Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga nomzodlar saralandi


Mamlakatimizda xotin-qizlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularning davlat va jamiyat qurilishidagi faolligini oshirish, hayotda, oilada, oʻqishda va ishda, jamoatchilik orasidagi obroʻ-eʼtiborini yanada yuksaltirish, oʻz iqtidorlarini namoyon etishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish davlat siyosatining eng ustuvor vazifalaridan biri sanaladi. Ayolni hamisha muqaddas bilish, unga alohida ehtirom koʻrsatish esa azaliy qadriyatlarimiz sirasiga kiradi. Shu bois, mamlakatimizda xotin-qizlarning barcha sohalar boʻyicha erishayotgan yutuqlari alohida eʼtirof etilib, moddiy va ularni maʼnaviy ragʻbatlantirish doimiy anʼanaga aylangan. Ayniqsa, iqtidorli ayol-qizlarning adabiyot, sanʼat, fan va madaniyat, sportni rivojlantirishdagi yutuqlari, tengdoshlarining milliy istiqlol gʻoyalari va madaniy-maʼnaviy qadriyatlarga eʼtiqodining yuksalishi yoʻlidagi ibratli faoliyati, keng koʻlamli islohotlarni jadallashtirishdagi faol ishtirokini ragʻbatlantirish maqsadida 1999-yil Oʻzbekiston Pespublikasi Prezidenti tomonidan qabul qilingan “Zulfiya nomidagi Davlat mukofotini taʼsis etish boʻyicha takliflarni qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisida”gi Farmon ijrosini taʼminlash yuzasidan olib borilgan ishlar Oʻzbekiston xotin-qizlari hayotida ijobiy oʻzgarishlar yasadi.
Avvalo, yuqoridagi Prezident Farmoni oʻzbek xalqining buyuk farzandi, Oʻzbekiston Qahramoni, xalq shoirasi, adabiyot sohasidagi bir necha nufuzli xalqaro mukofotlar sohibasi Zulfiyaxonim dahosiga yuksak ehtirom ifodasi boʻlsa, bu mukofotning taʼsis etilishi xalqimizning nihoyatda iqtidorli, yuksak maʼnaviyatli, jamiyatda katta hurmat va eʼtibor qozongan, turli sohalarning fidoyilari boʻlgan yoshlar mehnatini ragʻbatlantirishning muhim omili boʻldi.
Oʻtgan 17-yil davomida ana shu nufuzli mukofot bilan taqdirlangan 200 nafardan ziyod ayol-qizlar oʻz sohalari boʻyicha yuksak natijalarni qoʻlga kiritmoqdalar va bunday iqtidorli qizlar safi yil sayin oshib bormoqda.
Zulfiyaxonim qizlari koʻrik-tanlovining bu yilgi maktablararo, hududiy va tuman bosqichlari yanada koʻtarinki ruhda oʻtkazildi.
Shu yilning 19-oktyabr kuni tuman madaniyat uyi binosida mazkur koʻrik-tanlovning tuman bosqichi boʻlib oʻtdi. Koʻrik-tanlovning ochilish marosimida tuman hokimi muovini, tuman xotin-qizlar qoʻmitasi raisi Maryam Ahmedova Zulfiya nomidagi Davlat mukofotining taʼsis etilishi va mamlakatimizda ayol-qizlarining ijodkorlik salohiyatini rivojlantirish yuzasidan qabul qilingan Prezident Farmonlari va hukumat Qarorlari, shuningdek Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga nomzodlar uchun qoʻyiladigan talablar haqida batafsil maʼlumot berdi va adabiyot, sanʼat, madaniyat, fan va taʼlim, sport hamda jamoatchilik yoʻnalishlari boʻyicha tuzilgan komissiyalar tarkibi bilan tanishtirdi.
Shundan soʻng har bir yoʻnalish boʻyicha nomzodlar erishgan yutuqlar yuzasidan taqdim etilgan hujjatlar ochiqlik va shaffoflik asosida komissiyalar tomonidan tahlil etilib, eng iqtidorli deb topilgan nomzodlar tanlab olindi.
Nomzodlarni saralashda ishtirokchilarning nafaqat iqtidori va qobiliyatlari, balki yuksak did va madaniyatiga ham alohida eʼtibor berildi.
Koʻrik-tanlovning tuman bosqichi gʻoliblariga Qoraqalpogʻiston Pespublikasi miqyosida ishtirok etishlari uchun yoʻllanmalar berildi.
Pobiya Yoʻldosheva.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶