OʻzLiDep tuman Kengashiga yangi apparat rahbari tayinlandi
20-sentyabr kuni Amudaryo tumani hokimligining majlislar zalida Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasi tuman Kengashining yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Yigʻilishda tuman hokimining birinchi oʻrinbosari Rashid Salayev, partiya Qoraqalpogʻiston Respublikasi Kengashi raisining birinchi oʻrinbosari, apparat rahbari Kazbek Artikov, tumandan saylangan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi deputatlari, Xalq deputatlari tuman Kengashi deputatlari, hokimlik masʼul xodimlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.
Yigʻilishda apparat rahbari Kazbek Artikov partiyaning tuman Kengashi faoliyati haqida soʻz yuritib, apparat rahbari lavozimiga Yaxshimurod Ahmedov tayinlanganini maʼlum qildi va yigʻilish qatnashchilariga yangi rahbarning tarjimai holini hamda mehnat faoliyatini oʻqib eshittirdi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi deputati Quvonchboy Baymuratov pariyaning tuman Kengashi rahbariga yangidan boshlayotgan ish faoliyatida zafarlar tiladi. Shu bilan birga Yaxshimurod Ahmedovning deputatlik faoliyatini, insoniy fazilatlarini eʼtirof etib oʻtdi.
Yigʻilish davomida Joʻqorgʻi Kenges deputati Sanobar Xoʻjamuratova partiya xalqimizning ogʻirini yengil qilish, ularni rozi qilishga qaratilgan siyosatni amalga oshirishda va aholining kambagʻal qatlamini kambagʻallikdan chiqarish, xususan, ularni oilaviy tadbirkorlikka oʻrgatish, ish bilan taʼminlash kabi maqsadlarga katta eʼtibor qaratayotganini aytib oʻtdi. Bu borada partiyadan saylangan deputatlarning aholi bilan muntazam ravishda muloqot qilib, tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlayotganligi, oilaviy tadbirkorlik orqali aholining barcha qatlamlarini birlashtirishga erishayotganini qayd qilib, yangi rahbarning ish faoliyatiga omad tiladi.
Yigʻilish davomida soʻzga chiqqanlar partiyaning tuman Kengashi faoliyati haqida koʻplab ijobiy fikrlar bildirib oʻtishdi. Taʼkidlanganidek, partiyadan Joʻqorgʻi Kenges deputatligiga 3 nafar, tuman Kengashi deputatligiga 8 nafar deputatlar saylangan.
Bugungi kunda partiyaning tumandagi aʼzolari soni 2 ming 595 nafarni tashkil etadi. Joriy yilning shu davriga qadar 66 ta boshlangʻich partiya tashkilotlari tomonidan hisobot saylov yigʻilishlari oʻtkazilib, partiyaning ish faoliyati davomida erishilgan muvaffaqiyat va kamchiliklar sarhisob qilindi.
Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasi Amudaryo tuman Kengashidagi partiyaning deputatlik guruhi tomonidan 2022-yilning 6 oyi davomida 26 ta deputatlik soʻrovlari chiqarilgan boʻlib, deputatlik soʻrovlari ijrosi toʻliq nazoratga olingan.
Tumanda 3 nafar yosh tadbirkorlarning faoliyatini yanada rivojlantirish boʻyicha Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasi deputatlari tomonidan amaliy yordamlar koʻrsatilgan.
Yigʻilish yakunida partiyaning tuman Kengashi rahbari Yaxshimurod Ahmedov partiyaning dasturiga muvofiq ishlarni tashkil etishga, deputatlar bilan birgalikda faol ish olib borib, yoshlarning tadbirkorlik gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlash va bu orqali ishbilarmonlar safini, partiya aʼzolarini koʻpaytirishga vaʼda berdi.
Tuman hokimligining Axborot xizmati.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶