MAHALLA TINChINI BUZGAN HUQUQBUZAR JAZOLANDI
Aroqning koʻrinishi oq boʻlsa ham, kasofati oʻzidan yuz, ming chandon katta boʻlgani uchun unga “qora shayton”, deya taʼrif beramiz. Lekin ichuvchi odam uchun, kim biladi, bu kasofat qay koʻrinishda namoyon boʻladi?
Tumanimiz mahallalaridan birida yashovchi Boyboʻlsin (ism-sharifi oʻzgartirildi) Qulahmedov esa har gal toʻyib ichganida “sher” boʻlib ketadi. Rostmana “sher!”. Yoʻl ham, dala-dasht ham, koʻcha-koʻy ham faqat oʻziniki! Bilganicha yuradi, baqirib-chaqiradi, oldidan chiqqanga haqiqiy sherday hamla qiladi.
Oʻsha kuni ham mastlikdan goh osmonlarda uchib, goh sher kabi boʻkirib uyi tomon borardi. Nogahon oldidan qoʻshnilari Azizaxon Gulmirzayeva bilan Koʻklan Botirovlar (ism-shariflari oʻzgartirildi) chiqib qolsa boʻladimi? Axir u “sher” boʻlsa, hammadan kuchli boʻlsa-yu, allaqanday qoʻshnilari uning yuradigan yoʻlidan yursa? Yoʻq, bunaqasi ketmaydi, “sher” paydo boʻlgan joydan hamma chetlanishi kerak! Lekin qoʻshnilar chetlanish oʻrniga “Sher bola”ni tartibga chaqirishdi. Buni Boyboʻlsin qabul qilolmadi. Shovqin koʻtardi, qoʻshnilarini kurakda turmaydigan soʻzlar bilan haqorat qildi. Shu kuni yaqin qoʻshnilarining rosa tinchini buzdi. Oqibatda esa...
Oqibati yomon boʻldi. Boyboʻlsin “sher”ning kuchi qirqildi. Mamlakatimizning odil qonunlariga koʻra u qoʻshnilarini haqorat qilgani, tinchligini buzgani uchun maʼmuriy javobgarlikka tortildi.
Yaqinda Maʼmuriy ishlar boʻyicha Amudaryo tuman sudining ochiq sud majlisida huquqbuzar Boyboʻlsin Qulahmedov qarshisiga toʻplangan maʼmuriy ish hujjatlari atroflicha muhokama etildi va Oʻzbekiston Respublikasi MJtKning tegishli moddalariga asosan maʼmuriy javobgarlikka tortilib, 10 (oʻn) sutka maʼmuriy qamoq jazosiga hukm qilindi. “Sher bola” qafasga tushdi.
Shuni aytadilar-da, aroq oq boʻlsa ham kasofati oʻzidan ming chandon katta, qora shayton kabi, deb.
M.Karimbayeva, Maʼmuriy ishlar boʻyicha tuman sudi raisi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶