FARZAND KAMOLI – OTA-ONA ORZUSI
(Bizning suhbat)
Onani oʻxshatdim goʻyo zaminga, bolasini esa bagʻrida ochilgan gulu-lolaga, onani oʻxshatdim-togʻlarga, suv kelsa, simirar, kor qilmas toʻfon, bolasini esa qoyachalarga, onani oʻxshatdim mevali daraxtga, bolasini esa mevalarga, onani oʻxshatdim atirgulga, bolasini ochilishga shay gʻunchalarga...
Bu qiyoslar cheksiz davom etishi mumkin. Ona-bola haqida, onaning farzandiga mehri beqiyosligini, farzandi uchun fidoyiligini qancha aytsak, ozday nazarimda...
Ha, ona farzandini qanchalik ardoqlasa, kamolidan shunchalik sevinadi. Oʻgʻil-qizining oilali boʻlib unib-oʻsib ketishini, oʻzidan tinishini juda-juda istaydi. Biroq buning uchun oilaning farzandga mehri yetarlimi? Tarbiyani qay yoʻsinda olib borsak, maqsad-muddaomizga yetamiz?
Quyida ikki keksa onaxonning bu boradagi mulohazalarini eʼtiboringizga havola etamiz.
- Maryam Qoʻchqorova:
- Ota-bobolarimiz qiz koʻrganlarga "qiz koʻribsan, qizil oltinli boʻlibsan”, - deb bejizga aytishmagan. Onasining sirdoshi, yordamchisi, uyning koʻrki ular. Qiz tugʻildi... Kechalari uxlamay beshikka bagʻringizni berib, tonglar ottirib kunlarning, oylarning qanday oʻtganini ham bilmaysiz. Atak-chechak qilganda koʻzlaringiz sevinchdan por-laydi. Oʻquvchi boʻlganida sochlariga lentalar taqib, maktab libosining yarashib turganini koʻrib, koʻnglingiz yayraydi. Aʼlo baholar olib kelganida yana quvonchingiz cheksiz. Ozgina shamollab qolsa, sizning joningiz unikidan koʻp ogʻriydi. Qoʻliga nina olib tugma qadasa, quvonchdan koʻzlaringizga yosh keladi. Birinchi bor ovqat pishirganida esa quvonchdan mast boʻlasiz. Oliy oʻquv yurtiga oʻqishga kirsa, u oʻqishni tugatguncha siz ham ming bir qiyinchiliklarni boshingizdan oʻtkazasiz. Birinchi maoshini qoʻlingizga tutqazganida yaratganga shukronalar aytasiz. Qizingizning shu tariqa voyaga yetganini sezmay qolasiz. Uyingizga sovchilar kela boshlaydi. Sizning qizingizdan koʻnglingiz toʻq. Nega deganda siz qizingiz sogʻligiga yoshligidan eʼtibor berdingiz, hunar oʻrgatdingiz, oʻqitdingiz, ishlayapti, oila qurish tushunchasiga ega. Kelin boʻlib borgan uy sharoitiga moslashib, yashab ketishiga ishonasiz. Demak, bu boʻlajak onadan sogʻlom farzand dunyoga keladi deb oʻylayman.
- Hojibika Bobojonova:
- Muhtaram Prezidentimiz sogʻlom ona-bola deganlarida, jismonan hamda maʼnan sogʻlikni koʻzda tutganlar. Farzand mulohazali, tartibli, iboli, oʻqimishli, kitobsevar, mehnatkash, sogʻlom boʻlsa, ham jismonan, ham maʼnan sogʻlom hisoblanadi. Yurtimizda buning uchun barcha shart-sharoitlar muhayyo.
Yoshligidan sportning qaysi turiga qiziqsa, shunga qatnashib, qanchadan-qancha chempionlar yetishib chiqayapti. Ular Vatanimiz bayrogʻini yuqori koʻtarmoqdalar, hunar egalari, tadbirkor qizlar ham bizning yurtimizda bisyor. Bu yetuklik emasmi?!
Oq yuvib, oq tarab, oʻqitib, har tomonlama kamolga yetkazgan insonning qizini kelin qildingiz. Oilada qaynona bilan kelin munosabatining yaxshi boʻlishida hikmat koʻpligi hech kimga sir emas. Qiz bola birovning uyiga kelin boʻlib tushdimi, demak, uning onasi oʻrnida qaynona, otasi oʻrnida qaynota, qaynogʻa-yu, qaynsingillar qurshovidagi oila muhitiga koʻnikishida qaynonaning roli kattadir.
Kelinning boʻyniga yangi oilasidagilarning koʻngliga yoʻl topish, kelinlik vazifalaridek masʼuliyat yuklangan. Bu yukni yengil qilish qaynonaga judayam bogʻliq. Kelinni oʻtirsa oʻpoq, tursa soʻpoq, deb sinovlardan oʻtkazaversa, uning koʻngli darz ketadi. Kelinni uy sharoitiga moslashtirish qaynonadan katta masʼuliyat talab qiladi. Qaynona kelinni oʻz qizidek koʻrsagina kelin oilaga tez moslashadi. Kelini asabiylashmay, sogʻ yursagina, qaynona sogʻlom nevarali boʻladi.
Kelinida homiladorlikni sezgan qaynona ishni kelinning nima yeyishidan boshlaydi, sogʻligiga eʼtiborini kuchaytiradi, dam olishiga sharoit yaratib beradi. Uyda sogʻlom turmush tarzi hukmron boʻlsa, kelin homiladorlik davrini yaxshi oʻtkazadi. Vaqtida ovqatlanib, vaqtida dam olib, shifokor nazoratidan oʻz vaqtida oʻtib, oʻziga eʼtiborli boʻlgan kelindan sogʻlom farzand tugʻiladi.
Maryam Qoʻchqorova:
- Sogʻlom ona va bola toʻgʻrisida fikr yuritar ekanmiz, koʻnglimdagi gaplarni aytmasdan ilojim yoʻq. Faraz qilaylik: chaqaloq eson-omon dunyoga keldi. Ona-bola sogʻ. Tugʻruqxonada ham ona-bola yotgan xonaga begonalar kiritilaveradi. Tugʻruqxonadan chiqadigan paytda-chi?! Tugʻruqxona oldiga kuyovning doʻstlari, qarindosh-urugʻlar bir toʻda boʻlib kelishadi, ona-bolani qarshi olishadi, chaqaloqning yuzini ochib koʻrishga, pul qistirishga harakat qilishadi. Bu harakatlari bilan chaqaloq sogʻligiga zarar yetkazishlari mumkinligini xayoliga ham keltirmaydilar. Kelin chaqaloqni "oʻpmang” deb ayta olmaydi. Qaynona ham istihola qiladi. Uylariga kelishgach ham yangi tugʻruqni boshidan kechirgan onaga, chaqaloqqa tinchlik yoʻq. Keluvchilar koʻp. Ularga kelin salomga chiqishi kerak. Kelgan insonlarga chaqaloq koʻrsatilmasa, xafa boʻlarmish. U kelgan insonning ehtimol, biron yashirin kasali bordir yoki shamollagandir. Buning bilan hech kimning ishi yoʻq. Axir ota-bobolarimizdan qolgan udumlar yaʼni chilla saqlash qayoqda qoldi? Ona bolani 40 kun chillada saqlashlarda olam-olam maʼno bor. Birinchidan, 40 kun ichida tuqqan ayol qayta quvvatga kiradi. Onaning issiq qornidan chiqqan farzand tashqi muhitga moslashadi, yomon nazardan, kasallik yuqishidan saqlanadi. Oʻzlaringiz aytinglarchi, 40 kun chilla saqlab, ona-bola sogʻlom boʻlgani yaxshimi yoki kelgan odamning koʻngli deb ularning sogʻligiga xavf tugʻdirgan durustmi? Demoqchimanki, ona bolani tashqi muhitdan keladigan zararlardan saqlash hammamizning burchimizdir. Shundagina ona-bola sogʻlom boʻladi.
Hojibika Bobojonova:
- Koʻngillarga ravshanlik beruvchi, qalbimiz quvonchi, onalik baxtiga yetgan qizlarimiz, kelinlarimiz omon boʻlishsin. Qoʻshganlari bilan qoʻsha qarisinlar. Naslimiz davomchilari sogʻ boʻlishsin, kelajagimiz boʻlgan aziz bolajonlarimiz koʻpayaversin. Olam bolalarimiz shodligiga toʻlsin. Azizlar! Farzandlarimizni bekamu koʻst, komil inson qilib tarbiyalashni oʻz oldimizga buyuk maqsad qilib qoʻyaylik!
Suhbatni Gulnora YuSUPOVA yozib oldi.
(Foto - http://www.uza.uz)

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶