Uyshin mahallasida hokim va yoshlar uchrashuvi boʻlib oʻtdi
Bugungi kun yoshlari har tomonlama salohiyatga va iqtidorga ega ekanliklarini amalda isbotlamoqda. Turli soha va yoʻnalishlarda yutuqlarni qoʻlga kiritayotgan oʻgʻil-qizlarimizning muvafaqqiyati soʻzimizga isbot boʻla oladi.
Ammo, yaratilayotgan imkoniyatlar va sharoitlarga qaramasdan turli muammo va toʻsiqlarga duch kelayotgan, oʻz qiziqishi boʻyicha kasb yoki hunar egallab, iqtidorini namoyon qila olmayotgan yoshlar soni ham kam emas. Ana shunday yoshlarni qoʻllab-quvvatlash masalasi esa hokim va yoshlar uchrashuvlari orqali hal qilinmoqda.
14-aprel kuni tumanimizning Uyshin mahallasi hududida joylashgan Uyshin madaniyat markazi binosida 32 nafar faol yoshlar bilan “Hokim va yoshlar uchrashuvi” boʻlib oʻtdi.
Ochiq muloqot tarzida oʻtgan mazkur uchrashuvda tuman hokimligi masʼullari, tegishli korxona va tashkilot vakillari ishtirok etib, yoshlarning taklif va muammolaridan iborat murojaatlarini tingladilar.
Yigʻilishni tuman hokimi Sultonboy Yoʻldashev olib bordi hamda davlatimiz va hukumatimiz tomonidan yoshlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida qabul qilingan barcha qaror va farmonlar negizida Vatan kelajagini oʻz taqdirida koʻruvchi fidoiy yoshlarni tarbiyalab, voyaga yetkazishdek ezgu amallar majassam ekanini taʼkidladi.
Shuningdek, yigʻilishda yoshlarning bandligini taʼminlash, qoʻshimcha ish oʻrinlarini yaratish, yosh tadbirkorlar safini kengaytirishga qaratilgan muhim chora-tadbirlar belgilangan rejalar asosida olib borilayotgani qayd etib oʻtildi.
Shundan soʻng tuman Xalq qabulxonasi boʻlimi mudiri Erkin Rajabov Xalq qabulxonasiga oʻz muammolari bilan kelgan har bir fuqaroning murojaatlari imkon qadar bartaraf etilishiini aytib, tumanimizning chekka hududlarida istiqomat qiluvchi yoshlarning muammolari ham sayyor qabul tarzida koʻrib chiqilayotganligini va hech bir murojaat eʼtibordan chetda qolmasligini taʼkidladi.
Yigʻilish davomda mahalla yoshlaridan Azmiddin Ollamberganov, Sevara Ibrahimova, Ozoda Jalolovalar oilaviy sharoiti tufayli kontrakt-toʻlovini toʻlashda qiyinchiliklarga duch kelayotganliklarini bildirib, toʻlovlarining bir qismini qoplab berishda tuman hokimidan amaliy yordam soʻrashdi.
Undan tashqari, Baxtjon Yerkayev tuman hokimiga dehqonchilik yoʻnalishida tadbirkorlik qilish istagi borligini bildirib, qishloq xoʻjaligi maydonlaridan 25 sotix yer maydoni ajratib berilishida yordam soʻradi. Umarbek Jumaboyev esa chorvachilik yoʻnalishini yoʻlga qoʻyish uchun imtiyozli kredit ajratilishi boʻyicha amaliy yordam soʻrab murojaat qildi.
Murojaatlar tuman hokimi tomonidan alohida nazoratga olinib, oʻrnatilgan tartibda koʻrib chiqilishi va amaldagi tartib asosida murojaat egalariga yordamlar koʻrsatilishi maʼlum qilindi.
Bugun yoshlar yaratilayotgan har bir imkoniyatdan unumli foydalanishga intilmoqda. Uchrashuv davomida berilgan savollar va bildirilan muammolardan ham bilsa boʻladiki, bugun har bir oʻgʻil-qizning oʻz rejalari va maqsadlari bor. Chunki, davlatimiz tomonidan olib borilayotgan yoshlar siyosati ularni yanada ilhomlantirmoqda.
Tuman hokimligining Axborot xizmati

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶