BOShLANGʻICh TAʼLIM FAN OYLIGI TAASSUROTLARGA BOY BOʻLDI
Insonning shaxs sifatida shakllanishida ilk qadam maktabdan, boshlangʻich taʼlim yoʻnalishidagi bilim asoslarini puxta egallashdan boshlanadi. Boshlangʻich sinflarda ilm asoslarini puxta egallashga kirishgan bola keyinchalik umumtaʼlim fanlarini oʻzlashtirishda aslo qiynalmaydi. Ayniqsa, sinfdan-sinfga oʻtish sari oʻzining alohida qobiliyatga ega ekanligini namoyon etib, qiziqishlari ortib boradi.
Shu sabab, umumtaʼlim maktablarining boshlangʻich sinf oʻqituvchilarining yuqori malakaga ega boʻlishlari talab etilmoqda. Chunki qoʻliga ilk qalam olgan murgʻak bolajonlarning hayrat va hayajonlarga toʻla qiziqish va orzularini bir oʻzanga solib, aniq maqsad sari yoʻnaltirishda aynan boshlangʻich sinf oʻqituvchisining kasbiy malakasi, oʻziga xos tajribasi va uslubi oʻta muhim ahamiyatga ega.
Shu jihatlardan olib qaraganda, tumanimizdagi 47-sonli umumtaʼlim maktabida boshlangʻich sinf oʻqituvchilarini tanlash, ularga kelajagimiz egalari boʻlgan yosh avlodning ilk taʼlimi va tarbiyasini ishonib topshirishda ana shu, yuqoridagi kabi talablar eʼtiborga olinadi. Shu bois maktabning boshlangʻich sinflar oʻqituvchilari orasida “Oʻrgan-oʻrgat” tamoyili asosida ish olib boriladi.
Bu har yili sentyabr – boshlangʻich taʼlim fan oyligi doirasida oʻtkaziladigan ilmiy-amaliy va nazariy dars-mashgʻulotlarida, turli xil zakovat bahslari, sinflararo, guruhlararo bellashuvlar hamda turli xil sanalar munosabati bilan oʻtkaziladigan madaniy-maʼrifiy tadbirlarda yaqqol namoyon boʻladi.
Boshlangʻich taʼlim fan oyligi doirasida 3-a, 3-v sinflarda oʻtkazilgan matematika kechasida har ikkala sinf oʻquvchilari guruhlarga boʻlinib, qiziqarli matematik oʻyinlar tashkil etildi, mental arifmetika boʻyicha katta va kichik hajmli sonlarni yoddan qoʻshish, ayirish, boʻlish va koʻpaytirish amallarini bajarishdi. Misol va masalalar yechish boʻyicha oʻzaro bahslashishdi.
Mazkur sinflarda ochiq darslar tashkil etildi. Ochiq darslarni maktabning tajribali mutaxassis-oʻqituvchilari kuzatib borishdi. Ochiq darslarda oʻquvchilarning 1-,2-,3-sinflarda egallagan bilim va koʻnikmalari sinovdan oʻtkazildi. Ularning darslarni oʻzlashtirish darajasi, nutqiy rivojlanishi, mustaqil fikrlash qobiliyatlari, eslab qolish, oʻz fikrini dadil ifoda etish iqtidorlari oʻrganilib, baho berildi.
Oylik doirasida 4-sinf oʻquvchilari ishtirokida oʻtkazilgan “Kimning xati chiroyli?” mavzusidagi diktantlar tanlovi yanada qiziqarli boʻldi. Unda chiroyli va bexato xusnixat egalari boʻlgan aʼlochi oʻquvchilar ragʻbatlantirilib, ularning diktantlari tengdoshlariga namuna qilib koʻrsatildi.
Sentyabr oyi oxirida boshlangʻich taʼlim fan oyligi doirasida oʻtkazilgan barcha tadbirlar umumtashtirilib, fan oyligi tadbirlarida faol ishtirok etgan sinflar rahbarlari mehnati va tashkilotchiligi alohida eʼtirof etildi. “Matematik oʻyinlar”, zakovat bahslari, mental arifmetika mashqlari hamda “Kimning xati chiroyli?” diktantlar tanlovlari gʻoliblari aniqlandi.
Gʻolib oʻquvchilarning alohida bilim va qobiliyatlari eʼtirof etilib, maktab maʼmuriyati hamda fan oyligi doirasidagi tadbirlar tashkilotchilari tomonidan ragʻbatlantirildi hamda faol va aʼlochi oʻquvchilarga esdalik sovgʻalari berildi.
Robiya YOʻLDOShEVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶