YIGʻIM-TERIM MAVSUMI – ENG MASʼULIYaTLI PALLA
Kuzning ilk kunlaridanoq yil boʻyi qilgan fidokorona mehnatlari mahsulini koʻrishga oshiqqan dehqon ahli borki, dala-yu bogʻiga koʻchib chiqadi. Imkonlarini chamalab, hosil xirmonlarini bunyod etishga kirishadilar. Kuzning har bir daqiqasi, ayniqsa, paxtakorlar uchun yil sarhisobining zalvorli raqamlari qayd etiladigan palla. Chunki ana shu faslda yetishtirilgan paxta hosili yigʻishtirib olinadi, koʻzlangan rejalar, lafzlar yuksak hosil xirmonlarida namoyon boʻladi.
Mamlakatimiz mustaqilligining 30-yilligi tantana qilingan joriy yilda amudaryolik paxtakorlar oʻz oldilariga ulkan marralarni qoʻydilar. MChJ shaklidagi “Amdurayotex” xorijiy korxonasi klasteri bilan 350 ta paxtachilik fermer xoʻjaliklari oʻrtasida shartnomalar tuzilib, 15030 gektar yerga tumanimiz iqlim sharoitiga mos serhosil navli chigit ekildi.
Hosildorlikni har gektar hisobiga 27,2 tsentnerga, yalpi hosil xirmonini 45750 tonnaga yetkazishni rejalashtirgan fermer xoʻjaliklari rahbarlari joriy qishloq xoʻjaligi yilining barcha mavsum yumushlarini agrotexnika qoidalariga muvofiq tashkil etdilar.
Yuksak Amudaryo paxta xirmonini bunyod etish uchun, sentyabr oyining ilk kunlaridanoq uyushqoqlik bilan boshlangan terim surʼati tufayli hosil xirmonlari qad rostlay boshladi.
Mavsum davomida 12430 gektar maydonda defoliatsiya ishlari sifatli olib borildi. Paxta yigʻim-terimini koʻtarinki ruhda, uyushqoqlik va jipslik bilan amalga oshirish, terimchilar va koʻngilli hasharchilar uchun zarur shart-sharoitlar yaratish kabilariga alohida eʼtibor qaratildi. Shuni alohida eʼtirof etish kerakki, gʻoʻza vegetatsiyasi davrida bajariladigan ishlar uchun “Amdurayotex” xorijiy korxonasi klasteri tomonidan mehnatkashlarning ish haqlarini oʻz vaqtida hisob-kitob qilib borishlari uchun fermer xoʻjaliklariga 100 mlrd. 148 mln. 954 soʻm pul mablagʻlari imtiyozli kredit hisobidan amalga oshirilgani bugungi yigʻim-terim surʼatining yuqori boʻlishini taʼminladi.
Bundan tashqari, yetishtirilgan paxta hosilini kuzning izgʻirinli kunlariga qoldirmasdan yigʻishtirib olish uchun terimchilarning ish haqlari bosqichma-bosqich oshirib borish tartibida hisob-kitob qilinishi belgilangani, qolaversa, yigʻim-terim otryadlari rahbarlari ishni toʻgʻri tashkil qilganligi, kunlik terim pullari kechiktirmasdan berib borilishi muvaffaqiyatli yutuqlarning garovi boʻlmoqda.
Ayni paytda paxta yigʻim-terimining sifatli va samarali olib borilishida tumanda tashkil etilgan 290 ta terim otryadlari va ularning tajribali rahbarlari saʼy-harakatlari bilan fermer xoʻjaliklari dalalarida 23266 nafar terimchi yuksak unum bilan mehnat qilishmoqda.
Xususan, 1-sektor hududidagi fermer xoʻjaliklaridagi 78 ta otryad tarkibida 5442 nafar, 2-sektor hududidagi fermer xoʻjaliklarida 7826 nafar, 3-sektorda 7269, 4-sektorda esa 2729 nafar klaster va fermer xoʻjaliklari ishchilari hamda uyushmagan aholi vakillaridan iborat koʻngilli hasharchilar tumanning umumiy xirmoniga kuniga 200 tonnadan ortiq paxta terib topshirishmoqda.
Yuksak uyushqoqlik va jipslik asosida tashkil etilgan “Paxta – 2021” yigʻim-terim mavsumining samarasi esa zalvorli raqamlarda oʻz ifodasini topmoqda.
Dehqon va fermerlar uchun eng masʼuliyatli palla – kuzgi sarhisob onlari yaqin qoldi. Ana shunday masʼuliyatli davrda beliga etak bogʻlab, dalaga chiqqan har bir koʻngilli hasharchiga, dehqon va fermerlarga: “Hormang, lafzi halol, fidoyi va aziz paxtakorlar” – deymiz.
Robiya YOʻLDOShEVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶