Tinchlik – buyuk neʼmat
Urush haqida soʻzlash men uchun qanchalik ogʻir boʻlmasin, bugungi oʻsib kelayotgan yosh avlodga tinchlikning naqadar buyuk neʼmat ekanligini, uni qadrlash, asrab-avaylash zarurligini, tinchlik va ozodlik uchun olib borilgan beshafqat jang xotiralarim misolida hikoya qilishdan aslo charchamayman. Sababi urush – hayot bilan mamot oraligʻidagi dahshatli olov, jarlik. Men yoshligimning eng joʻshqin davrini ana shu olov ichida oʻtkazdim. Koʻz oldimda yonib, kultepaga aylangan qishloqlar, shaharlar, bemavrid xazon boʻlgan 18-20 yoshli quroldosh doʻstlarim, akalarim, jang maydonida otamday boʻlib qolgan mehribon eldoshlarim gavdalanadi. 69-yildan beri ana shu jangovar xotiralar bilan yashayman. Baʼzan yoshlar:
- Rus yerlarini fashizmdan ozod qilish uchun urushga kirdingizmi? – deb soʻrashadi.
- Yoʻq, - deyman ularga, - fashizm – dunyoni bosib olishga intilgan moʻr-malaxday yovuz kuch edi. Biz jangchilar oʻz uyimiz, oilamiz, ona Vatanimiz va millatimiz shaʼni, ozodligi uchun jon olib, jon berdik. Fashizm balosidan butun dunyo xalqlari ozod boʻlgan kun – Gʻalaba naʼshidasini butun dunyo xalqlari bilan birga bayram qildik. Bir-birimizni quchoqlab, quvonchdan yigʻlab, Gʻalaba onlari bilan qutlayotgan kezlarimizda vayronalar ustida charx urib uchayotgan qushlarni koʻrib hayron qolganmiz. Qarang, Tinchlikning qanchalar buyukligini qushlar ham bilarkan.
Ha, azizlar, Tinchlik – eng ulugʻ va eng buyuk neʼmatdir. Ana shu buyuk boylikning qadriga yetib yashash esa har birimizning ona Vatan, qolaversa, joʻshqin hayot oldidagi burchimiz. Biz koʻrgan qirgʻinbarot urushni farzandlarimiz, istiqlol avlodlari aslo koʻrmasinlar.
Yoʻldosh FAYZULLAYeV,
Ikkinchi jahon urushi faxriysi.
(Foto - http://uza.uz)

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶