VAQTIDA TOʻLANMAGAN QARZDORLIK JARIMAGA SABAB BOʻLADI
“Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga jamoat xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi 2018-yil 22-oktyabr kungi Qonun bilan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi Kodeksning 198 (1)-moddasining matni quyidagi tahrirda bayon etildi:
«Eng kam ish haqining oʻn baravariga teng yoki undan oshmaydigan miqdordagi summani undirish toʻgʻrisidagi ijro hujjatining mazkur hujjatni ixtiyoriy ravishda ijro etish uchun davlat ijrochisi belgilagan muddatda qarzdor tomonidan uzrsiz sabablarga koʻra ijro etilmasligi:
fuqarolarga eng kam ish haqining bir baravaridan besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa besh baravaridan oʻn baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
Eng kam ish haqining oʻn baravaridan koʻp miqdordagi summani undirish toʻgʻrisidagi ijro hujjatining ushbu hujjatning ixtiyoriy ravishda ijro etilishi uchun belgilangan muddatda qarzdor tomonidan uzrsiz sabablarga koʻra ijro etilmasligi yoki qarzdorning zimmasiga muayyan harakatlarni bajarish yoxud bu harakatlarni bajarishdan oʻzini tiyish majburiyatini yuklovchi ijro hujjatining davlat ijrochisi belgilagan muddatda qarzdor tomonidan uzrsiz sabablarga koʻra ijro etilmasligi:
fuqarolarga eng kam ish haqining besh baravaridan oʻn baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa oʻn baravaridan oʻn besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi».
Bu oʻzgarishlarning mazmuni shundan iboratki, Oʻzbekiston Respublikasi “Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisida”gi Kodeksida ilgari ijro hujjatidagi undirish lozim boʻlgan qarzdorlik summasi belgilanmagan edi.
Bunday holda davlat ijrochisi tomonidan tegishli ijro hujjatini ixtiyoriy ravishda ijro qilish uchun belgilangan muddatda qarzdorlar tomonidan uzrli sabablarga koʻra bajarilmaganligi uchun kamida eng kam ish haqining besh barobari miqdorida jarima solishga sabab boʻlar edi.
Qonunchilikka kiritilgan oʻzgartirishlardan keyin esa yuqoridagi kabi holatda jarimalar undirilishi lozim boʻlgan qarzdorlik miqdoriga qarab qoʻllaniladigan boʻldi.
Toʻlov ijro hujjatlarini oʻz vaqtida bajargan va qarzlarini muddatida toʻlagan shaxslar hech qanday jarimaga tortilmasligini esdan chiqarmaslik lozim. Xulosa shuki, vaqtida toʻlanmagan qarzdorlik jarima solinishiga sabab boʻladi. Bunga yoʻl qoʻymang va oilangiz daromadini behuda sarflamang!
Azamat YOʻLDOShEV, Majburiy ijro byurosi Qoraqalpogʻiston Respublikasi
boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari, adliya maslahatchisi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶