EL ARDOFIDAGI INSON
Xudoyor Shomurodov 1946-yil 3 dekabrda Xorazm viloyatining sobiq Mangʻit tumanida Shomurod aka va Abadan opa Kamolovlar oilasida tavallud topdi.
Urushdan keyingi xalqning ahvoli nochor, deyarli hamma narsa yetishmaydigan 1953-60-yillarda hozirgi 26-sonli (sobiq Papanin nomli) maktabda oʻz davrining zabardast oʻqituvchilari Shomurod Davlatov, Ibrohim Masharipovlardan, keyin 1961-63-yillarda hozirgi 5-sonli maktab (sobiq S.Rahimov nomli)da Ismoil Xoʻjamuratov, Yoʻldosh Boltaboyev va Oʻktam Qurbonovlardek taʼlim fidoyilaridan tahsil olib, maktabni yaxshi baholarga bitkazdi. Shu yili Samarqand davlat tibbiyot institutining pediatriya fakultetiga oʻqishga kirib, uni 1969-yilda muvaffaqiyatli tamomladi. 1969-yilda Amudaryo tuman tibbiyot birlashmasiga ishga kelib, V.P.Gauxman, uning rafiqasi, bolalar shifokori Sara Mensojnik, Raʼno Abdullayeva, A.Madaminov, K.A.Ogay, Y.Xudoyberganov, Ya.Yavidov, A.Xoʻjametov, Q.Sabikov, I.Tajiboyev, B.Kenjayev, O.Xalimov, U.Jagʻalov, G.Sobirovalar, yaʼni tuman sogʻlikni saqlash tizimining dargʻalari bilan ishlash, ulardan oʻrganish, ayrimlariga oʻrgatish nasib qildi.
Xudoyor Shomurodov ishlagan davrlarda tumandagi shifoxonalarning moddiy texnika bazasi nihoyatda achinarli edi. Bu yetishmovchiliklarning salbiy oqibatlari ayniqsa bolalar oʻrtasidagi kasallikning koʻpayishiga va bolalar oʻlimgarchiligining yuqori boʻlishiga olib kelardi. Oʻsha yillar Xudoyor Shomurodov TTBning bosh pediatri, keyinroq TTB boshligʻining Onalik va bolalikni muhofaza qilish boʻyicha muovini boʻlib, koʻp yillar tunni-kunga ulab ishladi. Tuman sogʻlikni saqlash tizimidagi erishilgan ijobiy oʻzgarishlarga munosib hissa qoʻshdi. U oʻz vrachlik malakasini oshirish uchun Toshkent, Qozon va Samarqand shaharlaridagi malaka oshirish institutlarida oʻqidi, oʻrgandi va yetuk bolalar nevropatolog shifokori boʻldi. U nafaqat mahoratli shifokor boʻldi, balki shifoxonaning maʼnaviy, maʼrifiy, jamoat ishlarida faol qatnashdi.
Shifoxona kasaba uyushmasi aʼzosi hamda keyingi yillar OʻzXDP boshlangʻich partiya tashkiloti kotibi boʻlib, beminnat xizmat qildi. Xalq orasida "Xudoyor doktor” nomini oldi. Xudoyor Shomurodov 2011-yilda ishdan nafaqaga chiqqan boʻlsa-da, ota-onalarga bolani parvarishlash borasi-da, sogʻlom turmush tarzi ahamiyati haqida maslahatlar berishdan erinmaydi, ogʻrinmaydi.
Xudoyor nihoyatda kamtar, madaniyatli inson. Farzandlari Barno – oʻqituvchi, Feruza – bolalar shifokori, Alisher – tadbirkor, kichik farzandi Ollayor hali oʻquvchi.
Xudoyor Shomurodovning koʻp yillik sogʻlikni saqlash va jamoat ishlaridagi samarali mehnati munosib taqdirlandi. Unga 1990-yilda "Sogʻlikni saqlash aʼlochisi” koʻkrak nishoni berildi. 1994-yilda Oʻzbekiston Respublikasining birinchi taʼsis qilingan "Sogʻlom avlod uchun” ordenini shaxsan Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov qoʻlidan olishga muyassar boʻldi.
Xudoyor nafaqaga chiqqan boʻlsa-da, tinib-tinchimaydi. Yoshlikda mehnatga chiniqqan emasmi, dehqonchilikka, chorvaga hamda gullarga, kitobga shaydo. Rafiqasi Qurbongul bilan farzandlari, nevaralari qurshovida shu mashgʻulotlari bilan tinim bilmaydi. Xudoyor Shomurodovni 70 yoshlik yubileyi bilan samimiy tabriklaymiz, mustahkam sogʻlik, mazmunli umr, oilasiga baxt-saodat tilaymiz!
Sizga yana uzoq yillar xalq xizmatiga kamarbasta boʻlib yurish baxti nasib etaversin!
Doʻstlari va bir guruh faxriy shifokorlar nomidan Qoraqalpogʻiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan sogʻlikni saqlash xodimi Mavlanbergan TOJIBOYeV.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶