ELIM, YuRTIM, DEGAN NOMZODGA OVOZ BERAMIZ
Har qanday davrda ham mamlakat taraqqiyoti shu mamlakat rahbarining bilimi va salohiyatiga bogʻliq boʻlib kelgan. Bekorga xalqimiz "podshohlari bilimdon va odil yurt farovon va obod boʻladi”, – degan purmaʼno iborani yaratmagan.
Mening hayotimning asosiy qismi maktabda, maktab taʼlimi bilan bogʻliq tarzda oʻtdi. To nafaqaga chiqqunimcha oʻquvchilarga ona tili va adabiyot fanidan dars berdim. Xalqimizning bugungi obod va farovon turmush tarzi koʻz oʻngimda bunyod boʻldi, desam, hech mubolagʻa qilmagan boʻlaman. To bugungi dorilomon kunlarga yetguncha xalqimiz boshidan ne savdolar oʻtmadi. Sobiq ittifoqning qoliplashtirilgan siyosati hukm surgan yillarda zax va tomidan chakka oʻtib turadigan sinfxonalarda dars oʻtardik. Darslik kitoblar yetishmasligi tufayli tun boʻyi yangi mavzularni qoʻlda koʻchirib, ertasiga oʻquvchilarga tarqatib chiqardik. Oladigan maoshimiz u oylikdan bu oylikkacha yetmay, qarz koʻtarib yurardik.
Lekin xalqimiz ertangi kuniga ishonardi, yorugʻ, tarovatli kunlar orzusi bilan yashardi. Ming shukurki, ana shunday qutlugʻ kun keldi. Oʻzbekiston mustaqillikka erishdi. Mamlakatimizning bilimdon, kelajakni koʻra oladigan odil rahbari Islom Karimov boshchiligida Oʻzbekiston dunyo miqyosida munosib oʻrin egalladi. Xalqimiz oʻzining odil va bilimdon, xalqparvar yoʻlboshchisi atrofiga mustahkam jipslashdi. Ana shu jipslikning qudrati ila dunyo xaritasida oʻz taraqqiyot tamoyillariga ega, tez rivojlanib, gullab-yashnab borayotgan Oʻzbekiston davlati paydo boʻldi.
Men sobiq mustabid tuzum davrining qiyinchiliklariga, oʻsha davrdagi xalq hayotida yuz bergan xoʻrlik, kamsitishlarga guvoh boʻlgan ziyoli sifatida ishonch bilan aytamanki, Oʻzbekiston xalqi bugungiday dorilomon hayotni hech qachon koʻrgan emas!
Oddiygina misol, yaqin oʻtmishda muqaddas qadamjolar tugul, ota-onalarimiz qabrini ziyorat qilishdan, diniy eʼtiqodlarimizni emin-erkin ifoda etishdan, bulardan ham muhimi, siyosiy tadbirlarda oʻz fuqarolik burchimizni ado etishdan mosuvo edik. Ayniqsa, saylovlar masalasida xalq mutlaqo chetda qolardi. Markazdan belgilab qoʻyilgan bitta nomzod uchun ovoz berilardi, toʻgʻrirogʻi, "saylov” oʻtkazilardi.
Bugungi saylovlar esa mutlaqo demokratik tarzda oʻtkazilayotir.
Ayni kunda Oʻzbekiston xalqi eng muhim siyosiy tadbir arafasida turibdi. Mamlakat mustaqilligini yanada mustahkamlab, dunyoning eng rivojlangan davlatlaridan biriga aylantirishga qodir, elim, yurtim, degan Vatan fidoyilari ichidan eng bilimdon, adolatparvar va tinchlikparvar nomzod uchun ovoz berishga, 4-dekabr – Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida jipslik bilan ishtirok etishga taraddud koʻrmoqdamiz.
Xalqimiz mamlakat, kelajak avlodlarimiz taqdiri uchun masʼul boʻlgan munosib nomzod uchun ovoz berishiga ishonaman.
Gulsara KAMOLOVA, faxriy oʻqituvchi.
(Foto - OʻzA)

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶