MAHORATLI MUALLIMA
Tumanimizdagi 42-sonli umumtaʼlim maktabi rus tili fani oʻqituvchisi Roza Jumaniyozova rus tilini oʻrganishga qiziquvchi oʻquvchi-yoshlar bilan ishlashishda oʻz uslubiga ega oʻqituvchilardan. U darslarida zamonaviy pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan mohirona foydalanadi.
Yaqinda Roza Jumaniyozova 3-sinfda “Schitayem po poryadku” mavzusida ochiq, namunali dars oʻtdi. Dars noanʼanaviy usulda tashkil qilindi. Oʻqituvchi mavzuga tarqatma materiallar tayyorlagani dars taʼsirchanligini yanada oshirdi. Ob-havo, uyga berilgan vazifalar yuzasidan boʻlgan savol-javoblar oʻquvchilar bilimini mustahkamladi.
Yangi mavzu bayonida ibratli ertak orqali oʻquvchilar teatrlashgan mashgʻulotda ishtirok etdilar. Chol, kampir, nabira, kuchukvoy rollarida oʻquvchilar ertak qahramonlariga aylandilar. Mahoratli oʻqituvchi bolalarda birgalikda ishlash, doʻstona munosabatda boʻlish, samimiylik, intiluvchanlik kabi fazilatlarni shakllantira oldi.
Olingan bilimlarni mustahkamlash uchun bajarilgan mashqlar va bolalarning taassurotlari, talaffuzda qiyin boʻlgan soʻzlar ustida ishlash jarayoni, uyga berilgan yangi vazifa, barcha-barchasi qiziqarli boʻldi va oʻtilgan bir soatlik dars, nazarimda, toʻla oʻzini oqladi.
Men oʻz hamkasbimning bir soatlik darsini tahlil qilarkanman, shunday xulosaga keldim: xorijiy tillarni oʻrganish oʻquvchilar uchun juda qiziqarli va zavqli! Yuqoridagi kabi noanʼanaviy usulda dars oʻtish esa oʻquvchilarda hozirjavoblik, aniqlik, mulohaza yuritish, nutqining rivojlanishini shakllantiradi, dars sifatini oshiradi, oʻquvchilarning bilim doirasini kengaytiradi, tafakkurini boyitadi.
Men barcha hamkasblarim darslarni mana shunday namunali tarzda tashkil qilishlarini istardim.
Gavhar ABDULLAYeVA,
42-sonli maktabning biologiya fani oʻqituvchisi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶