Xotin-qizlar qoʻmitasi joylardagi boshlangʻich tashkilotlar faoliyatini kuchaytirmoqda
Xotin-qizlarning jamiyatdagi faolligini hamda ishlovchi xotin-qizlarning davlat va jamoat tashkilotlarida olib borayotgan mehnati samaradorligini oshirishda boshlangʻich xotin-qizlar tashkilotlarining oʻrni muhim ahamiyatga ega. Chunki xotin-qizlar oʻzlari mehnat qiladigan jamoa hayotiga kundalik ish jarayonlarida faol aralashibgina qolmay, mehnat jamoasiga, xususan ayol-qizlar hayotiga oid muammolarning yechimlarini topishga hamjihatlikda harakat qiladilar.
Yaqinda tumanimizdagi 40-sonli umumtaʼlim maktabida tashkil etilgan “Taʼlim muassasalarida faoliyati samarali yoʻlga qoʻyilgan boshlangʻich xotin-qizlar tashkiloti” mavzusidagi amaliy oʻquv-seminarida boshlangʻich xotin-qizlar tashkilotlarining faoliyatini yanada yaxshilash boʻyicha galdagi vazifalar belgilab olindi.
Amaliy oʻquv-seminar mashgʻuloti ishtirokchilari 40-sonli maktab boshlangʻich xotin-qizlar tashkiloti raisi Sayyora Tilavovaning ish faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Tanishuv jarayonida boshlangʻich xotin-qizlar tashkiloti aʼzolari tomonidan amalga oshirilayotgan barcha ishlar aniq rejaga asoslanganligi koʻrgazmali vositalar orqali namoyish etildi. Xususan, har bir ayol-qizning kunlik ish rejasini qay darajada va qanday bajarishi, har bir ish uchun ajratiladigan vaqt, shuningdek, taʼlim muassasasi xotin-qizlar boshlangʻich tashkiloti – maktab – oila – oʻquvchi hamkorligiga doimiy amal qilishning ijobiy ahamiyati haqida batafsil maʼlumotlar berildi.

Amaliy oʻquv-seminari mashgʻulotlari ikkita sektsiyada olib borildi. Unga koʻra, 1-sektsiya mashgʻulotlari “Hayotimizda rejalashtirishning muhimligi” deb nomlandi. Bunda tumanimizdagi taʼlim muassasalarida faoliyat olib borayotgan boshlangʻich xotin-qizlar tashkilotlari rahbarlari va 35 yoshgacha boʻlgan ayol-qizlar uchun oʻz oilalarida sogʻlom maʼnaviy muhitni shakllantirishga amaliy yordam berish maqsadida kunlik va xaftalik rejalarning ahamiyati, oila aʼzolarining har birining shaxsiy rejasini oila turmush tarzidan kelib chiqib moslashtirishning muhimligi hayotiy misollar asosida maʼnaviyat va maʼrifat ishlari boʻyicha maktab direktori oʻrinbosari Sayyora Jumamurodova tomonidan qiziqarli tarzda koʻrsatib berildi. Qayd etish kerakki, koʻpincha rejalarimizning turmush tarzimizga mos kelmasligi oqibatida muammolar kelib chiqadi. Amaliy oʻquv-seminarida shaxsiy rejaning hayotdagi ahamiyati ishtirokchilar tomonidan qizgʻin muhokama etildi.
Amaliy oʻquv-seminarning ikkinchi mashgʻuloti 9-10-11-sinflar oʻquvchi-qizlari uchun “Kelajak hayotingizni hozirdan rejalashtiring” deb nomlandi. Ushbu mashgʻulotni boshlangʻich tashkilot aʼzosi Zamira Xudoyberganova juda qiziqarli, ilmiy-nazariy tavsiyalar, hayotiy misollar tarzida olib bordi.
Shuningdek, oʻquv-seminarida 40-sonli maktab, boshlangʻich xotin-qizlar tashkiloti rahbari Sayyora Tilavovaning 2018-yilda amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisoboti ham tinglandi. Hisobot boʻyicha fikrlar bildirilib, tashkilot aʼzolari tomonidan yangi 2019-yilda bajariladigan ishlar rejasi tasdiqlandi.
P.Yoʻldosheva

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶