ShU YuRT – AZIZ VATANIMIZ
Oʻzbekistonda asrlar osha totuv va hamjihat yashab kelayotgan barcha millat vakillari bu diyorni oʻz ona Vatani deb biladi. Oʻzini shu Vatanga bagʻishlab, yurt ravnaqi uchun kuch-gʻayratini fido qiladi.
Tumanimizda ham qozoq, turkman, rus, koreys kabi millat vakillari oilalari doʻst-inoq boʻlib yashab, xalq xoʻjaligining turli sohalarida mehnat qilib kelishmoqda. Ota-bobolari qozogʻistonlik boʻlgan Soatboy ogʻa Qutlimurodov ham umr yoʻldoshi Sharofat opa Safarboyeva bilan shu el xizmatida boʻlib, farzandlarini ham yurt koriga yaraydigan insonlar qilib voyaga yetkazishdi.
– Oqtoʻbedan kelib, shu yerni Vatan tutgan ota-bobolarimiz dehqonchilik va chorvachilik bilan shugʻullanishgan, – deydi Soatboy ogʻa Qutlimurodov. – Biz besh ogʻa-ini edik. Ogʻalarim hammasi quruvchilik sohasini tanladi. Katta ogʻam Sogʻinboy Ismoilovning tumandagi koʻpgina ijtimoiy va maishiy xizmat koʻrsatish muassasalari binolari qurilishiga mehnati singganligini faxr bilan ayta olaman. Men ham ogʻalarimga havas qilib, shu kasbni tanladim va ishni prorablikdan boshladim.
Tumandagi “Amudaryotutinuv” masʼuliyati cheklangan jamiyatida tadbirkorlik qilayotgan Soatboy Qutlimurodov koʻp yillar umumiy ovqatlanish korxonasida direktorlik qildi. Keyinchalik non kombinati boʻlim mudirligiga tayinlandi.
Istiqlol sharofati bilan tadbirkorlikka keng imkon berilganidan soʻng, oʻz faoliyatini tadbirkorlik sohasida davom ettirdi. Ogʻaning umr yoʻldoshi Sharofat opa Safarboyeva esa koʻp yillar savdo sohasida mehnat qilib, hozirgi kunda nafaqa gashtini surmoqda. Ular birgalikda 5 nafar farzandni komil insonlar qilib tarbiyalashdi. Hozirgi kunda katta farzandi Eldor Ismoilov – tadbirkor, qizlari Zina va Dina – oʻqituvchi, Ilyos – tuman Jinoiy ishlar boʻyicha sudida devonxona boʻlimi mudiri, Ixlos esa tuman Tibbiyot birlashmasida injener-quruvchi boʻlib, ota-onalari kabi el-yurtga va jamiyatga naf keltirishmoqda.
– Bu yer – bizning ona Vatanimiz. Shu yurtda kindik qonimiz tomgan. Toʻy-maʼrakamiz, urf-odatimiz, tilimiz va dinimiz ham bir, qon-qarindosh boʻlib yashayotgan xalqimizga va bizga makon boʻlgan bu yurtga mehru-muhabbatimiz cheksiz. Shu bois tumanimiz, mamlakatimiz ravnaqi uchun bor imkoniyatimizni ishga solamiz. Mamlakatimiz mustaqilligining 27 yilligi bayramini biz ham shodu xurramlikda qarshi olayapmiz, – deydi faxr bilan Soatboy ogʻa Qutlimurodov.
«Farovon» mahallasida Soatboy ogʻa va Sharofat opalar oilasi farzandlari, kelin-u kuyovlari, nevaralari ardogʻida tinch-totuv hayot kechirayotgan oilalardan biri hisoblanadi. Bu oiladagi mehr-oqibat, totuvlik, saranjom-sarishtalik, fayz-u barakani har qancha ibrat qilib koʻrsatsa arziydi.
O.XUDOYBERGANOVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶