Ehtiyojmand oilalar farzandlariga qishki kiyim-bosh berildi
Mamlakatimizda kam taʼminlangan oilalar, xotin-qizlar va yoshlarni qoʻllab-quvvatlash, ularning bilim olish imkoniyatlarini kengaytirish hamda kam taʼminlangan oilalar farzandlarining umumtaʼlim muassasalarida kuni uzaytirilgan guruhlarda oʻqishini moddiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash maqsadida 2021-yilning 16-avgustida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Kam taʼminlangan oilalar farzandlarining umumtaʼlim muassasalaridagi kuni uzaytirilgan guruhlarda oʻqishini moddiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Mazkur qaror bilan ijtimoiy himoya va har tomonlama koʻmakka muhtoj oilalar farzandlarining bilim olish imkoniyatlari yanada kengaytirildi.
4-noyabr kuni Amudaryo tumani Mahalla va oilani qoʻllab quvvatlash boʻlimi binosida tuman hokimligi tashabbusi bilan kam taʼminlangan oilalar farzandlariga qishki kiyim-bosh berildi.
Tadbirda tuman hokimi Sultonboy Yoʻldashev, sektorlar rahbarlari, tuman hokimi oʻrinbosari Mahmud Shermetov, tuman Xalq taʼlimi boʻlimi masʼullari ishtirok etdilar.
Tadbirda tuman hokimi Sultonboy Yoʻldashev soʻzga chiqib, mazkur xayrli ish tumanimizdagi ehtiyojmand oilalarni yanada qoʻllab-quvvatlash, kam taʼminlangan oilalar farzandlarining sifatli va tizimli umumiy oʻrta taʼlim olishiga amaliy yordam berish, moddiy jihatdan qiynalgan oilalar farzandlarini qishki kiyim bilan taʼminlanishiga yordam berish maqsadida amalga oshirilayotganini taʼkidlab, umumiy oʻrta taʼlim maktablarida taʼlim olayotgan ijtimoiy himoyaga muhtoj oʻquvchilardan 60 nafariga qishki kiyim-boshlarni taqdim etdi.
Bu xayrli ishda tumanimizdagi eng ilgʻor va tashabbuskor tadbirkorlardan biri Tamara Yusupova rahbarlik qilayotgan “Tamara tekstil” masʼuliyati cheklangan jamiyatining hissasi katta boʻldi. Jamiyat tomonidan oʻquvchilarga beriladigan qishki kiyim-boshlar sifatli, qulay hamda zamonaviy urfda tayyorlangan.
Shu oʻrinda aytish kerakki, bugungi kunda tumanimizda Xalq taʼlimi boʻlimiga qarashli 85 ta umumtaʼlim maktablari faoliyat yuritayotgan boʻlib, ularda 37 ming 965 nafar oʻquvchilar taʼlim-tarbiya olib kelmoqdalar. Oʻquvchilarning qish mavsumida sifatli taʼlim-tarbiya olishlari uchun umumtaʼlim maktablarida keng koʻlamli kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari olib borildi. Taʼlim maskanlari binolaridagi mavjud kamchiliklar aniqlanib, ularni mavsumga tayyorlash boʻyicha qurilish-taʼmirlash va obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. Maktablarni qishki mavsumda issiqlik va elektr energiyasi bilan taʼminlash choralari koʻrildi.
Tadbirda soʻzga chiqqan masʼullar soʻnggi yillarda yurtimizda ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga qaratilayotgan eʼtibor hamda yoshlarning sifatli taʼlim-tarbiya olishlari uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar, shart-sharoitlar xususida toʻxtalib, oʻquvchi yoshlarni ushbu imkoniyatlardan samarali foydalanib, ustozlari berayotgan bilimlarni chuqur egallashga, yurtimizga munosib farzand boʻlishga chorladilar.
Tuman hokimligining Axborot xizmati.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶