USTOZLAR ShARAFLANDI
Mamlakatimizda xalq taʼlimi sohasiga qaratilayotgan eʼtibor tufayli soʻnggi 3-4-yil ichida maktab va oʻqituvchi-murabbiylar nufuzi yanada oshdi. Avvalo shuni eʼtirof etish kerakki, maktab taʼlimini rivojlantirish, taʼlim-tarbiya ishlarini zamon talablari darajasiga koʻtarishda oʻz vazifasiga masʼuliyatli, fidoyi oʻqituvchilarning hissasi katta. Ularga yuksak ehtirom koʻrsatish maqsadida mamlakatimizda 1-oktyabr – Oʻqituvchi va murabbiylar kuni, dunyo miqyosida esa 5-oktyabr – Xalqaro oʻqituvchilar kuni sifatida keng nishonlanadi.
Shu munosabat bilan 38-sonli umumtaʼlim maktabida boʻlib oʻtgan “Ustoz mehnatini qadrlaymiz” mavzusidagi adabiy-musiqiy tadbir ishtirokchilari ham ustozlar mehnatiga yuqori baho berdilar va oʻqituvchilarni jamiyatimizda eng ilgʻor fikrli insonlar, deya taʼrifladilar.
Haqiqatan ham hali oq bilan qorani ajrata olmaydigan murgʻak bolani ilm yoʻllariga boshlabgina qolmay, unga hayot sabogʻini ham bergan, yutugʻidan eng birinchi quvonib, xatosini hammadan avval anglagan va kechirgan, qiynalsa, yelkasini tutib, dard-u gʻamlariga sherik boʻlgan oʻqituvchi va murabbiylar har bir inson uchun aziz, qadrli.
Boʻlib oʻtgan tadbirda maktabning eng faol, bilimdon va tajribali oʻqituvchilarining nomlari alohida hurmat bilan tilga olindi. Xususan, rus tili va adabiyoti fani oʻqituvchisi Muhabbat Otajonova, Kaliforniya Universiteti sertifikatini qoʻlga kiritgan oliy toifali ingliz tili fani oʻqituvchisi Yulduz Roʻzmetova, Qoraqalpogʻiston xalq taʼlimi aʼlochisi Nazira Usmonova, shuningdek, bilimlar bellashuvi hamda nufuzli sport musobaqalarida oʻquvchilari doimiy ravishda yuqori natijalarga erishayotgan, 2019-2020 oʻquv yilini onlayn tarzda muvaffaqiyatli yakunlagan 45 nafar oʻqituvchi va murabbiylar homiylar tomonidan munosib taqdirlandilar. Oliy toifali boshlangʻich sinf oʻqituvchilari Muhabbat Allamberganova hamda Sharofat Saidovalar erishayotgan yutuqlar esa alohida eʼtirof etildi.
Tadbirda “Jayxun ilohomlari” NNT raisi, Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy Uyushmasi aʼzosi, shoir Oʻrozali Reyimov, “Taraqqiyot koʻzgusi” gazetasi maxsus muxbiri, Qoraqalpogʻiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist Robiya Yoʻldosheva hamda “Taraqqiyot koʻzgusi” va “Mening oilam” gazetalari suratchi-muxbiri Mahmudjon Shomurodovlar ishtirok etishib, Oʻqituvchi va murabbiylarni bayram bilan tabrikladilar.
“Ustoz xizmatini qadrlaymiz” deb nomlangan adabiy-musiqiy tadbirda maktabning 3-“A” sinf oʻquvchilari tomonidan tayyorlangan kontsert dasturi namoyish etildi.
Raʼno AVAZMURODOVA, 38-sonli maktab oʻqituvchisi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶