YoSh KITOBXONLAR BILAN IShLAShISh MENGA ZAVQ BAGʻIShLAYDI
Mamlakatimizda Prezidentimiz tashabbusi bilan kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish boʻyicha boshlangan ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Kitob – insonning eng yaqin doʻsti, maslahatchisi, aql qayrogʻi, bitmas-tuganmas bilim manbaidir. Shu bois, xalqimiz asrlar davomida kitobni nonday aziz, moʻʼtabar va muqaddas deb hisoblagan. Hozirgi kunda ham farzandlarimiz ota-bobolarimizning shonli anʼanalarini davom ettirib, kitobxonlikni intellektual mulk darajasiga koʻtarish, kitobxonlik saviyasini yuksaltirishga qaratilgan “Eng kitobxon maktab”, “Eng kitobxon mahalla”, “Eng kitobxon oila” kabi yoʻnalishlardagi tanlovlarning faol ishtirokchilariga aylanishgan.
Men oʻz kasbim taqozosiga koʻra, yoshlarning kitob tanlash madaniyati, kitobga va uning ijodkoriga boʻlgan hurmat va eʼtiboriga alohida ahamiyat beraman. Koʻpchilik oʻquvchi-yoshlar kitobxon tengqurlariga taqlid qilib, oʻzlarini haqiqatdan ham zoʻr kitobxonday koʻrsatib kitob tanlashadi. Vaqt oʻtib, kitobni kutubxonaga qaytarishganlarida ayrimlarining kitobni ochib ham koʻrmaganiga guvoh boʻlaman. Chunki “Kitobdan qanday taassurot olding?” “Kitobdagi gʻoya senga yoqdimi?” kabi savollarga umuman javob berishaolmaydilar. Ayrim “kitobxon” bolalar esa kitobni oʻqimagani yetmaganday, sahifalari kir-chir, yirtilgan holatda qaytarishadi.
Lekin kishining dilini ogʻritadigan bir holat borki, bu haqda gapirmaslik – bolalar, yoshlar tarbiyasiga loqaydlik hisoblanadi. Kitobga mehr qoʻymagan ayrim yoshlar, oʻsmirlarga: “bugun internetda nima gap?” degan savolni berib koʻring-chi! Sayrab ketishadi, toʻxtata olmaysiz! Dunyoning qaysi hududida nelar roʻy berdi-yu, shov-shuvga toʻla sanʼat olamida nima gap? Barini ipidan-ignasigacha gapirib berishadi. Koʻpchilik oʻsmir-yoshlarning qimmatli vaqtlarini ijtimoiy tarmoqlardagi oldi-qochdi xabarlarni oʻqishga bagʻishlayotganlari juda achinarli.
Qalbimizda mamnuniyat hissini uygʻotadigan bir toifa oʻsmir-yoshlarning qoʻlidan kitob tushmasligi, ularning bu borada yuqoridagi kabi tengdoshlaridan ilmda, odob-u axloqda, fikrat olamida ancha oʻtkir, saviyasi baland, madaniyatli ekanligini anglatadi. Bunday kitobxon oʻsmir-yoshlar orzulari yoʻlida sobitqadam, shaxsiy fikriga ega, dunyoqarashi keng insonlar boʻlib voyaga yetadilar va jamiyatda oʻz oʻrnini topaoladilar.
Maktabimizda kitobxon yoshlar talaygina. Men ular bilan shugʻullanishdan, orzu-intilishlari xususida suhbatlashishdan aslo charchamayman. Aksincha, bu kitobxon oʻquvchi-yoshlar bilan boʻladigan muloqotlardan olam-olam zavq olaman. Ular orasida oʻz shaxsiy fikri, oʻz uslubiga ega havaskor shoir va shoiralar, adabiyotning nasr janrida ijod etayotgan jajji “yozuvchilar” ham bor. Maktabimizning kitobsevar yoshlaridan Shahzoda Joʻlliboyevaning “Koʻngil karvoni” ilk sheʼrlar toʻplami “Taraqqiyot koʻzgusi gazetasi” davlat nashriyotida chop etilib, ommaga tarqatildi. Shuningdek, Muhabbat Oʻrinbosarovaning “Haq niyetler” Navbahor Sarsenboyevaning “Kevil toʻlgʻovlari” ilk sheʼrlar va hikoyalar toʻplamlari ham chop etish uchun nashriyotga topshirildi. Bundan tashqari, bir guruh oʻquvchi-yoshlarning ijod namunalaridan iborat sheʼrlar, hikoyalar va ertaklar gala toʻplamini ham tayyorlab, kitob holida chop qildirish niyatidamiz.
Men bu oʻsmir-yoshlarning har bir yutugʻini koʻrib, ilmga chanqoqligidan, kitobxonlik saviyasi va madaniyati, dunyoqarashlari kengligidan quvonib ketaman. Ularning Oʻzbekiston va Qoraqalpogʻiston kelajagiga masʼul insonlar boʻlib kamolga yetishlariga juda-juda ishonaman.
Tazaxan Qdirniyazova, 3-sonli maktab kutubxonasi mudiri.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶