ELGA YaRAShIQLI KEKSALAR
Yurtimizda koʻpni koʻrgan, oʻzlarining hayotiy tajribalari, xulosalari asosida yoshlarga ulkan saboqlar berib, turmushimiz goʻzal va fayzli boʻlishiga hissa qoʻshayotgan nuroniy keksalarimiz talay.
Umrining 102 bahorini qarshi olayotgan "Xizr eli” mahallasida istiqomat qiluvchi pir-u badavlat momo Pardagul Bekniyozova ana shularning biri.
Momoning bolaligi, yoshligi haqidagi gurunglariga quloq tutgan kishi ertak tinglaganday boʻladi. Biroq sobiq ittifoq davrida yurtdoshlarimiz boshidan kechirgan bunday zahmatli yillar, afsuski, haqiqat.
– Tong yorishmay paxta otizga tushar edik. To qorongʻu tushguncha tinimsiz ishlashga majbur edik. U paytlarda barcha suv yoʻllari qoʻl bilan qazilar, erkagu ayolga birday odimlab, ish hajmi teng oʻlchab berilar edi. Bola, oila tashvishi bilan faqat tunda shugʻullanar edik, – deydi momo oʻsha kunlarini xotirlab...
Pardagul Bekniyozova turmush oʻrtogʻi Hayitboy Bekniyozov bilan ana shunday ogʻir sharoitlarda yashab, ikki oʻgʻil, ikki qiz – Niyozjon, Avazjon, Sotiboldi, Sobirlarni dunyoga keltirib, el koriga yaraydigan insonlar qilib tarbiyaladi.
Hozir momo nevara, chevara, evaralarining sonidan oʻzi ham adashib ketadi, baʼzan.
– Yaqinda chovligʻim ham farzandli boʻldi. Ayollar bir tugʻsa, men toʻrt marta tugʻdim. Farzandlarimdan tashqari oqtiq, chovliqlarimni ham boqib ulgʻaytirdim. Endi quvligʻimning ham beshigini chayqab, allalab, oyoqlantirsam, degan umidim bor, – deydi momo.
Pardagul Bekniyozovani biz yoʻqlagan kuni 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni bayrami bilan qutlash uchun Mangʻit shahrida istiqomat qiluvchi singlisi Tajigul Qurbonboyeva ham tashrif buyurgan ekan.
– Xudoga shukr, el-yurtimizning, farzandlarimizning eʼzozidan, eʼtiboridan koʻnglimiz yuksalib, bugungiday farovon kunlarda yashamoqdamiz, – deydi mamnuniyat bilan opa-singil.
Bir yuz ikki yoshida ham hamon fikrlari teran, soʻzlari maʼnoli, hech kimning madadisiz oʻzini oʻzi eplashga harakat qilayotgan nuroniy momo Pardagul Bekniyozova va singlisiTajigul Qurbonboyevalar bilan biz ham el-yurtimizga fayz boʻlib, yana uzoq yashashini tilab xayrlashdik.
Oygul RAJABOVA.
(Foto - http://uza.uz)

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶