JAMOAT XAVFSIZLIGIGA TAHDID SOLISh JAVOBGARLIKKA SABAB BOʻLADI
Sir emaski,oxirgi yillarda telekommunikatsiyalar tarmoqlari, Internet jahon axborot tarmogʻi hayotimizning bir qismi boʻlib qoldi. Ushbu tarmoqlardan foydalanishning oʻziga xos madaniyati va talabi boʻlsa-da, oxirgi paytlarda bu qoida va talablarni esdan chiqarib qoʻyayotgan foydalanuvchilar, ayniqsa, yoshlar koʻpayib bormoqda. Afsuski, bunday foydalanuvchilar oʻzlari qoldirgan postlar va boshqa maʼlumotlari bilan jamoat tartibiga va jamoat xavfsizligiga tahdid solayotganini hamma vaqt ham tushunavermaydi.
Endilikda fuqarolarning bunday qilmishi bilan qonun talablarini buzishi, ularni javobgarlikdan ozod qilmaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2021-yil 30-martda imzolangan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonunga binoan Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga tegishli qoʻshimchalar kiritildi. Jumladan, Kodeks quyidagi mazmundagi 2011-modda bilan toʻldirildi:
«201-1-modda. Qonunchilik hujjatlarini bajarmaslikka yoki buzishga omma oldida daʼvat qilish Oʻzbekiston Respublikasining qonunchilik hujjatlari talablarini jamoat tartibiga va jamoat xavfsizligiga tahdid soladigan tarzda bajarmaslikka yoki buzishga, shu jumladan ommaviy axborot vositalaridan, telekommunikatsiya tarmoqlaridan, Internet jahon axborot tarmogʻidan, shuningdek, matnni koʻpaytirishning bosma yoki boshqa usullaridan foydalangan holda omma oldida daʼvat qilish, bazaviy hisoblash miqdorining oltmish baravaridan sakson baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi».
Shuningdek, mazkur qonun bilan Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga ham qoʻshimcha va oʻzgartishlar kiritilib, Kodeksning 244-moddasi (Ommaviy tartibsizliklar) quyidagi mazmundagi birinchi va ikkinchi qismlar bilan toʻldirildi:
«Ommaviy tartibsizliklarga va fuqarolarga nisbatan zoʻravonlik qilishga omma oldida daʼvat qilish, bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan uch yuz baravarigacha jarima yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Oʻsha harakatlar:
a) bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib;
b) ommaviy axborot vositalaridan, telekommunikatsiyalar tarmoqlaridan, Internet jahon axborot tarmogʻidan, shuningdek matnni koʻpaytirishning bosma yoki boshqa usullaridan foydalangan holda sodir etilgan boʻlsa, bazaviy hisoblash miqdorining uch yuz baravaridan toʻrt yuz baravarigacha jarima yoki ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud besh yildan oʻn yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadigan boʻldi.
Qonunchilikdagi ushbu yangi talablar fuqarolarni ommaviy axborot vositalaridan, telekommunikatsiyalar tarmoqlaridan, Internet jahon axborot tarmogʻidan, shuningdek, matnni koʻpaytirishning bosma yoki boshqa usullaridan foydalanishda masʼuliyatli boʻlishiga, qonunni hurmat qilishga mazkur qonun talablarini esdan chiqarmaslikka daʼvat qiladi.
M.Matyusupov, tuman Adliya boʻlimi boshligʻi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶