BIRINChI PREZIDENTIMIZ I.A.KARIMOV GʻOYaLARIGA SADOQAT TUYGʻULARI UFURGAN INShOLAR
Amudaryo akademik litseyida Oʻzbekistonning Birinchi Prezidenti I.Karimov tavalludi kuniga bagʻishlangan “Mening birinchi Prezidentim” deb nomlangan insholar tanlovi oʻtkazildi. Avval guruhlarda, soʻngra guruhlararo boʻlib oʻtgan mazkur tanlovda 30 nafar oʻquvchi akademik litsey gʻolibligi uchun oʻz bilimlarini sinovdan oʻtkazishdi.
Fikrlar, dunyoqarashlar, adabiy-badiiy yetuklik sinovida uch nafar oʻquvchi – 308-guruh oʻquvchisi Shohista Shomurodova, 206-guruh oʻquvchisi Sevara Ismoilova, 102-guruh oʻquvchisi Sevara Xaliyevalar gʻoliblikni qoʻlga kiritishdi.
Tanlov gʻoliblari yozgan insholar bilan tanisharkanmiz, ularning Islom Karimov shaxsi bilan nafaqat qiziqishlari, balki Oʻzbekiston xalqining aziz farzandi, buyuk davlat barpo etgan donishmand inson, ilm va zakovatda tengsiz davlat va siyosat arbobi Islom Karimov bilan faxrlanish tuygʻusi bugungi yoshlarga kuch-qudrat baxsh etishini, kelajakka ishonch uygʻotishini his etdik.
“ – Oʻzbekistonning barcha yoshlari mening farzandlarimdir, – der edilar doim Islom Karimov, – deb yozadi Shohista Shomurodova oʻz inshosi xulosasida. – Islom Karmiov to soʻnggi nafasigacha yoshlarni qoʻllab-quvvatlashdan, ularning oʻqish, ish, yashash sharoitlarini yaxshilashdan aslo charchamadilar. Hatto 2008-yilni “Yoshlar yili” deb eʼlon qildilar. “Farzandlarimiz bizdan koʻra kuchli, bilimli, dono va albatta, baxtli boʻlishlari shart”, – deb har kuni takrorladilar. Biz yoshlar Birinchi Prezidentimizning ishonchini albatta oqlaymiz!”
***
Sevara Ismoilovaning fikrlari yanada teran, oʻziga xosligi bilan ajralib turadi. Buni Sevara yozgan inshoning muqaddimasidanoq sezish mumkin.
“Mustaqil Oʻzbekistonning Birinchi Prezidenti I.A.Karimov shu millat, shu aziz Vatan uchun oʻz jonini tikdi, oʻzbek xalqining kelajagini oʻylab qilgan ezgu ishlarining sanogʻi behisobdir”.
Bu boradagi fikrlarini Sevara aniq misollar orqali dalillaydi. Bilimi sayoz ichki dushmanlar qarshisida koʻksini qalqon qilgan Islom Karimovning jasoratini “mislsiz, metin iroda kuchining mahsuli”, deb taʼriflaydi. Bu jasoratli insonga nisbatan yuragida chuqur hurmat va ehtirom saqlagan Sevara Ismoilova oʻz fikrlarini “Islom Karimovning barcha ezgu ishlari avlodlar xotirasidan hech qachon oʻchmaydi, balki bu aziz nom millat, ona Vatan nomi bilan mangu yashayveradi” – deya yakunlaydi.
***
Sevara Xaliyeva inshosi bilan tanishib, bu qizimizning Islom Karimov asarlarining yaxshigina bilimdoni ekanligidan quvondik. Sevaraxon Islom Karimovning har bir asarining Oʻzbekiston xalqi hayotida, ayniqsa, dunyo siyosatdonlari orasida tutgan oʻrni va ahamiyati haqida mantiqiy fikrlar bildira olgan va tengdoshlaridan farqli oʻlaroq tahliliy xulosalarga boy insho ijod etgan. Nazarimizda, bu masalada insholar mualliflarining nechanchi oʻringa loyiq koʻrilishi emas, balki mazmun va mohiyatan fikr ilgʻorligi muhim. Birinchi Prezident asarlari mazmuni bilan bu insonning davlat rahbari sifatidagi faoliyati omuxtaligini Sevara uzviylik asosida ochib bergan. Ayniqsa, Birinchi Prezidentimiz ilgari surgan gʻoyalar va bu gʻoyalarning oʻzbek xalqi hayotidagi inʼikosi juda chiroyli yoritilgan Sevara Xaliyevaning xulosasi ham sodda, chiroyli:
“Mustaqil davlat boʻlishimiz, taraqqiy etishimiz, jahonga yuz tutishimiz uchun bor kuch-gʻayratini ayamagan Birinchi Prezidentimizga munosib izdosh boʻlamiz!”
Tahririyat.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶