Gulzor mahallasida jami 90 ta xonadonli koʻp qavatli uy-joylar oʻz egalariga tantanali tarzda topshirildi
Muhtaram Prezidentimiz boshchiligida olib borilayotgan xalqchil va oqilona siyosat yurtimizning barcha hududlari yashovchi aholi hayotida oʻzining ijobiy natijasini koʻrsatmoqda. Jumladan, Amudaryo tumanining markazi, ovul va mahallalarida ham katta bunyodkorlik ishlari amalga oshirilib, mahallalar koʻrkam qiyofa kasb etmoqda.
Tumanning meʼmoriy qiyofasini yaxshilash, yangi-yangi binolar barpo qilish va hududlarni obodonlashtirish ishlari zamirida avvalo, odamlar uchun munosib turmush sharoiti yaratish maqsadi mujassamdir.
Oʻz uy-joyiga ega boʻlish har bir insonning oʻzini baxtli his qilishi, toʻkin yashashi, ezgu istaklarini roʻyobga chiqarishida muhim omillardan biri boʻlib hisoblanadi. 5-iyun kuni tumanning Gulzor mahallasi hududida barpo etilgan koʻp qavatli arzonlashtirilgan uy-joylarni oʻz egalariga topshirish marosimi boʻlib oʻtdi.
Tadbirda tuman hokimi Sultonboy Yoʻldashev, sektorlar rahbarlari, hokim oʻrinbosarlari, hokimlik masʼul xodimlari ishtirok etishdi. Dastlab, tuman hokimi Sultonboy Yoʻldashev yangi xonadon egalarini ayotlaridagi unutilmas voqea bilan samimiy tabrikladi.
Shuningdek, keyingi yillarda qurilayotgan arzonlashtirilgan uy-joylarning asosiy qismi ijtimoiy himoyaga, uy-joyga muhtoj, koʻp bolali oilalar farzandlari uchun ajratilayotgani mamlakatimizda yuritilayotgan xalqchil siyosatning yorqin namunasi ekanligini taʼkidladi.
Yangidan qurilgan uy-joylarning eng muhim afzal tomoni − bu binolarning muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanib, ijtimoiy va bozor infratuzilmasi obʼektlariga yaqin hududda joylashganidir. Yangi massivlarda qurilgan va qurilayotgan avtomobil yoʻllari, suv, gaz va elektr tarmoqlari, bolalar bogʻchalari, savdo shoxobchalari, sport maydonchalari aholining qulay shart-sharoitlarda yashashi uchun kompleks tizimni hosil qilmoqda.
Maʼlumot uchun, Gulzor mahallasi hududida 15,6 mlrd.soʻm mablagʻ evaziga 3 ta 5 qavatli, jami 90 ta xonadonli uy-joylar qurildi. Ushbu uy-joylarning qurib bitkazilgani va foydalanishga topshirilgani uy-joyga muhtoj yurtdoshlarimiz uchun katta sovgʻa boʻldi.
Tadbirda ishtirok etganlar yangi xonadonlarda toʻylar boʻlishini, oilalarida kamolga yetayotgan farzandlar ota-onasiga, el-yurtimizga munosib xizmat qiladigan ilm-maʼrifatli insonlar boʻlib voyaga yetishini, xonadon sohib va sohibalari yangi qoʻshnilar bilan ahil-inoqlikda, hamjihatlikda yashab, tumanimizning eng namunali mahallasiga aylanishiga tilakdosh boʻldilar.
Ishonamizki, yangi xonadonlarga koʻchib kirayotgan 90 ta oila davlatimiz va jamiyatimiz hayotida faol ishtiroki bilan yurtimizdagi eng ibratli oilalarga aylanishadi.
Tadbir davomida tuman hokimi Sultonboy Yoʻldashev xonadonlar egalarini tabriklab, yangi uy-joylarda yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.
Shu kundan eʼtiboran tumanimizning Gulzor mahallasida aksariyat qismi yosh oilalardan iborat boʻlgan 90 ta xonadondan iborat yangi aholi yashash maskani paydo boʻldi. Ularning yuzlarida shukronalik, hayotdan rozilik, davlatimiz siyosatidan mamnunlik tuygʻulari mujassam. Zero, mamlakatimizda olib borilayotgan odilona siyosat zamirida ham inson qadrini ulugʻlash, odamlarning hayotdan rozi boʻlib, ertangi kunga ishonch bilan yashashlariga erishish maqsadi mujassamdir.
Tuman hokimligining Axborot xizmati

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶