Askar ulgʻaygan xonadonda
Oilada oʻgʻil farzand dunyoga kelsa, eng avvalo ota-onasining koʻngli togʻday yuksaladi. Ayniqsa, ota Vatan oldida yuzi yorugʻ boʻlganidan, oilasida boʻlgʻusi ona Yurt himoyachisi dunyoga kelganidan, shajarasining davomiyligidan shodlanadi. Bolajon xalqimizda oʻnta boʻlsa, oʻrni, qirqta boʻlsa, qiligʻi boshqa, degan ibratli hikmat esa farzandi oʻgʻil yoki qiz boʻlishidan qatʼiy nazar, oilaga, el-yurtga suyanch, ota-onaga mehr-oqibat keltirguvchi har bir farzand azizligiga ishora.
Mangʻit shahrining Doʻstlik mahallasida yashovchi Manzura Qoʻchqorova bilan Rajabboy Ortiqovlarning baxtiyor oilasida ketma-ket uch nafar qizlari tugʻilganida bu shirin-shakar qizaloqlarni oila ziynati, ota-ona davlati, deb qabul qilishdi, Allohga shukronalar aytishdi. Toʻrtinchi farzandlari oʻgʻil boʻlganida qizlariga mehri yanada ortgan Rajabboy bilan Manzuraxon: “oʻgʻlimiz oilamiz va elimiz koʻrki, koʻnglimiz dostoni boʻlsin”, degan niyatda Dostonbek deb ism qoʻyishdi.
Dostonbek 40-sonli umumtaʼlim maktabida oʻzining intiluvchanligi, epchilligi, rostgoʻyligi hamda atrofidagilarga mehribonligi bilan ustozlarining mehrini qozondi. Kundalik hayotida qatʼiy intizomga rioya qiladigan Dostonbek doimo qalbida oʻzi tengi yigitlar kabi askar boʻlish istagi bilan yashadi. 2020-yilning kuzida Amudaryo tumani mudofaa ishlari boʻlimida muddatli harbiy xizmatga chaqiriluvchilar qatorida barcha sinovlardan muvaffaqiyatli oʻtib, 2021-yilning mart oyida muddatli harbiy xizmat burchini oʻtash uchun joʻnab ketdi. Bir yildirki, Dostonbek Madrahimov Buxoro viloyatidagi harbiy qismlardan birida, tankchilar brigadasida, ona Vatan oldidagi yigitlik burchini ado etmoqda.
Ota-ona uchun farzandining kamolini koʻrishdan ham ulugʻroq baxt yoʻq. Dostonbekning oʻzi xizmat qilayotgan harbiy qismda intizomliligi, harbiy mashgʻulotlarni puxta oʻzlashtirishi, zamonaviy harbiy texnikalarga boʻlgan qiziqishi yuzasidan erishayotgan yutuqlari xususida harbiy qism qoʻmondonligi tomonidan ota-onasi Manzuraxon va Rajabboy Ortiqovlarga bildirilgan tashakkurnomalardan nafaqat Dostonbekning ota-onasi, balki butun oila aʼzolari mamnun boʻlishdi.
Uzogʻi bilan yana bir yarim, ikki oydan soʻng, oʻz xizmat burchini ado etib, jonajon Mangʻit shahriga qaytadigan Dostonbekning rejalari katta, u albatta, kelajakda OTMga kirib oʻqib, yaxshi mutaxassis boʻlish va xalqimizga, ona Vatanga munosib farzand boʻlish orzusida.
Manzuraxon va Rajabboy Ortiqovlarning ham biri-biridan aqlli, mehnatsevar farzandlaridan koʻngillari toʻq. Oʻgʻli Dostonbekning tinchlik zamonida, bundan ham muhimi, barcha shart-sharoitlari rivojlangan davlatlar darajasidagi Milliy Armiya saflarida oʻz yigitlik burchini sharaf bilan ado etayotganidan mamnun. Qolaversa, Dostonbek, garchi oilada yolgʻiz oʻgʻil boʻlsa-da, qalbida katta ixlos bilan harbiy xizmatga otlangani, xizmat burchini ado etish jarayonida ham jismonan, ham aqlan shakllangani, dunyoqarashi kengayganidan minnatdor.
Biz ijodiy guruhimiz bilan 14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni – milliy Armiya tashkil topganligining 30 yilligi arafasida Rajabboy aka Ortiqov xonadonida boʻlib, namunali va intizomli askar Dostonbek Madrahimovning onasi Manzura opani, Rajabboy ogʻa va Dostonbekning yaqinlarini qutlugʻ sana bilan muborakbod etdik. Askarning ota-onasiga, yaqinlariga ezgu tilaklarimizni izhor qilib, ularning bayramona quvonchlariga sherik boʻldik. Zero, ona Yurt himoyachilarining ota-onalari ham, Vatan posbonlari ham hamisha aziz va ardoqlidir.
Risolat IBRAGIMOVA, “Taraqqiyot koʻzgusi” gazetasi jamoatchi muxbiri.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶