“KIM VATANGA SODIQ BOʻLSA, MENDIRMAN OʻShA!” ShIORI OSTIDA YoShLAR BILAN HARBIYLARNING UChRAShUVLARI BOʻLIB OʻTMOQDA
Oʻsib kelayotgan yosh avlodni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ular ongiga oʻzaro mehr-oqibat, millatlararo totuvlik, tinchlikni qadrlash tuygʻularini singdirish, mamlakatimiz Mudofaa tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar mazmun-mohiyati haqida keng tushunchalar berish maqsadida mamlakatimizda 2020-yilning 15-dekabr sanasidan 2021-yilning 15-yanvar sanasiga qadar “Vatanparvarlik oyligi” oʻtkazilmoqda.
“Kim Vatanga sodiq boʻlsa, mendirman oʻsha!” shiori ostida “Vatanparvarlik oyligi” doirasida amalga oshirilayotgan adabiy-musiqiy, maʼnaviy-maʼrifiy hamda jangovar sport oʻyinlari, harbiy texnikalar koʻrgazmasi namoyishi, oshkora, samimiy muloqot tarzidagi tadbirlarda tumanimizning yuzlab yoshlari katta qiziqish bilan ishtirok etishmoqda.
Ana shunday tadbirlardan biri Qilichboy ovulida ham oʻtkazildi. Vatanparvarlik oyligi doirasida boʻlib oʻtgan “Ochiq eshiklar kuni” tadbirida 9202 “K” harbiy qism zobit va askarlari, Qilichboy ovuli yoshlari ishtirok etishdi.
Tuman hokimining yoshlar masalalari boʻyicha oʻrinbosari Mahmud Shermetov, 9202 “K” harbiy qism zobiti, podpolkovnik S.Toshmatov va 2-darajali serjant O.Mahmudovlar ishtirokida oʻtkazilgan “Ochiq eshiklar kuni”da zamonaviy harbiy qurol-aslahalar, harbiy texnikalar koʻrgazmasi tashkil etilib, harbiylar tomonidan qoʻl jangi boʻyicha chiqishlar namoyish etildi.
Shuningdek, tadbirda harbiy xizmat otlari, xizmat itlarining davlat chegarasini qoʻriqlashdagi ishtiroki amaliy mashqlar orqali koʻrsatib berildi.
Tadbirda ishtirok etgan 250 nafardan ziyod yoshlar harbiylar tomonidan namoyish etilgan jangovar mashqlar, ayniqsa, qoʻl jangi, xizmat otlari va xizmat itlari ishtirokidagi chiqishlarni katta qiziqish bilan kuzatib, oʻzlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildilar. Ayniqsa, harbiylar tomonidan yoshlarning savollariga berilgan javoblar katta qiziqish uygʻotdi. Oʻz navbatida koʻplab yoshlar ona Vatan himoyachisi boʻlishdek orzu-intilishlari xususida toʻlqinlanib soʻzladilar.
Oylik doirasidagi “Kim Vatanga sodiq boʻlsa, mendirman oʻsha!” shiori ostida Mangʻit shahridagi 31-sonli maktabda ham maʼnaviy-maʼrifiy tadbir oʻtkazildi. 9202 “K” harbiy qism xodimlari, podpolkovnik S.Toshmatov, 2-darajali serjant O.Mahmudovlar ishtirokida oʻtkazilgan davra suhbati shaklidagi maʼnaviy-maʼrifiy tadbirda yoshlar masalalari boʻyicha tuman hokimining oʻrinbosari M.Shermetov soʻzga chiqib, barchani yangi 2021-yil hamda 14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni bilan tabrikladi. Shuningdek, tadbirda oʻquvchi-yoshlar bilan 9202 “K” harbiy qism zobitlari dildan suhbatlashdilar. Podpolkovnik S.Toshmatov hamda 2-darajali serjant O.Mahmudovlar oʻquvchi-yoshlarga Oʻzbekiston Qurolli Kuchlarining qudrati va salohiyati, yoshlarning ona Vatan oldidagi yigitlik burchi, Vatanga sodiqlik tuygʻusi haqida batafsil gapirib berishdi. Shu bilan birga ona Vatan himoyachisi boʻlishga bel bogʻlagan, harbiy sohani tanlagan yoshlarning bilim olishlari, harbiy texnikalar sir-asrorlarini puxta egallashlari uchun mamlakatimizda yaratilgan shart-sharoitlar, “Temurbeklar maktabi”, Oliy harbiy akademiyalar xususida yoshlarni qiziqtirgan savollarga javob berdilar.
Ayni kunlarda “Vatanparvarlik oyligi” doirasidagi “Kim Vatanga sodiq boʻlsa, mendirman oʻsha!” shiori ostida maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar, davra suhbatlari, harbiy zobitlar va askarlar bilan yoshlarning uchrashuvlari davom etmoqda.
Otabek MAHMUDOV, 9202 “K” “Ayoqchi” harbiy qism xodimi, 2-darajali serjant.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶