Amudaryo tumanida Vazirlar Kengashi Raisi oʻrinbosarining sayyor qabuli boʻlib oʻtdi
Bugungi kunda mamlakatimizda fuqarolar bilan ishlash boʻyicha yaxlit tizim yaratildi. Muhtaram Prezidentimiz boshchiligida insonlarning muammolarini tinglash, ularni joyida bartaraf qilish, aholiga farovon turmush sharoitlarini yaratish borasida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.
Hududlarda aholi bilan uchrashish, insonlar bilan yaqindan muloqotda boʻlib, ularning muammo hamda kamchiliklarini oʻrganish, hal qilish maqsadida sayyor qabullar oʻtkazilmoqda.
Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan eʼlon qilingan “ommaviy sayyor qabullar uch oyligi” doirasida 10-iyun kuni Amudaryo tumanida ham sayyor qabul boʻlib oʻtdi.
Unda Vazirlar Kengashi Raisi oʻrinbosari Maryam Ahmedova, tuman Xalq qabulxonasi boʻlimi mudiri Erkin Rajabov, Amudaryo tumani hokimi oʻrinbosari Goʻzal Saburova, tumanda faoliyat yuritayotgan idora va tashkilot masʼullari hamda tumanning turli hududlarida istiqomat qiluvchi 30 dan ortiq faol fuqarolar ishtirok etishdi.
Qabul davomida fuqarolardan turli mazmundagi murojaatlar kelib tushdi.
Jumladan, Tosh yop ovulida istiqomat qiluvchi Azim Dushanov ovulda mobil aloqa sifati pastligi boʻyicha, Kengash Qaliyev tashqi va ichki yoʻllarni taʼmirlash masalasida, Asaloy Toʻliboyeva subsidiya asosida tikuv mashinasi olish boʻyicha amaliy yordam soʻrab murojaat qildilar.
Murojaatlar yuzasidan masʼullar biriktirilib, tez kunlarda hal qilinishiga kelishib olindi.
Yana bir fuqaro – Tosh yop ovulida istiqomat qiluvchi Nasiba Norboyevaning 2 nafar oʻgʻli Oliy taʼlim dargohida toʻlov shartnomasi asosida tahsil oladi. Oila bekasining boquvchisi yoʻqligi hamda oilaviy sharoiti hisobga olinib, yangi oʻquv yilida 1 nafar farzandining kontrakt pullari toʻlab beriladigan boʻldi.
Shuningdek, Tazaboy Begimov mahalladoshlari nomidan murojaat qilib, Tosh yop ovuliga yangidan koʻchib kelgan yosh oilalar uchun yangi simyogʻochlar oʻrnatish zarurligini aytib amaliy yordam soʻradi. Murojaat egasiga ushbu muammo tez kunda hal etilishi maʼlum qilindi.
Bundan tashqari, Ilhom Xolimbetovning 2 nafar farzandiga bogʻdorchilikni rivojlantirish uchun yer ajratib berilishi borasida qilgan murojaatiga javoban huquqiy tushuntirishlar berildi.
Sayyor qabulda hech bir murojaat eʼtiborsiz qolmadi. Fuqarolarni qiynab kelayotgan masalalar bayonnomaga kiritilib, bajarilish muddatlari belgilandi.
Bugungi kunda yurtimizning barcha hududlarida “Xalq davlat idoralariga emas, balki davlat idoralari, xalqqa xizmat qilishi kerak” tamoyili asosida oʻtkazilayotgan bu kabi sayyor qabullar aholi muammolarini hal qilishda asosiy omil boʻlib xizmat qilmoqda.
Muxtasar aytganda, bugun hech bir murojaat shunchaki qogʻozlarda qolib ketmayapti. Oʻtkazilayotgan sayyor qabullar muammolarni aniqlash, joyida hal qilish, ularni bartaraf etish maqsadlariga qaratilganligi bilan ham ahamiyatlidir.
Tuman hokimligining Axborot xizmati.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶