IZLARIDA MEHR QOLDI
(Amu elining suyukli farzandi Jumamurod Chorshamovni eslab...)
Kishi hayotining mazmuni uning tirikligida jamiyat uchun qilgan manfaatli ishlari bilan belgilanadi. Ana shunday ezgulikka daxldor kishilar hayotdan koʻz yumganlaridan keyin ham tirik boʻladilar. Yosh avlodni Vatanga munosib farzandlar qilib tarbiyalashdek eng ezgu va mashaqqatli vazifani sadoqat bilan uddalagan, bor umrini yosh avlod taʼlim-tarbiyasiga bagʻishlagan, ibratli hayot yoʻlini bosib oʻtgan Jumamurod aka Chorshamov tumanimiz tarixi solnomasida abadiy yozib qoldirsa arziydigan tarixiy shaxsdir.
U 1919-yil Mangʻit tumanining Vaxum ovulida, serfarzand dehqon oilasida tugʻildi. Bolaligi zamonning oʻta ogʻir, toʻyib ovqatlanish koʻpchilik uchun katta bayram hisoblangan ocharchilik yillariga toʻgʻri keldi. Sal esini tanigach, har qanday sharoitda ham oʻqib-oʻrganish, bilim olish gʻoyat muhimligini anglab yetdi. Shu bois, Mangʻit tumanida ochilgan "Namuna” nomli yetti yillik tayanch (hozirgi 1-oʻrta umumtaʼlim) maktabiga 11 nafar qaldirgʻoch oʻquvchilardan biri sifatida qatnay boshladi.
1936-yil esa Urganchdagi oʻqituvchilar tayyorlash institutining fizika-matematika fakultetiga oʻqishga kirdi. Oʻqishni muvaffaqiyatli tamomlagach, Xiva shahridagi 3-sonli maktabgacha tarbiya pedagogika bilim yurtiga ishga yuborildi. Yosh mutaxassis oʻziga xos dars oʻtish uslubi, chuqur bilim va dunyoqarashining kengligi bilan tez orada jamoaning ilgʻor oʻqituvchilari qatoridan oʻrin oldi, oʻz bilimini va uslubiy mahoratini oshirish ustida tinimsiz ishladi.
– Mening matematika faniga boʻlgan ilk havasim tayanch maktabidan boshlangan, oʻqituvchilik kasbiga nisbatan qalbimda muhabbat uygʻotgan ona maktabimning issiq quchogʻi boʻldi – deya faxr bilan soʻzlardi u oʻz shogirdlariga.
U 1939-yil dekabr oyida armiya xizmatiga chaqirildi. Butun jahonga fashizm balosi xavf solib, Ikkinchi jahon urushi avjiga chiqqan paytda Jumamurod aka Chorshamov qoʻlida qurol bilan jangga kirdi. Moskva ostonalaridan Volga daryosi boʻylarigacha choʻzilgan frontning olovli nuqtalarida pulemyotchilar rotasiga komandirlik qildi, dushman bilan yakkama-yakka olishuvlarda bir necha marta yaralandi. Har safar gospitalda davolanib chiqishi bilan yana oʻz oʻrnini egalladi. Shu tariqa qon kechib, to Berlingacha bordi. Janglarda koʻrsatgan jasoratlari evaziga munosib taqdirlandi. Koʻksini 1-darajali "Vatan urushi” ordeni, "Jangovar xizmatlari uchun” va "Jasorat” medallari bezadi.
U buyuk Gʻalabani Elba daryosi boʻyidagi Roslau shahrida kutib oldi. Oradan olti oycha oʻtgach, ona shahriga qaytdi. Oʻzi savod chiqargan 1-sonli oʻrta maktabda yoshlarga fizika-matematika fanidan saboq berishga kirishdi. Shu-shu butun hayotini oʻsib kelayotgan yosh avlod taʼlim-tarbiyasiga bagʻishladi.
Jumamurod aka shunchaki dars oʻtish bilan cheklanmadi. Har doim zamonga hamnafas boʻlishga, pedagogik mahoratini oshirib borishga intildi. 1952-1957-yillarda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika institutining fizika-matematika fakultetini sirtdan tamomladi, oʻz faoliyati davomida oddiy muallimlikdan maktab direktori, xalq maorifi boʻlimi mudiri darajasigacha boʻlgan fidoyi mehnat yoʻlini bosib oʻtdi. Oʻz sohasida qariyb yarim asr samarali faoliyat yuritib, "Oʻzbekiston Respublikasi xalq taʼlimi aʼlochisi” koʻkrak nishoni, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining "Faxriy yorliq”lari bilan taqdirlandi.
– Agar oʻtgan umrni orqaga qaytarishning iloji boʻlgan-da edi, – derdilar doim ustoz biz shogirdlariga, – men yana xuddi ana shu, bosib oʻtgan yoʻlimdan borib, oʻqituvchilik kasbini tanlagan boʻlar edim.
Men har doim ustoz haqida oʻylaganimda shoira qizimiz Robiya Yoʻldoshevaning ushbu satrlari xayolimdan oʻtadi:
Mansab oʻtar mulk-taxti bilan,
Umr – daryo, oqib ketadi.
Oqil inson chin ahdi bilan,
Yuraklarga singib ketadi.
Mehringizdan suv ichgan dillar,
Poyingizga gullar ekadi.
Oʻtsa hamki oradan yillar,
Izingizni mehr oʻpadi.
Ustoz bugun oramizda yoʻq. lekin u kishining ilm-irfon ummoniga toʻla mehridan suv ichgan minglab shogirdlari hamon "Jumamurod Chorshamov” desalar, qalblarida cheksiz ehtirom ila ustoz xotirasi oldida bosh egadilar, u kishining poylariga gul sochgan kabi iforli soʻzlari ila yodga oladilar.
Garchi dunyodan oʻtganlariga uzoq yillar boʻlgan boʻlsa-da, hamon el-yurt qalbida ardoqlanayotgan aziz ustoz xotirasini abadiylashtirib, hech boʻlmaganda oʻzi yashagan koʻchaga u kishining nomi berilsa, nazarimda el-yurtning dilidagi ish boʻlardi.
Inson uchun faqat bir marta beriladigan qimmatli umr fursatlarining har bir onidan qay tarzda oqilona foydalana bilishning eng yorqin namunalaridan biri ustozimiz Jumamurod aka Chorshamovning hayotidir. Zero, bu hayot oʻlmas, oʻchmas hayot yoʻlidir-ki, u hamon har birimiz uchun ibrat maktabiga aylangan.
Bekman ALLABERGANOV, «Nuroniy» jamgʻarmasi tuman boʻlinmasi raisi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶