AJDODLARIMIZ FIDOYILIGIGA XIYoNAT QILMAYLIK
Men Nukusda boʻlib oʻtgan tartibsizliklarni eshitib, juda xafa boʻldim. Bu jonajon Oʻzbekistonni koʻra olmaydigan, bizning tinchligimizga raxna soluvchi salbiy kuchlar taʼsiridir. Men qoraqalpogʻistonlikman, oʻzbekman, biz qardosh-jondosh bir elmiz, qudamiz, quda-andamiz, yaqin ogʻayni, qoʻni-qoʻshnimiz. Ota-buvalarimiz bir kun janjal boʻlgan joydan 40 kun rizq ketadi, deyishgan.
Tinchlikka teng keladigan hech narsa yoʻq. Tinchlik bor joyda quvonch bor, baxt-iqbol, omad bor, kelajak bor, ravnaq bor. Toʻy-yu tomosha, farzandlarimiz xursandchiligi bor. Shunday ekan, har bir ongli inson yetti oʻlchab, bir kesishi kerak.
Keling, havoyi gaplarga uchmasdan sogʻlom fikrlab keyin toʻgʻri qaror va xulosa qabul qilaylik. Oʻzbekiston – koʻp millatli davlat, bu davlatda har bir millat vakilining urf-odati, qadr-qimmati qonuniy himoyalangan. Men barcha eldoshlar jipslashib, birgalikda aqlli fikrlab, Oʻzbekistonning, Qoraqalpogʻistonning gullab-yashnashi uchun oʻz hissalarini qoʻshadi, deb ishonaman.
Biz yoshlarga juda katta eʼtibor berishimiz kerak. Yoshlar bizning kelajagimiz, ularga toʻgʻri yoʻl koʻrsatib tarbiyalashimiz zarur. Bunda tajribali nuroniylar oʻrni katta, hozirda har bir nuroniyga 10 nafar yosh biriktirilgan. Shu yoshlarni Vatanni, elini, xalqini sevishga chaqiraylik. Unutmaylik, ota-bobolarimiz bugungi osoyishta zamonamiz uchun jonlarini fido qilishgan, qancha kunlar, tunlar qon kechishgan. Ana shu fidoyiliklarga, ajdodlarimizning mislsiz matonat va jasoratlariga xiyonat qilishga haqqimiz yoʻq.
Aminboy XOʻJAMUROTOV,
Jumurtov ShFY, mehnat faxriysi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶