomonidan oʻrganilib, koʻrilgan amaliy choralar hamda Adliya boʻlimi xodimlari tomonidan berilgan amaliy yordami, Fuqarolik ishlar boʻyicha tuman sudining hal qiluv qarori asosida Utizboyning shu onadan tugʻilganlik haqidagi fakti aniqlandi. Oradan 15-yil oʻtib, koʻpchilikning yordamida tugʻilganlik haqidagi guvohnomasiga ega boʻlgan Utizboy endilikda voyaga yetganidan soʻng, tengdoshlari kabi fuqarolik pasportini ham olib, oliy taʼlim muassasalarida tahsil olishi va oʻz huquqlaridan toʻlaligicha foydalanishi mumkin.
M.Eshmurodova, tuman FHDYo boʻlimi inspektori.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶