MISRALARGA JOYLALANGAN QALB HAYRATLARI
Ijod ahliga eʼtibor bersangiz, suhbatlarida boʻlsangiz qalbingizda ajib tuygʻular uygʻonadi. Hayotga teranroq nazar tashlashga, shoir yoki yozuvchi anglagan haqiqatlarni chuqurroq idrok etishga, goʻzalliklar mohiyatini his qilmoqqa intilasiz. Ayniqsa, sheʼriyatga oshno boʻlganingizda!
Mustaqillik yillarida tumanimiz adabiy muhitida oʻz ovozi, oʻz fikriga ega ijodkorlar safi oshdi. Nazmda, nasrda oʻz yoʻlini topish uchun intilayotgan yoshlar anchagina. Mohiraxon Yoʻldosheva ana shunday izlanuvchan, intiluvchan yoshlardan bir. U tumanimizdagi 70-umumtaʼlim maktabini yaqindagina muvaffaqiyatli tugatdi. Adabiyotga, sheʼriyatga boʻlgan cheksiz mehri uning qoʻliga qalam tutib, ijod zavqi ila oshno qilganida u hali oʻsmir qizaloq edi. 12-13 yoshidan qalam tutib, dilidagi hayajon va hayratlarini misralarga joylashga intilgan qizaloq yozganlarini ilk bora sinfdoshlari, ustozlari davrasida oʻqidi. Qizaloqning qalbidagi hayratlar atrofiga, doʻstlari qalbiga koʻchdi, uning sheʼrlarini tinglab, zavqlanishdi. Mohiraning sheʼriy olamini kashf etganlar ham eng avvalo doʻstlari, ustozlari, oʻzi tugʻilib-oʻsgan goʻzal Doʻrman qishlogʻi ahli boʻldi. Uning sheʼrlari vaqt oʻtgan sari tillardan tillarga, dillardan-dillarga koʻchdi. “Oymomojon”, “Beruniy bobom” “Oʻzbekiston”, “Doʻrmanim”, “Ota-onam” kabi sheʼrlari hamqishloqlarining qalb mulkiga aylandi. Va nihoyat iqtidorli shoiraning ilk sheʼriy guldastasi “Hayratlar rangi” nomi bilan muxlislari qoʻliga yetdi.
Kitobchadan Mohiraxon Yoʻldoshevaning qalb hayajonlari, orzu va intilishlari, hayratlari aks etgan sheʼrlari joy olgan. Keng kitobxonlar ommasiga moʻljallangan ushbu nazmiy guldasta zukko sheʼrxonlarga manzur boʻlishiga ishonamiz.
Muyassar XALILLAYeVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶