XALQARO KORRUPTsIYaGA QARShI KURASh KUNIGA BAGʻIShLANGAN TADBIR TAShKIL ETILDI
Korruptsiya – davlat va jamiyatning rivojiga, xalqning adolatga boʻlgan ishonchiga jiddiy putur yetkazadigan xavfli jinoyat hisoblanadi. Shu sababdan ham mamlakatimizda ushbu jinoyatning kelib chiqish xavfini oldini olish va unga qarshi kurashish borasidagi ishlar izchillik bilan amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, xalqaro korruptsiyaga qarshi kurashish kuni deb belgilangan 9-dekabr sanasida korruptsiyaga oid huquqbuzarliklar sodir etilishining oldini olish, qonunchilik, xizmat intizomi, odob-axloq qoidalari va ichki tartib qoidalarga rioya etilishini taʼminlashga qaratilgan keng qamrovli tushuntirish va targʻibot tadbirlari tashkil etiladi.
30-noyabr kuni 82-sonli maktabda tuman Xalq taʼlim boʻlimi tashabbusi bilan Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 29 yilligi hamda xalqaro korruptsiyaga qarshi kurash kuni munosabati bilan tadbir oʻtkazildi. Tadbirda tuman Xalq taʼlimi, Adliya boʻlimi masʼullari, tumandagi 85 ta umumtaʼlim maktablari direktorlari va ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashishdi.
Tadbirda soʻzga chiqqanlar Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, Oʻzbekiston Respublikasining Koruptsiyaga qarshi kurash toʻgʻrisidagi qonuni mazmun-mohiyati xususida batafsil tushunchalar berib oʻtdilar.
Xususan, tadbir avvalida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 2003-yil 21-noyabrdagi rezolyutsiyasiga muvofiq, 2004-yildan boshlab “9-dekabr – Butunjahon korruptsiyaga qarshi kurashish kuni” sifatida nishonlanayotgani, ushbu kunda Birlashgan Millatlar Tashkiloti “Korruptsiyaga qarshi konventsiya”ni tan olganligi toʻgʻrisda maʼlumot berildi. Shuningdek, aʼzosi hisoblangan davlatlarda turli tadbirlar va aktsiyalar uyushtirilishi, plakat va tarqatma materiallar chop etilishi, ommaviy axborot vositalarida korruptsiyaga qarshi kurashish masalasidagi axborotlar faollashishi taʼkidlab oʻtildi.
Undan tashqari, korruptsiyaga qarshi kurashish borasida amaliyotga tatbiq etilayotgan huquqiy hujjatlarning ijrosini taʼminlash, xususan, davlat tashkilotlari hamda boshqa sohalarda korruptsiya harakatlarining oldini olish va ularga chek qoʻyishga oid masalalar yuzasidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar ijrosi hamda kelgusidagi vazifalar xususida soʻz yuritildi. Mamlakatimizda aholi, tadbirkorlar hamda davlat tashkiloti xodimlariga har tomonlama qulay sharoit yaratib berilayotgani, ammo baʼzi hollarda ayrim fuqarolar oʻz haq-huquqlarini yaxshi bilmasliklari tufayli taʼmagirlik, poraxoʻrlik, korruptsiya holatlari yuzaga kelayotgani, buning uchun esa, davlat va nodavlat tashkilotlar hamda tadbirkorlar oʻrtasida oʻzaro hamkorlikni yanada mustahkamlash zarur ekanligi aytib oʻtildi.
Tadbir davomida mamlakatimizda korruptsiyaga qarshi kurashishga qaratilgan muhim huquqiy hujjatlar ijrosini taʼminlash nafaqat bu illatning oldini olish, davlat va jamiyat taraqqiyotiga xizmat qilishi taʼkidlandi. Taʼlim tizimi xodimlari oʻrtasida odob-axloq qoidalariga rioya etish, korruptsiya bilan bogʻliq qonunbuzarlik holatlari haqida tegishli joylarga xabar berish, ularning oldini olish va bartaraf etishga oid masalalar yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.
Tadbirda ishtirok etgan soha xodimlari davlat tashkilotlari tomonidan oʻtkazilayotgan bu kabi tadbirlar jamiyatda huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishni taʼminlashi, ularning profilaktikasi samaradorligini oshirish hamda aholining huquqiy bilimlarini yanada boyitishga xizmat qilishini taʼkidlab, tashkilotchilarga oʻz minnatdorchiliklarini bildirishdi. Shuningdek, barcha savollarga batafsil javoblar berilib, ishtirokchilarning huquqiy tushunchalari kengaytirildi.
M.Matyusupov, tuman Adliya boʻlimi boshligʻi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶