Fidoyi mehnatlar eʼtirofi
Muhtaram Yurtboshimiz I.Karimovning 2016-yil 1-iyuldagi Farmoniga muvofiq istiqlolimizning 25 yilligi munosabati bilan "Oʻzbekiston mustaqilligiga 25-yil” esdalik nishoni taʼsis etilgan edi.
Mazkur nishon bilan mamlakatimizda mustaqillikni mustahkamlashga, iqtisodiy, siyosiy, madaniy jihatdan yuksalishlarga ulkan hissa qoʻshgan, yosh avlod tarbiyasi, sarhadlarimizning xavfsizligi va daxlsizligini taʼminlash, mamlakatimizni demokratik yangilash va modernizatsiyalash ishlarida fidoyilik koʻrsatgan yurtdoshlarimizni nishonlash koʻzda tutilgan.
Butun mamlakatimizda istiqlol shukuhi hukmronlik qilayotgan shu qutlugʻ kunlarda "Oʻzbekiston mustaqilligiga 25-yil” esdalik nishoniga munosib koʻrilgan mehnat ilgʻorlariga, mehnat faxriylariga nishonni topshirish marosimlari tantanali ravishda oʻtkazilmoqda.
Tumanimizda ham eng ulugʻ, eng aziz bayramimiz – mustaqillikka erishilgan kun oldidan, 28-avgustda tuman hokimligi majlislar xonasida 81 nafar turli soha vakillariga, mehnat faxriylariga ushbu mukofotni topshirish marosimi boʻlib oʻtdi.
Tantanali marosimni tuman hokimi oʻrinbosari M.Temirboyev ochdi va olib bordi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi B.Yangiboyev mukofotlanganlarga esdalik nishonlarini topshirdi va samimiy qutladi. "Oʻzbekiston mustaqilligiga 25-yil” esdalik nishoni bilan taqdirlanganlar nomidan Mangʻit shahrining "Yangiobod” mahalla fuqarolar yigʻini raisi Zebogul Rajabova, "Nuroniy” jamgʻarmasi tuman boʻlinmasi raisi Bekmon Allaberganov, shifokor Sulton Tojiniyozovlar soʻzga chiqishib, Yurtboshimizning, tumanimiz rahbariyatining oʻz mehnatlarini yuksak eʼtirof etganliklari uchun ulkan minnatdorchilik bildirdilar.
- Men dastlab matbuot sohasida, keyinchalik, 30-yil taʼlim sohasida ishlab, nafaqaga chiqdim. Joriy yilda mahalladoshlarim yuksak ishonch bildirib, mahalla fuqarolar yigʻiniga rais qilib saylashdi.
Bayram arafasida muhtaram Yurtboshimiz imzosi bilan "Oʻzbekiston mustaqilligiga 25-yil” esdalik nishoni bilan taqdirlanganim butun mehnat faoliyatim davomidagi men uchun eng quvonchli voqea boʻldi, – dedi toʻlqinlanib Z.Rajabova oʻz soʻzida.
Ezgulik yoʻlidagi har qanday mehnat munosib baholansa, eʼtirof etilsa, yanada yangi muvaffaqiyatlar sari yoʻl ochadi. Biz bir guruh mehnat ilgʻorlarining esdalik nishoni bilan taqdirlanishida ham ushbu hayotiy hikmatning ifodasini koʻrish niyatida qolamiz.
Suratda: "Oʻzbekiston mustaqilligiga 25-yil” esdalik nishonini tantanali topshirish marosimidan lavha.
M.ShOMURODOV olgan surat.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶