BOLALARNI YOʻL-TRANSPORT HODISALARIDAN ASRASh MAVZUSIDA TADBIR BOʻLIB OʻTDI
Ota-bobolarimizning ostona hatlab uydan chiqayotgan odamni “oy borib, omon qayt”, deya duo qilishlari bejiz emas. Chunki oʻzini kelajakda nimalar kutayotganini hech kim bilmaydi. Shu asnoda xoh transportda, xoh piyoda boʻlsa-da, yoʻlda harakatlanish qoidalariga amal qilish – uning xavfsizligini taʼminlaydi, albatta.
Keyingi yillarda yoʻl-transport hodisalarining koʻpayayotgani barchani tashvishlantiradi. Yoʻllarda harakatlanish chogʻida haydovchilarning tezlikni meʼyoridan oshirishi, qarama-qarshi harakat yoʻliga chiqishi, spirtli ichimliklar isteʼmol qilgan holda trasport boshqarishi, yoʻllarda harakatlanish qoidalariga amal qilmasligi buningdek hodisalarga sabab boʻlayotir.
Shuningdek, yoʻllarda piyodalarning ham yoʻl belgilariga boʻysunmay harakatlanishi baʼzan koʻngilsizliklar bilan tugamoqda. Buningdek hollarning oldini olish maqsadida tuman Ichki ishlar boʻlimi yoʻl patrul xizmati boʻlinmasi xodimlari koʻpgina chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda, yoʻllarda harakat xavfsizligi qoidalariga amal qilinishi qatʼiy nazorat qilinmoqda.
Shuni alohida taʼkidlash joizki, yoʻl-trasport hodisalarining sodir boʻlishiga baʼzan piyodalar ham sababchi boʻladilar, serqatnov yoʻllarda belgilanmagan joydan kesib oʻtish yoxud yoʻlning trasport vositalari qatnov qismidan yurish kabi qoidabuzarliklar shular jumlasidandir.
Buningdek holatlarning, ayniqsa, voyaga yetmaganlar bilan bogʻliq yoʻl-trasport hodisalarining oldini olish borasida salmoqli ishlar olib borilayotir.
Shu yilning 26-noyabrida tumanimizdagi 76-sonli umumiy oʻrta taʼlim maktabida tuman Ichki ishlar boʻlimi yoʻl patrul xizmati boʻlinmasi tashabbusi bilan oʻtkazilgan tadbir ham shu maqsadga qaratildi.
Tadbirda maktab oʻqituvchilari, oʻquvchilari, ularning ota-onalari ishtirok etdilar. Unda tuman Ichki ishlar boʻlimi boshligʻi oʻrinbosari Muxtor Rahmatullayev, boʻlim Yoʻl patrul xizmati boʻlinmasi boshligʻi Dilshod Aminovlarning yoʻllarda xavfsiz harakatlanish lozimligi, oʻquvchi yoshlarni yoʻl transport hodisalaridan ehtiyot qilish lozimligi xususida maʼruza qildilar.
Bolalar – har bir oilaning umid gʻunchalari, ota-ona umrining davomchilaridir! Yoʻllarda ularni turli tasodiflardan, baxtsiz hodisalardan himoya qilishda ota-onalarning ham roli ulkan. Ular oʻz farzandlarini, ayniqsa boshlangʻich sinflar oʻquvchilarini imkon qadar taʼlim muassasasiga olib kelib, olib ketishlari lozim. Shuningdek, yoʻllarda sodir boʻlayotgan koʻngilsizliklar yoʻl harakati qoidalariga amal qilmaslik oqibatida kelib chiqayotganini tushuntirishlari lozim. Chunki tumanimizda ham bolalar ishtirokida yoʻl-trasport hodisalari uchrab turibdi. Shu yil noyabr oyining oʻzida bolalar ishtirokida 2 ta yoʻl transport hodisasi sodir boʻldi va 3 nafar bola turli darajada jarohat oldi. Bundan hamma oʻziga tegishli xulosa chiqarish lozimligi maʼruzalarda taʼkidlandi.
Tadbirda oʻqituvchilar va ota-onalar ham mavzu yuzasidan oʻz fikr-mulohazalarini bildirdilar.
O.RAJABOVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶