MAKTABDAGI TOʻGARAK AʼZOLARINING “QIZLARJON” KOʻRIK-TANLOVI OʻTKAZILDI
Muhtaram Yurtboshimizning yoshlar maʼnaviyatini yuksaltirish va boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazish yuzasidan belgilab bergan beshta muhim tashabbusiga muvofiq tumanimiz maktablarida faoliyat boshlagan sport, axborot-kommunikatsion texnologiyalari, sanʼat, kasbga yoʻnaltiruvchi toʻgaraklar oʻquvchi-yoshlarning iqtidorini aniqlash va rivojlantirishga xizmat qilmoqda. Eng muhimi, mutolaaga eʼtibor ortib, kitobxon oʻgʻil-qizlar safi kengaymoqda.
Tumandagi 47-sonli umumiy oʻrta taʼlim maktabida bu borada tashkil etilgan toʻgaraklar aʼzolari “Besh tashabbus – besh imkoniyat” shiori ostida oʻqib, bilimlarini oshirishmoqda. Undan tashqari, sport bilan shugʻullanib, jismoniy chiniqishga, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini chuqur oʻrganishga va ilk kasb-hunar koʻnikmalarini olishlariga yaratilgan sharoitlardan unumli foydalanishga intilmoqdalar.
Yaqinda maktabda ushbu toʻgaraklar aʼzolari ishtirokida “Qizlarjon” koʻrik-tanlovi tashkil qilindi.
Tadbirni maktab direktorining oʻquv ishlari boʻyicha oʻrinbosari Hamdam Hayitboyev ochdi va oʻquvchi yoshlarning bilimlarini oshirishlari uchun yaratilayotgan sharoitlar haqida gapirdi, besh tashabbus ijrosi yoʻlida amalga oshirilayotgan ishlarga keng toʻxtaldi. Qizlarning iqtidorini sinovdan oʻtkazish, boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish va ularga motivatsiya berish maqsadida tashkil etilgan tanlov ishtirokchilariga omadlar tiladi.
Koʻrik-tanlovni tadbir tashkilotchisi Muhabbat Madrahimova olib bordi. Unda dastlab boshlangʻich sinflardan eng faol va zukko 2 nafar qizlar rasm chizish, shashka oʻynash, kompyuterda onasiga tabrik yozish, tezkor savollarga javob berish va pazandalik borasida oʻzaro bahslashdilar. Bahslar davomida yurtimiz umumiy oʻrta taʼlim maktablarida boshlangʻich sinflardanoq, oʻquvchilarni sportga oshno qilish va maʼlum bir turi bilan muntazam shugʻullanishlariga, boʻsh vaqtlarida yoshiga mos kitob oʻqib, mutolaa madaniyati yuksalishiga, yashirin qobiliyatlarini namoyon etuvchi mashgʻulotlarga jalb etilib, iqtidorini yuksaltirishga ulkan ahamiyat berilayotganligi yaqqol namoyon boʻldi.
Buni mazkur tadbirda kuch sinashgan qizlarning kompyuterda onalariga bagʻishlab yozgan tabriklari, tezkor savollarga javoblar berishi, bolalarga xos tasavvurlari aks ettirilgan rasmlarida ham koʻrish mumkin. Juda qiziqarli va hayajonli tarzda oʻtgan shartlar natijasiga koʻra gʻoliblar aniqlandi.
Koʻrik-tanlovning ikkinchi bosqichida 5-10-sinflardan beshta jamoaga boʻlingan holda 10 nafar iqtidorli qizlar bellashuvga chiqdilar. Ular “Men isteʼdodman”, “Sport malikasi”, “Kompyuter savodxoni”, “Kitobning doʻstiman”, shuningdek, “Daromadli oshxona” kabi shartlarda oʻz iqtidor va bilimlarini sinovdan oʻtkazdilar. Ularning tanlov shartlarini bajarish jarayonini ustozlari, sinfdoshlaridan tashqari ota-onalari ham kuzatib bordilar. Tajribali oʻqituvchilardan tuzilgan hakamlar hayʼati ularning shartlarni qanday bajarganligini odilona baholab bordilar.
Koʻrik-tanlov belgilangan shartlar borasida barcha ishtirokchilarning ham oʻziga xos iqtidori, salohiyati borligini yaqqol koʻrsatdi. Gʻoliblikka erishgan va faol ishtirok etgan oʻquvchilar maktab maʼmuriyati tomonidan ragʻbatlantirildi.
Maktabda oʻtkazilgan “Qizlarjon” koʻrik-tanlovi barcha oʻquvchilarni oʻzligini namoyon etish, intellektual salohiyatini oshirib borish sari dadil intilishga undadi.
O.RAJABOVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶