UMUMIY OʻRTA TAʼLIM MAKTABI OʻQUVChILARI OʻRTASIDA FAN OLIMPIADASINING TUMAN BOSQIChI OʻTKAZILMOQDA
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 9-sentyabrdagi tegishli qaroriga muvofiq har yili umumiy oʻrta taʼlim maktablari oʻquvchilari oʻrtasida fan olimpiadalari oʻtkazilib kelinadi. Joriy yilda ham tuman Xalq taʼlimi boʻlimi tomonidan fan olimpiadalarini tashkil etish va oʻtkazishga katta tayyorgarlik koʻrildi. Olimpiadaning tuman bosqichini oʻtkazish uchun tumandagi 40-sonli umumiy oʻrta taʼlim maktabi binosida oʻquvchilar uchun barcha sharoit va qulayliklar yaratildi.
Jumladan, fanlar olimpiadasi oʻtkaziladigan sinfxonalar tegishli tartibda zarur jihozlar bilan taʼminlandi. Muassasada har bir fan uchun alohida koʻrsatkichlar sinfxona eshiklari va yoʻlaklar boʻyicha taqsimlanib, tartib-intizomni saqlash maqsadida navbatchilik tashkil qilindi.
12-oktyabr kuni fan olimpiadalarining tuman bosqichiga start berildi. Shu kuni 40-sonli umumtaʼlim maktabi binosida 9-11-sinf oʻquvchilari oʻrtasida matematika, ona tili va adabiyot, shuningdek, oʻzbek tili fanlaridan olimpiadaning tuman bosqichi boʻlib oʻtdi. Unda tumandagi barcha maktablarning 9-11-sinf oʻquvchilari qatnashib, ustozlari va ota-onalari ishonchini oqlashga harakat qildilar. Har bir fan uchun ajratilgan sinfxonada oʻquvchilar uchun barcha sharoitlar yaratib berildi.
16-oktyabrga qadar davom etadigan fan olimpiadalarining tuman bosqichida yuqorida koʻrsatilgan fanlardan tashqari informatika va axborot texnologiyalari, biologiya, kimyo, fizika, tarix, geografiya, rus tili va adabiyoti, qoraqalpoq tili va adabiyoti, tojik tili, ingliz tili, frantsuz tili, qozoq tili fanlaridan olimpiadalar boʻlib oʻtadi.
5 kun davom etadigan ushbu jarayonda oʻquvchilaring xavfsizlik qoidalariga rioya qilishlari nazoraga olinib, ularning kelib-ketish xarajatlari toʻliq qoplanadi.
Fan olimpiadalarining tuman bosqichi nihoyasiga yetgach, natijalar hayʼat aʼolari tomonidan umumlashtirilib Qoraqalpogʻiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligiga taqdim etiladi.
Shuningdek, olimpiada natijalaridan norozi boʻlgan oʻquvchilar belgilangan tartibda natija eʼlon qilingan kunning oʻzida apellyatsiya komissiyasiga murojaat qilishlari mumkin.
Fan olimpiadalari mamlakatimiz boʻylab 4 bosqichda oʻtkaziladi. Birinchi bosqich maktablar miqyosida sentyabr oyida, ikkinchi bosqich tumanlar miqyosida oktyabr oyida, uchinchi bosqich Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyat va Toshkent shahri miqyosida noyabr oyida hamda yakuniy bosqich Respublika miqyosida barcha fanlardan aprel-may oylarida boʻlib oʻtadi. Olimpiadaning uchinchi bosqichida, yaʼni Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyat yoki Toshkent shahri miqyosida 1-oʻrinni egallagan oʻquvchilar bazaviy hisoblash miqdorining 6 barobari, 2-oʻrin sohiblari 4 barobari, 3-oʻrin egalari esa 3 barobari miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlanadi.
Shuningdek, toʻrtinchi bosqichida 1-, 2-, 3-oʻrinlarni egallagan oʻquvchilarga Vazirlik tomonidan ixtisoslik fani boʻyicha davlat oliy taʼlim muassasalariga kirish imtihonlarida maksimal ball olish huquqini beruvchi va uch yil muddat davomida amal qiluvchi elektron sertifikatlar beriladi hamda uning alohida elektron reyestri yuritiladi.
Olimpiadaning tuman bosqichida qatnashayotgan barcha oʻquvchilarga omad tilab, keyingi bosqichlarda ham tumanimiz sharafini munosib himoya qilgan holda yuqori oʻrinlarni egallashilariga tilakdoshmiz.
Tuman hokimligining Axborot xizmati.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶