TIBBIY XIZMAT SIFATINI YaXShILASh YOʻLIDA
Yurtimizda soʻnggi yillarda tibbiyot sohasini rivojlantirish, onalik va bolalikni muhofaza qilish, tibbiy xizmat sifatini yanada yaxshilashga alohida ahamiyat berilmoqda. Ayniqsa, “Ona va bola sogʻligʻiga eʼtibor – jamiyatga, kelajakka eʼtibor” tamoyili asosida tibbiy xizmat sifatini oshirish borasida katta ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu oʻrinda aytish joizki, tumanimizda ham tibbiyot sohasidagi ezgu ishlarning koʻlami kengaymoqda. Hududlardagi tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasi yanada mustahkamlanib, zamonaviy tibbiy jihozlar bilan taʼminlanmoqda. Amudaryo tumani Tibbiyot birlashmasiga qarashli yangi tugʻruq majmuasining bunyod etilayotgani, qad rostlayotgani ham buning yaqqol ifodasidir.
Ayni paytda aholiga xizmat koʻrsatilayotgan tuman Tibbiyot birlashmasi tugʻruq kompleksi 95-oʻringa moʻljallangan boʻlib, shundan tugʻruq boʻlimi 60-oʻrin, homiladorlar patologiyasi boʻlimi 35-oʻrindan iborat. Muassasada 5 ta tugʻruq zali, 2 ta operatsiya xonasi mavjud. Har bir palata 4-oʻringa moʻljallangan. Lekin amaldagi tegishli sanitariya qoida va meʼyorlari talablariga asosan esa har bir palataga 2 nafardan ayol joylashtirilishi kerak. Alohida bogʻlov xonasi, muolaja xonasi, koʻrik xonalari uchun ham joy yetishmaydi.
Tugʻruq boʻlimi va homiladorlar patologiyasi boʻlimi alohida, moslashtirilgan binolarga joylashgan boʻlib, bu oʻz navbatida homilador ayollarga koʻrsatilayotgan tibbiy xizmat sifati va koʻlamiga salbiy taʼsir koʻrsatadi. Chaqaloqlar uchun intensiv terapiya xonalari maydon jihatidan talabga javob bermaydi. Bundan tashqari, qabul boʻlimida alohida kirish-chiqish uchun qulaylik yoʻq.
Oʻtgan asrning 70-yillarida qurilgan tuman Markaziy shifoxonasining tugʻruq kompleksi binosi 2012-yilda moslashtirilib kapital taʼmirlangan boʻlib, markazlashgan kanalizatsiya tizimi ham mavjud emas. Tuman Tibbiyot birlashmasida tugʻruqxona kompleksi binosining eskirganligi, amaldagi sanitariya qoida va meʼyorlari talablariga javob bermasligi, aholi va tugʻruqlar sonining tabiiy koʻpayishi hisobga olinib, yangidan zamon talablariga mos tugʻruqxona kompleksi qurilishi zarurligi boʻyicha taklif Prezidentimizga Qoraqalpogʻistonga tashrifi davomida yetkazilgan edi. Bu taklif eʼtiborga olinib, tegishli dasturga kiritildi.
Shundan soʻng, Tibbiyot birlashmasida yangi – qiymati 14,4 mlrd. soʻmga teng boʻlgan 90-oʻrinli 4 qavatli tugʻruq kompleksi zamonaviy loyihasi tasdiqlandi va qurilish ishlari boshlab yuborildi. Hozirgi vaqtda davom etayotgan qurilish ishlari “Temir beton” MChJ tomonidan olib borilmoqda. Ushbu obʼekt uchun 14,4 mlrd. soʻm mablagʻ ajratib berilgani, zamonaviy koʻrinishdagi binoni qurish ishlari boshlangani reproduktiv yoshdagi ayollar, homiladorlar va bolalarga koʻrsatiladigan tibbiy yordam sifatini oshirish va koʻlamini yanada kengaytirish masalalariga davlatimiz rahbarining alohida eʼtibori natijasidir.
Yangi loyiha asosida qurilayotgan mazkur zamonaviy imoratdagi isitish va sovutish tarmoqlari ilgʻor texnologiyalar asosida takomillashtiriladi. Katta hajmda olib borilayotgan qurilish ishlari natijasida barcha shart-sharoitlar yaratilgan bino qad rostlaydi. Shu bilan birga ushbu yangi muassasa eng zamonaviy tibbiyot asbob-uskunalari bilan jihozlanadi.
Onalar va bolalar salomatligini mustahkamlash, homiladorlarga gʻamxoʻrlik koʻrsatish, ertamiz egalarining sogʻlom tugʻilishiga sharoit yaratish maqsadida amalga oshirilayotgan bu ezgu ish tumanda tibbiy xizmat sifatini yangi bosqichga olib chiqish imkonini beradi.
O.Xudoyberganova.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶