OChIQ DARS-MAShGʻULOTLARI MAHORATLI OʻQITUVChILAR VA BILIMDON OʻQUVChILARNI KAShF ETISh IMKONINI BERMOQDA
Bugungi kunda umumtaʼlim maktablari oʻqituvchilarining kasbiy mahoratini oshirish, oʻtilayotgan darslar, toʻgarak va laboratoriya mashgʻulotlarining oʻquvchilar uchun yanada qiziqarli boʻlishini taʼminlash maqsadida zamonaviy pedagogik texnologiyalar hamda innovatsion gʻoyalardan samarali foydalanish, ilgʻor oʻqituvchilarning dars ishlanmalarini amaliyotga keng joriy etishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bunda, albatta, ochiq darslarning ahamiyati katta. Chunki ochiq darslar nafaqat mahoratli oʻqituvchilarni, balki fanlar yoʻnalishlari boʻyicha iqtidorli oʻquvchilarni ham kashf etish imkonini beradi. Biz bunga joriy yilning 11-dekabr sanasida Amudaryo tuman Maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi tasarrufidagi 70-sonli umumtaʼlim maktabida oʻtkazilgan ochiq darsni kuzatish jarayonida yaqqol guvoh boʻldik.
Dastlab maktabning 4-sinf oʻqituvchisi Latifa Saidabdullayeva rahbarligida ona tili fanidan tashkil etilgan ochiq darsda ishtirok etdik. Mazkur darsda oʻqituvchi oʻquvchilarga soʻz turkumlari, matnda soʻz qoʻllash sanʼati, soʻzlarning maʼnolari, gap tuzish va tinish belgilarining ahamiyati xususida batafsil tushunchalar berdi. Dars jarayoniga oʻquvchilarning faol aralashuvini taʼminlab, partalar qatori boʻyicha soʻz yasash qoʻshimchalari yordamida yangi soʻzlar yasash, gap tuzish boʻyicha musobaqalar oʻtkazdi. Soʻng oʻquvchilar bilimini sinovdan oʻtkazish maqsadida guruhlararo savol-javoblar tashkil etib, oʻquvchilarda ona tilini mukammal oʻrganishga boʻlgan intilish va qiziqish hissini uygʻotishga erishdi.
Ochiq dars mashgʻulotini maktab direktorining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari Gulimboy Yusupov, oʻquv ishlari boʻyicha oʻrinbosari Ulugʻbek Jumamurodov, maktab psixologi Muhayyo Oʻrinboyeva hamda ona tili va adabiyot fani oʻqituvchisi Rayhon Jumaniyozovalar kuzatib, tahlil qilib bordilar va Latifa Saidabdullayeva tomonidan amalga oshirilgan ochiq dars muvaffaqiyatli tarzda oʻtkazilgani, oʻquvchilarning faolligi oshganini va dars jarayoni orqali oʻquvchilarda oʻz ona tili bilan faxrlanish tuygʻusini uygʻotganini taʼkidladilar.
Shu kuni maktabning tabiiy fanlar boʻyicha uslub birlashmasi rahbari Lola Abdullayeva rahbarligida “Is gazidan zaharlanishning oldini olish va birinchi yordam koʻrsatish” mavzusida kimyo kechasi tadbiri ham tashkil etildi. Tadbirda maktabning 8-9-sinflar oʻquvchilari ishtirok etishdi. Oʻquvchilar guruhlarga boʻlingan holda oʻzlarining kimyo fanidan olgan bilimlarini sinovdan oʻtkazdilar, biri-biridan qiziqarli savol-javoblar orqali kimyo fanining moʻʼjizaviy qudrati, mamlakatimiz taraqqiyoti va xalqimiz hayotida tutgan beqiyos katta oʻrni xususida misollar keltirib, masalalar yechdilar.
Ayniqsa, “Is gazidan zaharlanishning oldini olish va unda birinchi yordam koʻrsatish” mavzusiga doir sahna koʻrinishi va qiziqarli amaliy mashgʻulotlar kuzatuvchilar tomonidan maktab oʻqituvchilarining tabiiy fanlarni oʻqitishda oʻziga xos tajribaga ega ekanliklarining amaliy isboti sifatida eʼtirof etildi.
Kimyo kechasi tadbiridan soʻng shu kungi rejaviy jadval asosida maktabning 4-sinf oʻquvchilari ishtirokidagi “Hosil bayrami” tadbiri ham oʻtkazildi. Oʻquvchilar qalbida ona tabiatga boʻlgan mehr-muhabbatni yanada mustahkamlash, mirishkor dehqonlarimiz tomonidan yetishtirilgan noz-neʼmatlarning qadriga yetish, oʻsib kelayotgan yosh avlodni atrof-muhitni avaylab-asrash ruhida tarbiyalash maqsadida Latifa Saidabdullayeva tomonidan 4-sinf oʻquvchilari ishtirokida tashkillashtirilgan mazkur tadbirda oʻquvchilar turli poliz va sabzavot mahsulotlari va mevalarga sheʼriy taʼriflar berishdi. Atrofimizdagi olam – quyosh, yer, suv, havo, jonli va yashil tabiatning insonlar uchun barqaror va farovon, goʻzal hayot manbai boʻlib xizmat qilishi toʻgʻrisidagi fikr va tushunchalarini ifodaladilar.
Maktab maʼmuriyatining rejaviy jadvaliga koʻra tashkil qilingan 8-9-sinf oʻquvchilarini “PISA—2025” baholash dasturiga tayyorlash borasidagi ishlar bilan ham yaqindan tanishdik. Maktabda Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi Vazirining tegishli buyrugʻiga asosan oʻquv ishlari boʻyicha direktor oʻrinbosari Ulugʻbek Jumamurodov rahbarligida muntazam ravishda pedagog xodimlarning kasbiy mahoratini oshirish boʻyicha aniq va tabiiy fanlar kesimida “Kasbiy rivojlanish soati” seminar-treninglari ham oʻtkazib turiladi. Shuningdek, 9-sinf oʻquvchilarining aniq va tabiiy fanlar yoʻnalishlari boʻyicha “GEREBRY” platformasidan foydalanib, aniq va tabiiy fanlar boʻyicha topshiriqlarni bajarish yuzasidan tahliliy ishlar ham amalga oshirilayotgani oʻquvchilarning mazkur yoʻnalishdagi fanlarni muvaffaqiyatli oʻzlashtirish imkonini bermoqda.
Maktab pedagogika jamoasining oʻzaro hamjihatlik bilan amalga oshirayotgan ishlari, zamonaviy pedtexnologiyalar va ilgʻor oʻqituvchilarning namunali dars ishlanmalarini amaliyotga izchil joriy etishga qaratilgan ochiq dars mashgʻulotlari oʻquvchilar bilimini yanada mustahkamlash imkonini bermoqda.
Robiya Yoʻldosheva.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶