OʻRGANGAN KOʻNGIL OʻRTANSA-DA QOʻYMADI...
Xalqimizda: “oʻrgangan koʻngil oʻrtansa, qoʻymas” , “bukrini goʻr toʻgʻrilaydi”, degan zamonlar sinovidan oʻtgan hikmatli iboralar bor. Ayniqsa, jinoyat olamiga kirib qolgan shaxslarga nisbatan koʻp bora qoʻllaniladigan yuqoridagi xalq hikmatlari tez-tez tilga olinadi.
Amudaryo tumanining ovullaridan birida yashovchi Botir Ibodullayev (ism-shariflar oʻzgartirildi) jonini qiynamay, tez boyib ketish yoʻlini oʻgʻrilikda, deb bilganlardan boʻlib chiqdi. Muqaddam qilgan jinoyatlari uchun bir necha marta sudlangan, goh mamlakatimiz qonunlarining insonparvarlik tamoyiliga koʻra, amnistiya akti qoʻllanib, goh jabrlanuvchi taraflarning kechirganliklari, daʼvolaridan voz kechganlari tufayli muddatidan oldin jazodan ozod etilgan Botir Ibodullayev, adolatli qonunlarimiz va yurtdoshlarimizning odamgarchilik yuzasidan chiqargan ijobiy xulosalarini mensimadi, hali sudlanganlik tugamasdan yana jinoyatga qoʻl urdi. Birovning halol, peshona teri bilan parvarish qilayotgan, har biri bozor narxida 6 mln. soʻmlik ikkita hoʻkizchasini qozigʻidan yechib olib, “ertaga bilib qolishsa, nima boʻladi?” deb oʻylamay, Mangʻit chorva bozoriga olib borib, ikkita hoʻkizchani 11 mln. soʻmga sotib yubordi. Oʻzining izini yashirish maqsadida pulni qoʻyniga solib, Toshkent shahriga joʻnab ketdi.
Nachora, “buzoqning yugurgani somonxonagacha” – deydilar. Bir-ikki kun beli ogʻrimay, choʻntagiga tushgan moʻmay pulga kayf-safo qilgan Botirboy huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari tomonidan Toshkent shahrida qoʻlga olindi.
Oʻgʻirlikning umri qirq kun, deydilar. Lekin Botirboy Ibodullayevning qilmishi bir oyning nari-berisida oshkor boʻlib, bir necha marta jinoyat sodir etib, xulosa chiqarmagan, takroran jinoyat yoʻliga kirib, “oʻgʻri” degan jirkanch nom olgan “shovvoz” yana panjara ortiga ravona boʻldi. U Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari asosida jinoiy javobgarlikka tortildi. Xali murgʻak goʻdak boʻlgan bir nafar farzandi, oilasi, yaqinlarining nomiga dogʻ tushirdi.
Shuni aytadilar-da, “bukrini goʻr toʻgʻrilaydi”, deb. Ayting, ayting, hali navqiron yoshda boʻlgan Botirboy bu gal toʻgʻri xulosa chiqarsin-u... va albatta tuzalish yoʻliga oʻtsin.
S.DAVLETMURATOV, jinoyat ishlari boʻyicha Amudaryo tuman sudi raisi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶