ENG MUNOSIB NOMZODLAR SAYLANMOQDA
Ayni kunlarda mamlakatimizning barcha joylarida mahalla tarixidagi muhim ijtimoiy-siyosiy jarayon – fuqarolar yigʻini raisi va uning maslahatchilari saylovi uyushqoqlik bilan oʻtkazilmoqda. Saylov kuni oʻn sakkiz yoshga toʻlgan hamda tegishli hududda doimiy yashovchi fuqarolar oʻzi yashayotgan hudud taqdiriga daxldorlikni his qilgan holda bevosita yoki vakillari orqali eng munosib nomzodlar orasidan fuqarolar yigʻini raisi va uning maslahatchilarini saylamoqda.
Albatta, saylovni tashkil etish hamda oʻtkazish oshkoralik, muqobillik va teng saylov huquqi printsiplari asosida, ochiq va oshkora tarzda amalga oshirilmoqda. Saylovni tashkil etish hamda oʻtkazish jarayonlari ommaviy axborot vositalari tomonidan yoritib borilmoqda.
Saylovni tashkil etish hamda oʻtkazishda fuqarolar yigʻinlariga amaliy yordam koʻrsatish uchun tuzilgan tuman komissiyasi ham ushbu jarayonni tashkil qilish va oʻtkazishda zarur amaliy yordamlarni koʻrsatib kelmoqda. Jumladan, komissiya saylovni tashkil etish hamda oʻtkazish boʻyicha ishchi guruhlarning faoliyatini muvofiqlashtirib borish, hovlilar, uylar, koʻchalardan hamda shaharchalardagi, qishloqlardagi va ovullardagi mahallalardan fuqarolarning vakilligi normasini belgilash, ishchi guruhlardan fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) lavozimiga nomzodlarga doir hujjatlarni qabul qilib olish va uni tuman hokimi bilan kelishish hamda qonun doirasidagi boshqa vakolatlarini soʻzsiz amalga oshirib kelmoqda.
Tumanda fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovini tashkil etish hamda oʻtkazish uchun fuqarolar vakillarining yigʻilishi qarori bilan 47 ta ishchi guruhlar tuzilgan. Aytish kerakki, ishchi guruhlar joylarda saylovni qonun talablari asosida oʻtkazishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Barcha ishchi guruhlar fuqarolar vakillarining yigʻilishi oʻtkaziladigan sana, vaqt va joyni belgilash hamda bu haqda tegishli hududda yashovchi fuqarolarni xabardor qilish, hovlilar, uylar, koʻchalar hamda shaharchalardagi, ovullardagi mahallalar aholisining fuqarolar vakillari saylovi boʻyicha umumiy yigʻilishlarini tashkil etish va oʻtkazish, tegishli hududda doimiy yashovchi fuqarolarning fikrini hisobga olgan holda fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari lavozimiga nomzodlar boʻyicha takliflar tayyorlashda jonbozlik koʻrsatib, saylovni oʻtkazish uchun yuksak saviyada tayyorgarlik koʻrdilar. Eng muhimi, ishchi guruhlar aʼzolari tegishli hududda doimiy yashovchi aholining fikrini inobatga olgan holda el orasida obroʻ-eʼtiborga, tashkilotchilik qobiliyatiga ega fuqarolarni tanlab, fuqarolar yigʻini raisi va uning maslahatchilari lavozimiga nomzodlar boʻyicha takliflar tayyorladilar.
Shu oʻrinda haqli savol tugʻiladi: "Mahalla oqsoqoli” degan yuksak va sharafli nomga kimlar munosib boʻla oladi? Albatta, qonunda fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) lavozimiga nomzodlar Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari boʻlishi, qoida tariqasida, oliy maʼlumotga ega boʻlishi, bevosita saylovga qadar kamida besh yil tegishli hududda doimiy yashayotgan boʻlishi, tashkilotchilik qobiliyatiga, davlat organlarida yoki nodavlat notijorat tashkilotlarda yoxud tadbirkorlik va boshqa xoʻjalik faoliyati sohasida ish tajribasiga, shuningdek hayotiy tajribaga va aholi oʻrtasida obroʻ-eʼtiborga ega boʻlishi kerakligi koʻrsatib oʻtilgan.
Nomzod bevosita saylovga qadar kamida besh yil tegishli hududda doimiy yashayotgan boʻlishi kerakligiga oid talabning qonunchilikda oʻz aksini topganligi bejiz emas. Chunki shiddat bilan oʻzgarayotgan hozirgi zamonda u yoki bu ishni amalga oshirish uchun, masalaning negiziga yetib borish uchun oʻsha joyning oʻziga xos xususiyatlarini bilish, hududning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishidan xabardor boʻlish zarur.
Qoʻshimcha ravishda aytadigan boʻlsak, fuqarolar yigʻini raisi lavozimiga nomzod oʻzining namunaviy xulq-atvori, ijtimoiy faolligi, intizomi, masʼuliyati, jamiyatdagi obroʻ-eʼtibori bilan ham ajralib turishi lozim.
Chunki fuqarolar yigʻini raisi bugun fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari oldiga qoʻyilgan muhim vazifalarning bajarilishini taʼminlashda, jumladan, aniq yoʻnaltirilgan asosda aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, mahallani xususiy tadbirkorlik va oilaviy biznesni rivojlantirish markaziga aylantirish, davlat organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish va eng asosiysi, hududda ijtimoiy-maʼnaviy muhit barqarorligini taʼminlash, yoshlarni "ommaviy madaniyat”ning zararli taʼsiridan saqlash, yosh oilalarning jamiyatda mustahkam oʻrin egallashlarida yelkadosh boʻlish, bu borada ularga zarur koʻmak va maslahat berish ishlariga boshchilik qilishga qodir boʻlishi muhim ahamiyatga ega.
Fuqarolar yigʻini raisi elni birlashtirib, odamlarni ezgu orzu-umidlar atrofida jipslashtiradigan, mahallada kechayotgan jarayonlarni chuqur tahlil qilib, negiziga yetib boradigan shaxs boʻlishi lozim.
Ayni paytda fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari zimmasiga yuklatilgan keng koʻlamli vazifalarning amalga oshirilishini, xususan, hududlarda maʼnaviy muhit barqarorligini mustahkamlash, "Oila — mahalla — taʼlim muassasasi” hamkorligini samarali tashkil etish kabi ustuvor vazifalar ijrosini taʼminlash, bu borada fuqarolar yigʻinlari faoliyatining asosiy yoʻnalishlari boʻyicha komissiyalar ishini kuchaytirish, ushbu jarayonga keng jamoatchilikni jalb etish boʻlajak saylovlarda saylanadigan yigʻin raisi maslahatchilaridan ham yuksak bilim va malakani hamda tashabbuskorlikni talab etadi.
Umuman olganda, aholi oʻrtasida obroʻ-eʼtiborli, fidoyi, maʼnaviy yetuk hamda tashkilotchilik qobiliyatiga ega boʻlgan eng munosib nomzodlarning fuqarolar yigʻini raisi va uning maslahatchilari sifatida saylanishi mahallaning mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar jarayonidagi ishtirokini yanada kengaytirishga, uning nufuzini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Bahodir BOLTABOYeV,
tuman hokimligi tashkiliy-nazorat guruhi rahbari, fuqarolar yigʻini raisi va uning maslahatchilari saylovini tashkil etish hamda oʻtkazishga koʻmaklashuvchi tuman komissiyasi aʼzosi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶