1-dekabr – qoraqalpoq tiliga davlat tili maqomi berilgan kun munosabati tadbir oʻtkazildi
1-dekabr – qoraqalpoq tiliga davlat tili maqomi berilgan kun sifatida xalqimiz tomonidan keng nishonlanadi. Umumtaʼlim maktablarida, jamoat tashkilotlarida ham qoraqalpoq tili bayramiga bagʻishlangan adabiy uchrashuvlar, maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkaziladi.
27-noyabr kuni Amudaryo tumani xalq taʼlimi boʻlimiga qarashli 28-sonli maktabda qoraqalpoq tiliga davlat tili maqomi berilgan kun munosabati bilan “Til ǵaziyneler qorǵanı” mavzusida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir boʻlib oʻtdi. Tadbirni maktabning qoraqalpoq tili fani oʻqituvchisi Dilbar Jumanazarova olib bordi va maktabning maʼnaviy-maʼrifiy, tarbiyaviy ishlar boʻyicha direktor oʻrinbosari Hamdam Jumatov ochib, qoraqalpoq tili Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududida oʻzbek tili bilan bir xil maqomda amal qilinishi, barcha turdagi rasmiy hujjatlar oʻzbek va qoraqalpoq tillarida yuritilishi haqida toʻxtalib oʻtdi.
Shundan soʻng, 11-sinf oʻquvchilari tomonidan tayyorlangan “Til - millet negizi” mavzusidagi maʼruza oʻqildi.
6“A”-sinf oʻquvchilari qoraqalpoq shoirlarining til, Vatan haqidagi sheʼrlaridan parchalar aytdilar. 8 “A”-sinfning qizlar jamoasi “Qoraqalpoq” qoʻshigʻiga guruh boʻlib raqsga tushdilar. 11-sinf qizlari “Doʻstlik” mavzusida sahna koʻrinishlari tayyorlab, oʻz iqtidorlarini namoyon etdilar. 11-sinf qizlari esa “Qoraqalpogʻim” qoʻshigʻiga raqsga tushishib, qoraqalpoq xalqining jozibali raqslarini mahorat bilan namoyish etdilar.
Tadbirda maktab oʻquvchilari hamjihatlik bilan faol qatnashdilar. Har bir ishtirokchi oʻzining qoraqalpoq tili va madaniyatiga hurmat-ehtiromi cheksizligi haqida faxrlanib soʻzladilar.
Tadbir davomida oʻquvchilar Ajiniyaz, Kunxoʻja, Abay Qunanbay uli ijodi va faoliyati haqida maʼruzalar oʻqidilar. Berdaq hamda Ajiniyaz bobolarining sheʼrlarini yoddan aytib berishdi. Shu bilan birga, ularning bugungi kunda ham taniqli oʻzbek, qoraqalpoq, hatto qozoq va turkman xalqlari tomonidan sevib kuylanayotgan, xalqimiz qalbidan munosib joy olgan qoʻshiqlarining mazmun-mohiyati xususida fikr yuritishdi. Hikmatlar xazinasiga aylangan Ajiniyaz, Kunxoʻja, Berdaq va Abay Qunanbay oʻgʻli, XX asr oxiri va hozirgi zamon qoraqalpoq adabiyotining yirik namoyondalari Oʻzbekiston Qahramonlari Toʻlepbergen Qayipbergenov, Ibroyim Yusupov, Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Kenesboy Karimov, Qoraqalpogʻiston xalq shoirasi Nabiyre Toʻreshovalarning ijodlaridan namunalar oʻqidilar.
Tadbir davomida oʻquvchilar qoraqalpoq tilining soʻz boyligini ifoda etuvchi qoraqalpoq xalq maqollari va ularning mazmun-mohiyati haqidagi fikrlarini bildirdilar.
Boʻlib oʻtgan tadbir oʻz mazmun-mohiyati bilan oʻquvchi-yoshlar qalbida millatlararo totuvlik, doʻstlik va bagʻrikenglik tuygʻularini yanada mustahkamlash, ularni qardosh xalqlar tili, madaniyati va maʼnaviyatiga hurmat-ehtirom ruhida tarbiyalashga qaratilgani bilan muhim ahamiyat kasb etdi.
Robiya YOʻLDOShEVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶