ONA SUTI bilan SINGGAN TUYGʻU
Vatan. Shu birgina soʻzda olamga tatigulik teran maʼno yashiringan. Mening Vatanim, aziz diyorim, jonimdagi jon Oʻzbekistondir. Bilmam, Vatan mehri qaydan singmish jonimga, onam suti birlami, otam oʻgiti ila!
Har bir insonning ilk muhabbati Vatanga boʻlgan muhabbatidir. Baʼzi bir insonlar borki, qalbi muhabbatga limmolim-u baralla aytmaydi. Ammo amalda Vatan uchun dunyolarcha ish qilib qoʻyadi. Baʼzilar esa tildan qoʻymaydi. Ammo ular bilmaydiki, asl muhabbat tilda emas, dilda boʻlishini. Vatan mehri, yurt muhabbati qalb toʻrida gavhardek saqlanmogʻi lozim. Qalb gavhariga xiyonat qilmoq esa eng yomon illatdir. Vatanga xiyonat qilmoq bu, to chaqaloqligingdan katta boʻlguningga qadar bagʻrida orom olgan beshikka, onaga xiyonatdir. Bu haqda oʻylashning, tasavvur etishning oʻzi mushkul, toʻgʻrirogʻi, dilni xira qiladi, qalbni larzaga keltiradi, butun vujudni titroqqa soladi.
Xiyonatkor... U qanday insondirki, uni mehr belanchagida allalagan ota makonini jaraq-jaraq pullarga alishadi. Bunday jirkanch ishni qilgan insonlarning yuragida asl yurak emas, bir parcha goʻsht urib turadi. Insonlar erta tongda gullarning yuzidagi tomchilarni koʻrib, shabnam tushibdi, deyishadi, ammo bu Vatanga qilingan va qilinayotgan razilliklardan dili vayron boʻlib, qalbi chok-chokidan soʻkilib, yurak-bagʻri ezilgan Vatanning koʻz yoshidir, balki Qarangki, dunyodagi jamiki jonzotda Vatan mehri, yurt ishqi toʻlqinlanib turadi, mayli, ularni ongsiz deylik, ammo nega unda yantoqni chamanda oʻstirib boʻlmaydi, nega unda qoʻshnimizning tovugʻi bizning hovliga kelib yashayvermaydi, bu savollarga bittagina javob – bu moʻʼjazgina Vatandir.
Demak, biz ona-Vatanning har bir gʻamxoʻrligiga munosib boʻlishga intilishimiz kerak. Oʻqishda, jamoat ishlarida faol boʻlishimiz, oʻz fidoyiligimiz, ezgu ishlarimiz bilan ona yurt taraqqiyotiga hissa qoʻshishimiz kerak. Dunyoda hech narsaga almashtirib boʻlmaydigan, kelajagi buyuk Vatanimizni koʻz qorachigʻidek asrash biz yoshlarning farzandlik burchimizdir.
Sveta ShOMURODOVA,
11-maktab oʻquvchisi, tahririyatning
“Yosh muxbirlar” toʻgaragi aʼzosi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶