Kelajak sari dadil qadam
Kimki oʻz ona Vatanini, ota-onasini, tugʻishganlarini sidqildan sevsa, dunyoda loqayd yashay olmaydi. Balki, koʻngli ardogʻidagi insonlarning, yurtining ertangi kuniga oʻzini masʼul, daxldor deb biladi, ertasi bugunidan-da farahli, tinch-osoyishta boʻlishiga intiladi.
Otabekni umumtaʼlim maktabida ham, 3-sonli Amudaryo akademik litseyida ham qunt bilan oʻqib-oʻrganishga, oilasiga, Vataniga munosib farzand boʻlib kamolga yetishga undagan tuygʻular ham onasining, yurtning koriga yarash, munosib xizmat qilish orzusi boʻlsa, ajab emas.
Shu boisdan-da u dars mashgʻulotlariga faol qatnashib, har bir darsdan oʻziga kerakli bilimlarni olishga intildi, bilmaganlarini soʻrab oʻrganishdan erinmadi. Darsdan boʻsh vaqtlari darsdan tashqari qoʻllanmalarni oʻqib, oʻrganib, bilimini mustahkamladi. Natijalar esa uni talabalik baxtiga musharraf etdi.
Asli "Oq oltin” ovulida tugʻilib oʻsgan Otabek Bozorboyev joriy yilda 3-sonli Amudaryo akademik litseyini tugallab, Toshkent oliy umumqoʻshin qoʻmondonlik bilim yurtining chegara qoʻshinlari boʻlimiga hujjat topshirib, test sinovlaridan muvaffaqiyatli oʻtib, talabalikka qabul qilindi. Otabek bilan ana shu xushxabardan sarmast damlarida uchrashdik.
- Odam oʻz oldiga qatʼiy maqsad qoʻyib, chinakamiga intilsa, albatta niyatiga yetar ekan. Menga osonroq yoʻlni maslahat berganlar koʻp boʻldi, oliy harbiy bilim yurtlariga oʻqishga kirishning oʻzi boʻlmaydi, deyishdi. Biroq men ahdimdan qaytmadim. Butun vaqtimni tayyorgarlikka, oʻqib-oʻrganishga bagʻishladim. Mana, talaba boʻldim, - deydi quvonchi ichiga sigʻmay.
Orzu-intilishlari ilk gʻuncha ochgan Otabek Bozorboyev bu yutuqlarining sababchisi yurtimizda yoshlarga yaratilayotgan sharoitlar, ustozlari fidoyiligi, deb hisoblaydi.
U oliy harbiy bilim yurtini muvaffaqiyatli tugatib, Vatanimiz sarhadlari daxlsizligini saqlashga hissa qoʻshishdek ezgu niyatni koʻngliga tugib qoʻygan.
Orzularing amalga oshaversin, Otabek!

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶