MAKTABGAChA TAʼLIM TAShKILOTLARIDA BOLALARGA BERILAYoTGAN OZIQ-OVQAT MAHSULOTLARI SIFATI OʻRGANILDI
Oliy majlis huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarni qoʻllab-quvvatlash Jamoat fondi tomonidan moliyalashtirilgan “Sogʻlom turmush tarzi – farovon hayot asosi” loyihasi rejasiga koʻra “Taraqqiyot koʻzgusi” gazetasi tahririyati tomonidan sogʻlom turmush tarzi haqida keng tushunchalar berish maqsadida qator tadbirlar oʻtkazilmoqda. Mazkur tadbirlarda salomatlikni asrash, yuqumli kasalliklardan himoyalanish, toʻgʻri ovqatlanish, zararli odatlardan saqlanish kabilar toʻgʻrisida soha mutaxassislarini jalb etgan holda kerakli maʼlumotlar berib borilmoqda.
28-fevral kuni “Taraqqiyot koʻzgusi” gazetasi tahririyati, Amudaryo telekanali, tuman Sanitariya-epidemiologik va osoyishtalik va jamoat salomatligi boʻlimi xodimlari hamda Xalq deputatlari tuman Kengashi deputati Oybek Begimovlar tomonidan loyiha doirasida tadbir tashkil etildi. Ishchi guruh tomonidan tumandagi baʼzi maktabgacha taʼlim tashkilotlarida bolalarga beriladigan oziq-ovqat mahsulotlarining sifati, taomnomalarining toʻgʻri tashkil qilingani, zaxira mahsulotlarining saqlanish holatlari oʻrganildi.
Oʻrganishlar davomida Boyovul mahallasidagi “Shukrona” nodavlat oilaviy maktabgacha taʼlim tashkilotida 25 nafar kichkintoy tarbiyalanayotgani, ularga malakali tarbiyachi, hamshira hamda oshpaz taʼlim-tarbiya berib kelayotgani maʼlum boʻldi. Tashkilotda tarbiyalanuvchilar uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Dam olish, mashgʻulotlar oʻtkazish, hamshira xonalari kerakli inventarlar bilan jihozlangan.
Shuningdek, tashkilot oshxonasidagi sharoitlar ham oʻrganilganda, sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya qilinayotgani, oshpaz vitaminlarga boy, ham koʻrinishi, ham sifati jihatdan belgilangan meʼyorlarga javob beradigan ovqatlar tayyorlayotgani qayd qilindi. Ayniqsa, tushlik uchun hafta davomida lavlagi, sabzi, loviya, pomidor va bodringdan rang-barang salatlar tayyorlab, birinchi va ikkinchi taomlarni pishirishga ham ijodiy yondashayotgani, turli foydali ovqatlar taomnomadan oʻrin olganini ishchi guruh aʼzolari alohida eʼtirof etdilar.
Tashkilot rahbari Mehrigul Shomurodova kichkintoylarga beriladigan taomnomada vitaminlarga boy hamda toza, yaroqlilik muddati oʻtmagan mahsulotlar ishlatilishiga alohida eʼtibor qaratilib kelinayotganini taʼkidladi.
Loyiha doirasidagi oʻrganish ishlari tumandagi 8-sonli davlat maktabgacha taʼlim tashkilotida davom ettirildi. Mazkur tashkilotda 100 nafar tarbiyalanuvchiga 5 ta asosiy, 4 ta qisqa guruhlarda 12 nafar tarbiyachi taʼlim-tarbiya berib kelmoqda. Bu yerda ham oshxonaning faoliyati yaqindan oʻrganildi. Oʻrganish davomida oshxonada sanitariya-gigiyena qoidalariga amal qilingan holda ovqat tayyorlanayotgani, mahsulotlarning saqlanishiga alohida eʼtibor qaratilib kelinayotgani aniqlandi. Oshxonada taomnoma boʻyicha mazali va sifatli ovqatlar tayyorlash yoʻlga qoʻyilgan.

Tuman Sanitariya-epidemiologik ososyishtalik va jamoat salomatligi boʻlimining bolalar va oʻsmirlar gigiyenasi boʻyicha sanitariya shifokori Nigora Eshimova oʻrganishlar davomida tashkilotlar masʼullariga, oshpazlarga oshxonaning jihozlanishi, tarbiyalanuvchilarning sogʻlom ovqatlanishi, taom tayyorlash jarayonida texnologiya, sanitariya-gigiyena qoidalari, normativlariga rioya qilish boʻyicha tushunchalar berib oʻtdi. Undan tashqari, ayni koʻklam kirgan shu kunlarda bahoriy koʻkatlardan foydalangan holda vitaminlarga boy sabzavotli, mevali salatlar, sut va sut mahsulotlaridan foydalangan holda taomnomaga rang-baranglik kiritib turishni maslahat berdi. Shu bilan birga oshxonada karam shoʻrva, makaron dimlama, shovla kabi tez-tez takrorlanuvchi taomlar oʻrniga manti, osh, bulgʻor doʻlmasi kabi mazali taomlarni tayyorlashni tavsiya qildi.
Loyiha rejasiga koʻra maktabgacha taʼlim tashkilotlarida tashkil etilgan ushbu oʻrganish yakunida masʼullar tomonidan bu kabi nazorat tadbirlarini kelgusida ham muntazam ravishda oʻtkazib borishga kelishib olindi.
Ozoda Xudoyberganova.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶