Jayxun ilhomlari
OQ yoʻl senga,
Yangi Oʻzbekiston
Bir silkinib olib, changlaring qoqding,
Qoʻshni, qardoshlarga doʻstona boqding.
Quchogʻing keng ochib, barchaga yoqding,
Oq yoʻl senga, yangi Oʻzbekistonim!
Adolat, haqiqat qaror topmoqda,
Tadbirkorlar erkin, olgʻa chopmoqda.
Tuhmatchi, laqmalar ogʻzin yopmoqda,
Oq yoʻl senga, yangi Oʻzbekistonim!
Barcha uchun kengroq imkon ochildi,
Gina-yu nafratlar yoʻlga sochildi.
Shubha-yu gumondan chetga qochildi,
Oq yoʻl senga, yangi Oʻzbekistonim!
Yurtboshimiz mudom omon boʻlsin-yey,
Hammamizga yoqqan zamon boʻlsin-yey.
Aytganin qilmagan yomon boʻlsin-yey,
Oq yoʻl senga, yangi Oʻzbekistonim!
Madhingga sheʼr bitmoq men uchun baxtdir,
Senga sadoqatim abadiy ahddir.
Xizmating etmoqqa vujudda shahddir,
Oq yoʻl senga, yangi Oʻzbekistonim!
Saʼdulla Xoʻjaniyozov.
NAVOIY
Turonda quyoshdek porlagan inson,
Soʻzning qudratidan berdi u nishon.
Bitgan misrasiga bagʻishlagan jon,
Nazmimda sultondir, hazrat Navoiy!
Ilhom parisiga yor boʻlib yurgan,
Qalami aqlidan charx olib turgan,
Soʻzlar sehridan u moʻʼjiza qurgan,
Nazmiy gulshanimda ibrat, Navoiy!
Muxabbat u uchun misoli ummon,
Ilohiy sevgini ayladi doston,
Bir Guli ishqida dilida hijron,
Yor vaslida chekdi hasrat, Navoiy!
Maqsadi tilga ham elga eʼtibor,
Shu istak yoʻlida koʻp chekdi ozor,
Unga tahsin aytdi necha hukmdor,
Tamaddunga soldi hayrat, Navoiy!
Merosi insonlar dilin yoritar
Va bugun elimni baxt sari eltar,
Har bayti dilingni oshufta etar,
Dunyoda topoldi hurmat, Navoiy!
Alisher AHMEDOV, Choykoʻl ovuli.
Navoiy bobomiz
Hirot oʻlkasida dunyoga kelgan,
Vatan, ijod uchun jonini bergan.
Asarlari mangu yurakda qolgan,
Navoiy bobomiz, shoir bobomiz.
U daho bobomiz, dono bobomiz,
Nazm-u nasrda tengsiz bobomiz.
U hamon bizning yuragimizda,
Navoiy bobomiz, shoir bobomiz.
Xurshida POʻLATOVA,
1-sonli maktab oʻquvchisi.
OʻZBEK TILIM
Ona tilda soʻzlash baxtdir insonga,
Kimlardir musofir, yashar armonda.
Vatan mehri bilan qorishgan qonga,
Ona tilim, jonday jonimda yashar!
Mening ona tilimga mahliyo jahon,
Navoiy bobomning nafasi singgan.
Dunyoda tillar koʻp barchaga ayon,
Ammo ona tilim quyoshday balqqan.
Yaponiya yapon, Farang frantsuz,
Ruslar soʻzlashadi oʻris tilida.
Oliy minbarlarga taklif boʻlgan kez,
Men magʻrur soʻzlayman oʻzbek tilimda.
Bor ona tilimning jonkuyarlari,
Oʻzligim, oʻz tilim mangu barhayot.
Dunyoga yoyilib boraveradi –
Qudratli tilimdan ayirma hayot.
Barno SAMANDAROVA.
35-sonli maktab oʻquvchisi.
Nabiram Zarinaga
Qish ziynati – qorga burkangan hudud,
Dillarga naqadar surur-zavq berdi.
Ayni yoz chillasi tugʻilgan vujud -
Nabiram ilk bora oppoq qor koʻrdi.
Koʻzlaring hayratdan quvonib-porlab,
Oppoq qorga tegdi jajji qoʻllaring.
Seni hur kelajak turibdi chorlab,
Shu qordek oq-oydin boʻlsin yoʻllaring!
Oʻrozali REYIMOV.
Armon
Uyim atrofida uzun teraklar,
Shaftoli, oʻriklar, olamning xoni.
Bahorda mevasi totli tutlarim,
Bir toʻyib yeganning qolmas armoni.
Bogʻimda barq urgan anjir, anorim,
Bir parcha yerimda xushboʻy rayhonim.
Bir koʻrsam, bosilib qolar xumorim,
Yoz fasli shodlikda oʻtar har onim!
Umid-la yasharman shu orzu bilan.
Xudoyim yetkazsin oʻsha kunlarga.
Oʻtgan yilda qolsin barcha kasallik,
Toʻyga, deb chiqaylik faqat yoʻllarga.
Yurtimiz obodon, yoshlar shod boʻlsin,
Barchaning ushalsin orzu, armoni.
Farhodning yozgani faqat sheʼr boʻlsin,
Yarimta boʻlmasin hech kimning noni.
Farhod AVAZ, Namuna mahallasi.
Ustoz
(Marsiya)
Davralarda avj olar qoʻshiq, yalla, soz,
Allohning oʻzi bergan dovudiy ovoz.
Shunday ovoz sohibi Rahmatjon ustoz,
Qoʻlda torsiz ketdingiz, bu qanday parvoz.
Bir umrlik hamroh – toringiz tashlab,
Farzandlar onasi – yoringiz tashlab.
Farzand, shogird, muxlislar koʻzlarin yoshlab,
Oh, qayon yoʻl oldingiz, Rahmatjon ustoz.
Alloh bergan umrni yasharkan inson
Hech kim abadiy qolmas, yoʻq bunga imkon.
Chaqirdimi yo sizni, ustoz Komiljon
Qaylarga yoʻl oldingiz Rahmatjon ustoz.
Tilagim shu Xudodan, jannatiy boʻling,
Paygʻambarimiz suygan ummati boʻling.
Muxlislar yuragida manguga qoling,
Baqodan panoh topgan Rahmatjon ustoz.
Agar Siz kuylasangiz boʻlar edik shod,
Boqiy dunyoingiz boʻlgʻay-da obod.
Yoʻqlab Sizni muxlislar chekadi faryod:
“Oh, qayon ketdingiz”, deb, Rahmatjon ustoz.
Adilboy AMETOV, 27-sonli maktab oʻqituvchisi.
Virusdan himoya
Uyda qolgin, bolajon,
Virusdan himoya shu.
Dars qoldirma hech qachon,
Sen uchun muhimdir bu.
Onlayn saboqlarni,
Uqib, joyla dilingga.
Sogʻlom boʻlsang bir kuni,
Nafing tegar elingga!
Roza MURODOVA.
BARDOSh
Jondan aziz qadrdonlar,
Tashlab ketar bir kun kelib.
Alam bilan oh urasan,
Yuragingni tilib-tilib.
Ming bor afsus, yoʻq chorasi,
Qoʻldan kelmas hech bir imkon.
Yigʻlab-yigʻlab, koʻnib-koʻnib,
Yashayverar yana inson.
Tosh qattiqmi, bosh desalar,
Bosh, degani chin haqiqat.
Seni olgʻa chorlayverar,
Hayot degan buyuk xilqat.
Manzura SULTONOVA,
44-sonli maktab oʻqituvchisi.
Navoiyni oʻqib...
Navoiyni olib qoʻliga,
Kimlar havas qilmadi unga.
Fozil-u, ulamolar,
Shoir-u, kamolalar.
Qancha maʼno mujassam,
Har oʻqishda bilishda.
Bitmas boyliklari jam,
Har bir aytgan soʻzida.
“Nasoyim ul-muhabbat”da,
Koʻrdim Yugnakiy bobom.
Turk elining oʻgʻloni,
Tugʻma koʻrmas koʻzlari.
Imom Aʼzam sabogʻi-la,
Yaylov ungan izlarida.
Koʻngil koʻzi ochiq ekan,
Ming tasanno himmatiga.
“Mahbub ul-qulub”ida,
Yassaviy haqda kalom.
“Hikmat”larin oʻqisak,
Hayotda chirogʻ-u sham.
Yoʻl koʻrsatar adashganga,
Aql berar, hush berar.
Aylangan bilim – konga,
Yaxshi xislat imkonga.
Ey, Navoiy nabiralari!
Bobomizni oʻqish kerak.
Daholar saboqlarin,
Dilga jo qilish kerak.
Yorqinoy KENJABOYeVA,
11-sonli maktab oʻquvchisi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶