“DALADAN – DUSTURXONGA” TAMOYILI ASOSIDAGI OZIQ-OVQAT MAHSULOTLARI SAVDOSI XALQIMIZ UChUN ENG QULAY XARID
Amudaryoliklar mehnatkashligi, dehqonchilikda katta tajribaga egaligi bilan tanilgan. Hali bahorning tez oʻzgaruvchan izgʻirin yellari oʻz ishini qilib turgan bir paytda ham tomorqasidan chiqmay, tabiat injiqliklariga sabr-toqat bilan bardosh berib, ayni kunlarda bahorning ilk hosilini elimiz dasturxoniga tortiq qilishmoqda. Lekin ayni paytda joriy etilgan karantin qoidalari tufayli tomorqa xoʻjaliklarida yetishtirilgan bu kabi mahsulotlarni emin-erkin bozorlarga olib chiqib sotish imkoni yoʻq.
Shuni inobatga olgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh Prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamenti tuman boʻlimi tomonidan “Daladan – dasturxonga” tamoyili asosida targʻibot-tashviqot tadbirlari olib borilmoqda. Unga koʻra, tumanimizdagi ovul va mahallalar hududidagi oziq-ovqat doʻkonlarida 27 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari, shu barobarida tomorqa xoʻjaliklarida yetishtirilgan ertagi sabzavotlar savdosini ham tashkil etib, aholiga qulaylik yaratishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Bosh Prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamenti tuman boʻlimi tashabbusi bilan “Daladan – dasturxonga” tamoyili asosida Qilichboy va Kuyuk koʻpir ovullaridagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan savdo qiluvchi doʻkonlarga tomorqa yer egalari tomonidan yetishtirilgan qishloq xoʻjalik mahsulotlari yetkazib berildi.
Qilichboy ovulida 5 ming nafardan ortiq aholi istiqomat qiladi. 1097 xonadonga birlashgan 1124 ta oilaning deyarli barchasi oʻz tomorqa yeriga ega. Ovul hududida 16 ta oziq-ovqat doʻkoni, 1 ta ishlab chiqarish korxonasi, 4 ta fermer va dehqon xoʻjaligi mavjud. Shuni alohida eʼtirof etish kerakki, 1 ming 85 ta tomorqa yer egalari tasarrufidagi 11 ta issiqxona xoʻjaligida allaqachon ertagi sabzavotlar pishib yetildi.
Karantin qoidalariga qatʼiy amal qilayotgan qilichboylik tomorqa yer egalari uchun oʻzlari yetishtirgan mahsulotlar bilan ichki bozorni toʻldirish, tumanimiz aholisiga yetishtirilgan mahsulotlarni arzon narxlarda yetkazib berishda qulay sharoit yaratish maqsadida Departamentning tuman boʻlimi tashabbusi bilan hududdagi “Bahrombek Elmurod” masʼuliyati cheklangan jamiyatiga qarashli doʻkonda “Daladan – dasturxonga” tamoyili asosida 27 xil turdagi oziq-ovqat va qishloq xoʻjalik mashulotlari savdosi yoʻlga qoʻyildi. Mazkur doʻkonga 1 ta ishlab chiqarish subʼekti, 3 ta dehqon xoʻjaligi hamda 2 ta tomorqa yer egalari biriktirilib, savdo-sotiq ishlari yoʻlga qoʻyildi. Yaʼni, dehqon oʻzi yetishtirgan mahsulotni toʻgʻridan-toʻgʻri kelishuv asosida mazkur doʻkonga yetkazib berish imkoni yaratildi.
Bundan tashqari, ushbu hududda yashovchi tomorqa yer egalari tomonidan “Bahrombek-Elmurod” masʼuliyati cheklangan jamiyatiga qarashli doʻkonga oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berilishi yoʻlga qoʻyilishi munosabati bilan ikki nafar fuqaro nomiga bank toʻlov plastik kartalari ochilishi taʼminlandi. Tomorqachi yetkazib bergan mahsuloti uchun tadbirkor tomonidan amalga oshiriladigan toʻlovlar ushbu plastik kartalarga oʻtkazilib, hisob-kitob qilinishidan dehqon ham, tadbirkor ham birday manfaatdor boʻlmoqda.
Robiya YOʻLDOShEVA

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶