SUV – BEBAHO NEʼMAT!
Olamda toza suvdan koʻra qimmatliroq, azizroq narsa boʻlmasa kerak. Usiz hayot yoʻq, boʻlishi ham mumkin emas. Buni har bir kishi tushunib yetishi, doimo esda tutishi va suvni ehtiyot qilishi ham farz, ham qarz. Suvni qadrlash – hayotni himoya qilish, sogʻlikni, farovonlikni, tabiat goʻzalligini himoya qilish degani. Chunki, biz kim, qaysi soha vakili boʻlmaylik, hayotimiz suv bilan bogʻliq.
Sayyoramizdagi toza suvni saqlab qolish ayni kunda butun insoniyatni jiddiy tashvishga solib turgan muammolardan biridir. Hozirgi kunimiz, kelajagimizning farovonligi va sogʻlom hayot tarzimiz, atrof-muhit goʻzalligi va tozaligi – suvga bogʻliq ekanligini koʻpchilik anglamaydi, suvni hech qachon tamom boʻlmaydigan boylik deb oʻylaydi. Asosiy chuchuk suv manbai bu – daryolardir. Bizning asosiy suv manbaimiz Amudaryo va Sirdaryo hisoblanadi. Hozirgi kunda bu ikkala daryoning suv zaxirasi kamayib bormoqda. Insonlar oʻz qoʻllari bilan tabiiy muvozanatning buzilishiga sababchi boʻlmoqda. Bu suvga boʻlgan talabning oʻsishiga olib kelayotgani hammaga ravshan.
Bundan tashqari, suvdan tejab-tergab foydalanmaslik, isrofgarchilikka yoʻl qoʻyilayotgani ham suv tanqisligining kelib chiqishiga sabab boʻluvchi omillardir.
Hozir ayni kunda tumanimiz dehqonlari kuzgi-qishki shoʻr yuvishni davom ettirmoqdalar. Kelgusi yil hosili uchun muhim boʻlgan bu tadbirni amalga oshirish jarayonida Amudaryomizning zilol suvlari isrof boʻlayotgan hollarga ham duch kelamiz. Bu arzimasdek koʻrinsa-da, aslida bebaho boyligimizning uvol boʻlayotganidir.
Dunyoda necha millionlab aholi chuchuk suv tanqisligidan aziyat chekayotgan davrda biz bundan tegishli xulosa chiqarib, tabiiy suv zaxiralarimizdan tejab-tergab foydalanishimiz lozim.
Nusrat KAMOLOV,
76-sonli maktab oʻqituvchisi.
(Foto - http://tashkent.uz)

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶