OILA QOʻRGʻONINING OBODLIGI UChUN FIDOYILIK KERAK
Oila – Vatan ichra moʻʼjaz Vatandir. Biz bu iborani kundalik hayotimizda juda koʻp takrorlaymiz. Chunki ona Vatanimizning har tomonlama taraqqiy etishini taʼminlovchi barcha omillar ana shu moʻʼjaz goʻsha – oilamizga ham xos. Oilaning oʻz moliyaviy-iqtisodiy asoslari, boshqaruv tizimi, hatto oʻziga xos turmush tarzini ifoda etuvchi ichki qonun-qoidalari, xalqimiz taʼbiri bilan aytganda, tutumlari bor. Ana shu tutumlarga rioya etilmagan oilada hech qachon fayz-baraka, xotirjamlik boʻlmaydi. Demak, bizning bugungi suhbatimiz mavzusi oila qadriyatlari va tumanimizda oila institutini shakllantirish, bu moʻʼjaz Vatanda osoyishta va xotirjam hayot tarzini yaratishga koʻmaklashish borasida olib borilayotgan ishlar xususida.
Tahririyatimiz mehmoni tuman FHDYo boʻlimi mudirasi Sanobarxon Xolboyeva.
– Sanobarxon, avvalo tuman FHDYo boʻlimi tomonidan bevosita xalq orasiga kirib borib, ayniqsa, yosh oilalarning muammolarini oʻrganish yuzasidan amalga oshirilgan ishlar haqida bilgimiz keladi.
– Mamlakatimizda, shu jumladan, tumanimizda ham yosh oilalar bilan ishlashish boʻyicha juda keng qamrovli ishlar amalga oshirilayotgani quvonarli. Joriy yilning oʻtgan 10 oyi davomida bevosita mahallalar, IIB, taʼlim muassasalari, tuman Xotin-qizlar qoʻmitasi, “Oila” ilmiy-amaliy markazi bilan hamkorlikda 163 ta targʻibot tadbirlari oʻtkazildi. Xalq orasiga kirib borib, 7-marta sayyor qabullar tashkil etdik. “Oila dorilfununi”, “Yosh oila quruvchilar maktabi” jamoatchilik tuzilmalari va “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi bilan hamkorlikda tashkil etilgan oʻquv mashgʻulotlarida salkam 10 mingga yaqin yoshlar ishtirok etishdi. Mahalliy va respublika OAVlaridagi chiqishlarimiz, uzviylik asosida olib borilgan oʻquv-tarbiyaviy mashgʻulotlarimiz oʻz samarasini berdi. 2018-yilning 10 oyi davomida 42 ta notinch oilalar yarashtirilib, bu oilalarda sogʻlom maʼnaviy muhit yaratishga koʻmaklashildi.
– Shunday boʻlsada, tumanimizda nikohni bekor qilish bilan bogʻliq holatlar 2017-yilga nisbatan oshgan, buning sabablari nimada deb oʻylaysiz?
– Avvalo, biz ajrashishga qaror qilgan oilalarning bunday nomaqbul toʻxtamga kelish sabablarini oʻrganib, tahlil qilamiz. Iloji boricha er-xotinni yarashtirib qoʻyishga, oʻrtada farzandlari boʻlsa, ularning tirik yetim boʻlishlarining oldini olishga intilamiz. Oilaviy ajralishlarning sabablari koʻpincha oʻzaro kelishmovchilik, giyohvandlik, ichkilikbozlik, er-xotinning uzoq vaqt birga yashamasligidan kelib chiqayotganini taʼkidlash kerak. Xususan, oʻtgan 10 oy davomida 91 ta oila nikohdan ajralishdi. Ushbu nikohdan ajralish holatlarini tahlil qilib koʻrganimizda, 5 nafari farzandsizlik sababli, FHDYo boʻlimiga bergan oʻzaro kelishuv arizasi asosida, 47 nafari Fuqarolik ishlari boʻyicha tuman sudining 2018-yilgi nikohni bekor qilish haqidagi qarori asosida va 39 nafari fuqarolik ishlari boʻyicha sudlarning oʻtgan yillarda chiqarilgan qarorlari asosida amalga oshirildi.
– Oilaviy ajralishlarning oldini olish, otalik belgilash masalalari qanday hal etilmoqda?
– Yuqorida aytganimdek, oilaviy ajralishlarni kamaytirish maqsadida biz masʼullar bilan hamkorlikdagi targʻibot tadbirlariga alohida eʼtibor berayotirmiz.
Ayniqsa, yosh oilalarning huquqiy madaniyatini oshirish, erta turmush qurishning oldini olish, yangi turmush qurayotgan yoshlarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish borasidagi tuman “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi, mahallalar va “Oila dorilfununi” jamoatchilik tuzilmasi, tuman Tibbiyot birlashmalari bilan hamkorlikdagi amaliy ishlarimiz oʻz samarasini bermoqda. Oʻtgan 10 oy ichida 1335 ta nikoh qayd etildi. Tibbiy koʻrik natijalariga koʻra, 16 nafar nikohlanuvchilarning kasalliklari aniqlandi va ularga davolanishga yoʻllanma berildi. Ayrim sabablarga koʻra, farzandlari qonuniy nikohdan oʻtmasdan oldin tugʻilgan va bola tugʻilgandan keyin FHDYo boʻlimiga nikohdan oʻtishga murojaat qilgan 261 nafar yosh ota-onalarning farzandlariga otalik belgilanib, tugʻilganlik haqidagi guvohnomalar topshirildi. Qoʻshni Turkmaniston Respublikasidan kelin boʻlib tushgan onalar, birinchi turmushidan ajrashib, ikkinchi marta turmush qurgan va farzandli boʻlgan onalarni yillar davomida qiynab kelayotgan muammo – farzandiga tugʻilganlik haqidagi guvohnoma olish masalalari ijobiy hal etildi.
– Razm solib qaralsa, tuman FHDYo boʻlimiga ajrashish niyatida keluvchilarning koʻpchiligi 19-22, nari borsa 25 yoshlilar. Yoshlarimizning bunday qarorga kelishlarining asosiy sababi nimada deb oʻylaysiz?
– Sababi juda oddiy va arzimas xatti-harakatlar. Yoshlarda eng avvalo, sabr-toqat yetishmaydi, nihoyatda qanoatsiz. Oilalarda boʻlganimda koʻp bora ana shunday holatlarga duch kelganman. Bugungi yoshlar hamma narsasi badastir boʻlishini xohlaydilar. Ayniqsa, mol-mulk masalasida. Barcha sharoitlarga ega uy-joy, mashina, bashang kiyim-kechak. Axir bu moddiyatlar mehnat evaziga keladimi? Qandaydir moʻʼjiza bilan osmondan tushmaydiku!
Xalqimizda shunday hikmat bor: “Ozga qanoat va sabr qilmasang, koʻpga yetmaysan”. Demak, toʻkin-sochin, fayzli hayot tarzini yaratish uchun yillar kerak boʻladi. Sabr-qanoat, uddaburonlik kerak boʻladi. Yoshlarimiz ana shunday hayotga yetishmoqliklari uchun, oʻz oila qoʻrgʻonining mustahkamligi uchun eng avvalo, fidoyi boʻlmoqlari zarur. Oila obodligi uchun fidoyilik esa baxtiyorlik sari qoʻyilgan ezgu qadamdir.
– Sermazmun suhbatingiz uchun tashakkur!
– Minnatdorman.
Suhbatdosh Robiya YOʻLDOShEVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶