Savol bering, javob qaytaramiz
Savol: – Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligida xoʻjalik yurituvchi subʼektlarga, eng avvalo qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishi sohasiga xoʻjalik shartnomalarini tuzishda va ularni bajarishda amaliy yordam koʻrsatadigan boʻlim tashkil etilganligini eshitganmiz. Ushbu boʻlim haqida batafsil maʼlumotga ega boʻlishni istardik.
Javob: – Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2011-yil 23-avgustdagi PQ-1602-sonli Qarori bilan tasdiqlangan "Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi toʻgʻrisida”gi Nizomga muvofiq Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligida Shartnomaviy-huquqiy ishlarni nazorat qilish boʻlimi tashkil etildi. Bu boʻlim xoʻjalik yurituvchi subʼektlarga shartnomalarni, eng avvalo qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarish sohasiga xoʻjalik shartnomalarini tuzishda va bajarishda amaliy yordam koʻrsatadi.
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, ularni qoʻllab-quvvatlash, huquqiy himoyasini taʼminlash borasida qabul qilingan qonun hujjatlarining toʻlaqonli ijrosini taʼminlash, tadbirkorlarimiz uchun yangi imkoniyat va shart-sharoitlarni yaratib, ortiqcha byurokratik toʻsiq va gʻovlarni bartaraf etish, ichki bozorni raqobatbardosh va sifatli mahsulotlar bilan toʻldirish, yangi ish oʻrinlarini yaratish orqali aholi daromadlarini koʻpaytirishga va farovonligini oshirishga xizmat qiladi.
Mazkur masalalar yuzasidan fuqarolarimiz Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligining Shartnomaviy-huquqiy ishlarni nazorat qilish boʻlimiga shartnomaviy-huquqiy masalalar boʻyicha (0361) 223-34-00 ishonch telefoni orqali murojaat qilib, huquqiy yordam olish huquqiga egadir.
Savolga Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligining Shartnomaviy-huquqiy ishlarni nazorat qilish boʻlimi katta maslahatchisi B.PIRJANOV javob berdi.
Savol: – Aliment toʻlash toʻgʻrisidagi kelishuv qanday tuziladi va aliment toʻlash usullari hamda tartibi haqida maʼlumot bersangiz.
Javob: – Aliment toʻlash toʻgʻrisidagi kelishuv aliment toʻlashi shart boʻlgan shaxs bilan aliment oluvchi oʻrtasida (agar aliment oluvchi muomalaga layoqatsiz boʻlsa, uning qonuniy vakili bilan) Oʻzbekiston Respublikasi Oila Kodeksining 130-moddasiga binoan tuziladi.
Kelishuv yozma shaklda tuzilib, notarial tartibda tasdiqlanishi lozim. Toʻlanadigan alimentlarning miqdorini taraflar shu kelishuvda belgilaydilar.
Voyaga yetmagan bolalarga aliment toʻlash toʻgʻrisidagi kelishuvga binoan toʻlanadigan alimentning miqdori aliment sud tartibida undirilganda bolalar olishi mumkin boʻlgan miqdordan kam boʻlmasligi kerak.
Aliment toʻlash toʻgʻrisidagi kelishuv boʻyicha aliment toʻlash usullari va tartibi shu kelishuv bilan belgilanadi.
Alimentlar:
– aliment toʻlashi shart boʻlgan shaxsning ish haqi va (yoki) boshqa daromadiga nisbatan ulushlarda;
– vaqti-vaqtida pul bilan toʻlanadigan qatʼiy summada yoki bir yoʻla pul bilan toʻlanadigan qatʼiy summada;
– mol-mulk bilan yoki kelishuvda qayd etilgan boshqa usullarda toʻlanishi mumkin.
Savolga tuman 2-sonli davlat notarial idorasi ish yurituvchisi Sh.Atayev javob berdi.
Savol: – Men 5-yildan beri maktabda rus tili fanidan dars beraman. Joriy oʻquv yilida mazkur fandan dars soatlari qisqargani tufayli avval 18 soat dars bergan boʻlsam, bu yildan boshlab 10 soat berishdi. Bu amaldagi meʼyorning yarmi, xolos. Boshqa ikki nafar oʻqituvchi toʻliq stavkada ishlashyapti. Maktabimiz rahbari buni mening ulardan keyin ishga kelganim bilan izohladi. Shu toʻgʻrimi?
Javob: – Dars taqsimoti boʻyicha yuqori tashkilotlar tomonidan hech qanday koʻrsatma yoki yoʻriqnoma boʻlmaganligi sababli barcha umumtaʼlim maktablarida ushbu masala muammoli hisoblanadi. Masalani qisman boʻlsa-da hal qilish maqsadida tuman XTMFMTTE boʻlimi tomonidan 2015-yil 8-avgustdagi 212/2-sonli xat bilan dars taqsimoti boʻyicha metodik koʻrsatma berildi.
Unga koʻra, dars taqsimotida oʻqituvchiga quyidagi koʻrsatkichlar asosida darslar beriladi:
– maʼlumoti;
– malaka toifasi;
– oʻz fani boʻyicha chuqur bilim va yuqori kasbiy mahoratga ega ekanligi;
– AKT dan savodxonlik darajasi;
– pedagogik ish staji;
– malaka oshirish kursi va attestatsiyadan belgilangan vaqtda muvaffaqiyatli oʻtganligi;
– maktab miqyosida "Yaxshi muallim – sifatli taʼlim” baholash tizimida yuqori natija koʻrsatganligi;
– maktab miqyosida oʻqituvchining yuqori reyting koʻrsatkichga ega ekanligi;
– metodbirlashmaga rahbarlik qilishi;
– "Yilning eng yaxshi fan oʻqituvchisi”, "Bilimlar bellashuvi”, "Fanlar olimpiadasi” va boshqa koʻrik-tanlovlarda oʻzi hamda oʻquvchilari sovrinli oʻrin egallaganligi hisobga olinadi.
Yuqoridagi koʻrsatkichlar asosida kim yaxshi natijalarga erishgan boʻlsa, shu oʻqituvchi boshqalarga nisbatan koʻproq dars soatlari olish imkoniyatiga ega.
Savollarga tuman XTMFMTTEB mutaxassisi R.Matqurbonov javob berdi. Javoblar umumiy, tavsiyaviy xarakterga ega boʻlib, biror bir masalani hal qilishda aniq hujjat
sifatida qoʻllanilmaydi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶