OILADAGI GAP KOʻChAGA ChIQQANDA...
Oʻzbek oilalari uchun hech qayerda yozilmagan bir qonun-qoida bor. Bu – oila aʼzolarining ogʻzibirchiligi, oila sirini koʻchaga olib chiqmasligidir. Ana shu qoidaga amal qilinganida oilalar nafaqat mustahkam, balki el ichida obroʻ-eʼtibor ham topadi.
Lekin ayrim yosh oilalarda bu kabi bobomeros qadriyatlarga amal qilmaslik oqibatida arzimagan vajlar bilan oʻrtada nizo va janjallar kelib chiqishi natijasida tuzukkina oilalarning “siri” koʻchaga chiqib ketmoqda. Koʻpchilik holatlarda bunday vaziyatlarning yuzaga kelishiga kattalar, yaʼni qaynota-qaynonalar ham sababchi boʻlishmoqda.
Tumanimiz mahallalaridan birida yashovchi Shokir Sobirov (ism-shariflar oʻzgartirildi)ning oilaviy sirlariga qayotasi aralashmaganida, arzimagan dilxiralikni deb ayoli Gulbahor bolalarini olib ota-onasinikiga ketib qolmaganida Shokir balki maʼmuriy qamoq jazosiga hukm etilmagan boʻlarmidi?
Nima boʻldi-yu Gulbahor Shokirning gaplariga, muomalasiga befarq boʻlolmadi. Erining qoʻpolligini kechirib qoʻyaqolsa, “doka roʻmol qurib”, oʻrtada mehr gullari unarmidi? Yoʻq, Gulbahor aksincha yoʻl tutdi. Qiziqqonlik bilan bolalarini yetaklab ota uyiga ketdi-qoldi. Bu Shokirga alam qildi. Axir ikki bolasi uning jon-u dili edi-da. Ularni sogʻindi. Biroq arzimagan masalalarda ham oilasiga aralashaveradigan qaynotasini yaxshi bilgani uchun ozgina sabr qildi. Hovridan tushsa, nevaralarini oʻzi olib kelar, degan umidda kutdi. Murosa yoʻlini tanlamayotgan qaynotasidan oʻzicha xafa boʻlib, ichdi va... “sher” boʻldi. Mastlik – bir tomondan ixtiyoriy telbalik boʻlsa, yana bir tomondan – rostlik ham. Chunki mast boʻlgan odamning bor alam va dardi tiliga chiqadi, oʻzicha botir boʻlib ketadi. Shokirboy ham mast holatda qaynotasinikiga borib shovqin koʻtardi. Ularning tinchini buzib, nomaqbul soʻzlar bilan qaynotasini haqorat qildi. Oqibatda esa...
Shokir Sobirovning bu mayda bezoriligi Maʼmuriy ishlar boʻyicha tuman sudida muhokama etilib. Oʻzbekiston Respublikasi MJtKning tegishli moddalari boʻyicha aybdor deb topildi va maʼmuriy qamoq jazosiga hukm etildi. Jazoni tayinlashda Shokir Sobirov muqaddam sudlanmagan, vaqtincha ishsiz ekanligi, oilaviy ahvoli inobatga olinib, 7 (yetti) kunlik maʼmuriy qamoq jaosini oʻtash davrida har bir kun uchun toʻlanadigan xarajatlardan ozod etilib, jamoat ishlariga jalb qilindi.
Shuni aytsalar kerak-da, “hargiz oilangning sirini koʻchaga sochma, siring koʻchaga chiqsa oʻzing sochilasan”, deb. Arzimagan dilxiralikdan boshlangan mojaro uchinchi tomonning aralashuvi bilan elga yoyildi, sudgacha yetib keldi.
Yoshlarga esa “ushbu voqeadan xulosa chiqaring, har bir masalada bosiq boʻling”, - deymiz.
M.KARIMBOYeVA,
maʼmuriy ishlar boʻyicha tuman sudi raisi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶